Maxmudov Akbar Abduxamidovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy resurslarni boshqarish mexanizmini takomillashtirish», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Iqt155.
Ilmiy rahbar: Karimov Norboy Ganievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, DSc.27.06.2017.I.16.03.
Rasmiy opponentlar: Toshmurodova Buvsara Egamovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xolmo‘minov Shuxrat Shoyzoqovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy resurslarni shakllantirish va boshqarish mexanizmini takomillashtirish yuzasidan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida jalb etilgan mablag‘lar hisobidan ish haqi fondining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorida boshqaruv, professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, o‘quv yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni maxsus rag‘batlantirish fondini shakllantirish taklifi asoslangan;
to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar tomonidan yillik belgilangan summaning oldindan va to‘liq to‘lovi amalga oshirilganda mamlakatda ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorining eng kam ish haqi miqdoriga muvofiq o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan qo‘shimcha to‘lovlardan ozod etish tartibi takomillashtirilgan;
oliy ta’lim muassasalarining IV guruh smeta xarajatlaridan kommunal xizmatlar, saqlab turish va joriy ta’mirlash, moddiy aylanma vositalar zaxiralariga xarajatlar hamda tovar-xizmatlarini sotib olish uchun boshqa xarajatlar tarkibidagi moddalarni bir moddada aks ettirish, shuningdek, mazkur moddalar kesimida mablag‘larni bir- biridan o‘tkazish vakolatini oliy ta’lim muassasasi rahbariga berish taklifi asoslangan;
oliy ta’lim muassasasi faoliyatiga “kraudfanding” texnologiyasini tatbiq etish orqali moliyaviy resurslarni diversifikatsiyalash mexanizmi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy resurslarni boshqarish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida jalb etilgan mablag‘lar hisobidan ish haqi fondining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorida boshqaruv, professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, o‘quv yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni maxsus rag‘batlantirish fondini shakllantirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 17 oktyabrdagi 87-04-1585-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifni oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga tatbiq etish kelgusida oliy ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada rivojlantirishga hamda xodimlar qo‘nimsizligi darajasini kamaytirishga xizmat qilgan;
to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar tomonidan yillik belgilangan summani yangi o‘quv yilining 1 oktyabrigacha 100 foiz miqdorida oldindan to‘lov amalga oshirilganda O‘zbekiston Respublikasida ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori (eng kam ish haqi miqdori baravariga) o‘zgarishi natijasida qo‘shimcha to‘lanadigan to‘lovlardan ozod etish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 17 oktyabrdagi 87-04-1585-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning oliy ta’lim muassasalari amaliy faoliyatiga joriy etilishi to‘lov-kontraktlar summasining o‘zgarishi bilan bog‘liq holda qo‘shimcha to‘lovlarning vujudga kelishi, kredit shartnomasiga tegishli o‘zgartirishlarning kiritilishi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining o‘zgarishi bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarning yuzaga kelishining oldini olgan;
oliy ta’lim muassasalarining IV guruh smeta xarajatlaridan kommunal xizmatlar, saqlab turish va joriy ta’mirlash, moddiy aylanma vositalar zaxiralariga xarajatlar hamda tovar-xizmatlarini sotib olish uchun boshqa xarajatlar tarkibidagi moddalarni bir moddada aks ettirish, shuningdek, mazkur moddalar kesimida mablag‘larni bir- biridan o‘tkazish vakolatini OTM rahbariga berish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 17 oktyabrdagi 87-04-1585-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning OTMlar faoliyatiga tatbiq etilishi kelgusida oliy ta’lim muassasalarining ichki moliyaviy imkoniyatlarini yanada kengaytirib, OTM rahbarlari vakolatlari va majburiyatlarini oshirgan;
oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga “kraudfanding” texnologiyasini tatbiq etish orqali moliyaviy resurslarni diversifikatsiyalash mexanizmini takomillashtirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 17 oktyabrdagi 87-04-1585-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni OTM amaliy faoliyatiga joriy etish moliyaviy resurslarni shakllantirish manbalarini diversifikatsiyalash bilan bir qatorda, OTM faoliyatining keng jamoatchilik oldidagi shaffofligini ta’minlash, olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarining ahamiyatini aholi o‘rtasida targ‘ib etish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqadorlikni ta’minlash, mazkur tizimni keng jamoatchilikning moliyaviy ishtiroki orqali takomillashtirish imkonini bergan.