Mambetjanov Qahramon Qurbandurdievichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Milliy hisoblar tizimida yalpi ichki mahsulotni hisoblash usullarining nazariy asoslarini takomillashtirish”, 08.00.01–Iqtisodiyot nazariyasi (iqtisodiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Iqt110.

Ilmiy maslahatchi: Shodmonov Sherqul Shodmonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.30.05.2018.I.01.11.

Rasmiy opponentlar: G‘ulomov Saidahror Saidaxmedovich, akademik, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Vaxabov Abduraxim Vosiqovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Rasulova Dilfuza Valievna, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: respublikada milliy hisoblar tizimi asosida YaIMni qo‘shilgan qiymat va xarajatlar bo‘yicha hisoblash usullarini takomillashtirish yuzasidan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

YaIMni qo‘shilgan qiymatlar bo‘yicha hisoblash usuli aholiga ko‘rsatilayotgan nobozor xizmatlari, xususan, ta’lim, tibbiyot va shu kabi ijtimoiy xizmatlar hajmini shartli ravishda bozor narxlarida hisobga olish orqali takomillashtirilgan;

YaIMning tarkibiy qismi bo‘lgan asosiy kapital iste’molini hisoblash usuli “uzluksiz inventarizatsiya usuli”ni makrodarajada qo‘llash asosida takomillashtirilgan;

YaIM o‘sish sur’atlarini mamlakatning real ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqqan holda sekinlashgan, mo‘’tadil, o‘rtacha, barqaror darajalarga ajratish mezonlari ishlab chiqilgan;

YaIMni xarajatlar bo‘yicha hisoblash usuli aholining yakuniy iste’mol  xarajatlari tarkibiga uzoq muddat iste’mol qilinadigan buyumlar, ayniqsa, uy-joy va boshqa ko‘chmas mulkning to‘liq qiymatini emas, balki ma’lum qismini kiritish asosida takomillashtirilgan;

YaIMni xarajatlar bo‘yicha hisoblash usuli sof xarid qilingan qimmatbaho  buyumlar, ilmiy tadqiqot va mudofaa sarflari qiymatini yalpi jamg‘arma tarkibiga kiritish asosida takomillashtirilgan;

iqtisodiy amaliyotga diskret yondashuvni mavsumiylik, siklik va noodatiy komponentlarga bo‘lgan holda joriy qilish asosida choraklar bo‘yicha YaIMni hisoblash usuli takomillashtirilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

YaIMni hisoblash uslubiyatini takomillashtirishning nazariy jihatlaribo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:

YaIMni qo‘shilgan qiymatlar bo‘yicha hisoblash usulini aholiga ko‘rsatilayotgan nobozor xizmatlari, xususan, ta’lim, tibbiyot va shu kabi ijtimoiy xizmatlar hajmini shartli ravishda bozor narxlarida hisobga olish orqali takomillashtirish bo‘yicha berilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida YaIM tarkibida qo‘shilgan qiymatlar unsurlarini hisob-kitob qilish jarayonida amaliyotga tatbiq qilingan  (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2019 yil 9 yanvardagi NB-1-8/20-5-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida respublikada YaIM tarkibiy qismlarini yanada aniq va to‘liq hisoblashga, nobozor xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlarning inqirozga uchrashi va byudjet mablag‘lari samarasiz sarflanishining oldini olishga hamda YaIM hajmini to‘liqroq aks ettirishga erishilgan;

YaIMning tarkibiy qismi bo‘lgan asosiy kapital iste’molini hisoblash usulini “uzluksiz inventarizatsiya usuli”ni makrodarajada qo‘llash asosida takomillashtirish bo‘yicha berilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasida mamlakatda asosiy kapitaldan foydalanish darajasini hisoblash jarayonida amaliyotga tatbiq qilingan  (O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining 2018 yil 29 noyabrdagi 01/1-03-17/2-59-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida mamlakatda ishlab chiqarish jarayonida foydalanilayotgan asosiy kapital iste’moli darajasini aniqroq hisoblashga, iqtisodiyot tarmoq va sohalarida asosiy vositalarning haqiqiy eskirganlik darajasini aniqlashga, investisiyalar samaradorligini real baholashga, takror ishlab chiqarish jarayonining holatini chuqur tahlil qilishga, asosiy kapital iste’molini “uzluksiz inventarizatsiya usuli” bo‘yicha hisoblashga erishilgan;

YaIM o‘sish sur’atlarini mamlakatning real ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqqan holda sekinlashgan, mo‘’tadil, o‘rtacha, barqaror darajalarga ajratish bo‘yicha taklif qilingan mezonlardan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida  mamlakatda YaIM hajmi va o‘sish sur’atlarining eng yuqori va eng quyi chegarasini belgilash jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2019 yil 9 yanvardagi NB-1-8/20-5-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida respublikada YaIMning o‘sish sur’atlari va iqtisodiyotning diversifikatsiyalashganlik darajasi mezonlari hamda mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining kelgusi davrlarga mo‘ljallangan prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan;

YaIMni xarajatlar bo‘yicha hisoblash usulini aholining yakuniy iste’mol xarajatlari tarkibiga uzoq muddat iste’mol qilinadigan buyumlar, ayniqsa, uy-joy va boshqa ko‘chmas mulkning to‘liq qiymatini emas, balki ma’lum qismini kiritish asosida takomillashtirishga oid ilmiy taklif va tavsiyalar 5A230101–“Iqtisodiy nazariya” mutaxassisligi uchun “O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasi” fanidan darslikka kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018  yil 25 avgustdagi 744-buyruq, 744-031-son guvohnomasi). Ilmiy natijalardan darslikda foydalanish YaIMni xarajatlar bo‘yicha hisoblash usulini takomillashtirish maqsadida aholining yakuniy iste’mol xarajatlari tarkibiga uzoq muddat iste’mol qilinadigan buyumlar qiymatining barchasini emas, balki ma’lum bir qismini, ya’ni, shu yilda iste’mol qilinadigan qismini hisobga olishning ob’ektiv zarurligi, iqtisodiy samardorligi, mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi va o‘sish sur’atlariga ta’sirini ochib berishga xizmat qilgan;

yalpi ichki mahsulotni xarajatlar bo‘yicha hisoblash usulini sof xarid qilingan qimmatbaho buyumlar, ilmiy tadqiqot va mudofaa sarflari qiymatini yalpi jamg‘arma tarkibiga kiritish asosida takomillashtirish bo‘yicha berilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida YaIMning xarajatlar bo‘yicha tarkibini optimallashtirish va ularning ulushini hisoblash jarayonida amaliyotga tatbiq qilingan (O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vazirligining 2019 yil 9 yanvardagi NB-1-8/20-5-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida respublikada YaIM tarkibida qimmatbaho buyumlarning hisobga olinishi, ilgari oraliq iste’mol sifatida qaralayotgan ilmiy tadqiqot va mudofaa xarajatlarining yalpi jamg‘arma tarkibiga kiritilishi evaziga mamlakatda YaIM xajmi va o‘sish sur’atlari oshishiga erishilgan;

iqtisodiy amaliyotga diskret yondashuvni mavsumiylik, siklik va noodatiy komponentlarga bo‘lgan holda joriy qilish asosida choraklar bo‘yicha YaIMni hisoblash usulini takomillashtirishga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasida YaIMni choraklar bo‘yicha hisoblash jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining 2018 yil 29 noyabrdagi 01/1-03-17/2-59-son ma’lumotnomasi).  Ushbu ilmiy taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida mamlakatda sof choraklik ko‘rsatkichlarni o‘tgan davrlarning mos choragi bilan  taqqoslashga,  ma’lumotlarning yuqori tahliliy ahamiyatga ega bo‘lishiga, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar sifatining oshishiga, iqtisodiy sikl va qisqa muddatli o‘zgarishlarni kuzatish imkoniyatining paydo bo‘lishiga, makroiqtisodiy prognozlashtirish va modellashtirish hamda mavsumiylik dinamikasini tadqiq qilish imkoniyatining vujudga kelishiga, iqtisodiyotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni oldindan  aniqlashga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish