Erkaboev Ulugbek Inayatillaevichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tashqi maydonlar ta’siridagi yarimo‘tkazgichli strukturalarda kvant ossillyasiya hodisalari», 01.04.10–Yarim o‘tkazgichlar fizikasi (fizika-matematika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/FM128.

Ilmiy maslahatchi: Gulyamov Gafur, fizika-matematika fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, Andijon davlat universiteti, DSc.31.01.2019.FM/T.03.05.

Rasmiy opponentlar: Gurevich Yuriy Genrixovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor;  Rasulov Rustam Yavkachovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Ayuxanov Rashid Axmedovich, fizika-matematika fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: tashqi maydonlar ta’siridagi yarimo‘tkazgichli strukturalarda kvant ossillyasiya hodisalarining haroratga bog‘liqligini matematik modellashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor tor zonali yarimo‘tkazgichlarda bo‘ylama elektr o‘tkazuvchanlik ossillyasiyasining haroratga bog‘liqligini Landau sathlarining termik kengayishi bilan hisoblash mumkinligi asoslangan;

kvantlovchi magnit maydonda tor zonali yarimo‘tkazgichlarning magnit maydon singdiruvchanligi ossillyasiyasi uchun umumiy matematik ifoda keltirib chiqarilgan;

Fermi-Dirak funksiyasidan energiya bo‘yicha olingan hosila Lorens va Gauss taqsimot funksiyalari yordamida tor zonali yarimo‘tkazgichlarda spektrli holatlar zichligi ossilyasiyasining haroratga bog‘liqligini tasdiqlovchi ifodalar echimi aniqlangan;

ilk bor yarimo‘tkazgichlarda Shubnikov-de Gaaz ossillyasiyasining haroratga bog‘liqligiga kuchli mikroto‘lqinli elektromagnit maydon ta’sirini aniqlashning matematik modeli ishlab chiqilgan;

yarimo‘tkazgichli strukturalarda mikroto‘lqinli yutilish ossillyasiyasini yuqori haroratlarda aniqlash mexanizmi matematik model asosida ishlab chiqilgan;

kuchli mikroto‘lqinli nurlanish va yorug‘lik ta’siridagi diodning ichki qarshiligi va elektr yurituvchi kuchining tashqi kuchlanish va tokka bog‘liqligini hisoblovchi matematik ifoda keltirib chiqarilgan;

turli haroratlardagi p-n-o‘tishlarda elektronlarning issiqlik harakati natijasida valent zonadan kirishma atomlari sathga o‘tishi bilan kelib chiqadigan fototoklarni hisoblash usuli ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Tashqi maydonlar ta’siridagi yarimo‘tkazgichli strukturalarda kvant ossillyasiya hodisalarini tatbiq etish natijalari asosida:

kuchli mikroto‘lqinli maydon ta’siridagi yarimo‘tkazgichli strukturalarda Shubnikov-de Gaaz ossillyasiyasini hisoblashning matematik modellari «Izolyator– metall fazoviy o‘tish yaqinidagi nomagnit yarimo‘tkazgichlarda aralashma spinlarining antiferromagnit va ferromagnit tartiblanishi» ilmiy loyihasida magnitoqarshilik ossillyasiyasini haroratga bog‘liqligini aniqlashda foydalanilgan (Rossiya Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutining 2019 yil 20 fevraldagi 11217-23/9311-19-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish tor zonali yarimo‘tkazgichlarda mikroto‘lqinli nurlanish yutilishi ossillyasiya jarayonini yuqori haroratda kuzatish imkonini bergan;

tor zonali yarimo‘tkazgichlarda bo‘ylama elektr o‘tkazuvchanligi ossillyasiyasining haroratga bog‘liqligini modellashtirishda olingan natijalar «Kichik o‘lchamli yarimo‘tkazgichlarda ko‘chish hodisalari» ilmiy loyihasida yuqori haroratlardagi kvant ossillyasiya hodisalarini aniqlashda foydalanilgan (Meksika Milliy politexnika institutining 2019 yil 14 fevraldagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish nanoo‘lchamli yarimo‘tkazgichlarda ossillyasiya hodisalarini yuqori harorat va kuchsiz magnit maydonlarida kuzatish imkonini bergan;

yarimo‘tkazgichlarda de Gaaz-van Al`fen ossillyasiyasini tashqi maydonlarga bog‘liqligini modellashtirishda olingan natijalar  «Asimmetrik nanostrukturalarda yorug‘lik ta’sirida induksiyalangan effektlar» ilmiy loyihasida magnit maydon singdiruvchanligi ossillyasiyasiga haroratning ta’sirini aniqlashda foydalanilgan (Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi institutining 2019 yil 6 martdagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish de Gaaz-van Al`fen effekti amplitudasini haroratga bog‘liqligini aniqlash imkonini bergan;

kuchli o‘ta yuqori chastotali elektromagnit maydon ta’siridagi r-n-o‘tishlarni vol`t-amper xarakteristikasiga bog‘liq natijalari  «Katta amplitudali tashqi kogerent va shovqinli g‘alayonlanishlarning nochiziqli yarimo‘tkazgichli tuzilmalarga ta’siri» ilmiy loyihasida manbaning elektr yurituvchi kuch va ichki qarshiliklarning dioddan o‘tayotgan tokka bog‘liqligini aniqlashda foydalanilgan (Rossiya Fanlar akademiyasi Dog‘iston ilmiy markazi Fizika institutining 2019 yil 5 martdagi  17241/21-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanishda kuchli elektromagnit to‘lqinning ta’sirida r-n o‘tish tokka bog‘liq bo‘lgan elektr yurituvchi kuch manbaini aniqlash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish