Qodirov Baxtiyorjon Gulmuxammadovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sholining sho‘rlanishga chidamli navlarini tanlash», 06.01.08–O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Qx45.

Ilmiy rahbar: Tellyaev Rixsivoy Shamaxamadovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.

Rasmiy opponentlar: Ostonaqulov Toshtemir Eshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Abduraxmonov Sodiqjon Obidovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.

Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona viloyatining turli darajada sho‘rlangan tuproqlari sharoitida maqbul o‘sib, rivojlanib, yuqori hosil bera oladigan, turli darajadagi sho‘rlanishga chidamli sholi navlarini tanlash, ularni oqilona joylashtirish tartibini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor Farg‘ona viloyatining turli darajada sho‘rlangan tuproq sharoitlariga mos 25 ta sholi navlaridan 9 ta yuqori va sifatli hosil olish mumkin bo‘lgan rayonlashtirilgan sholi navlari tanlab olingan;

sholi navlari urug‘larini unib chiqishi, o‘sib-rivojlanish davomiyligi, ko‘chat qalinligi va o‘rimgacha saqlanish darajasi, biometrik, hosildorlik va don sifat ko‘rsatkichlariga turli darajadagi sho‘rlanish ta’siri aniqlangan;

sho‘rlangan erlarda sholi etishtirish agrotexnologiyasiga asoslanib, sho‘rlanmagan va kuchsiz darajada sho‘rlangan tuproqlarda sholining o‘rtapishar “Avangard”, “Iskandar”, “Ilg‘or” navlari va kechpishar “Mustaqillik”, “Lazurniy”, “UzROS-7-13” navlarini etishtirish imkoniyatlari aniqlangan;

o‘rtacha hamda kuchli darajada sho‘rlangan tuproqlarda esa ertapishar navlar guruhidan “Nukus-2”, “Navbahor”, “Sanam” navlari, o‘rtapishar guruhidan “Iskandar” va kechpishar guruhidan “Lazurniy” navlarini, juda kuchli darajada sho‘rlangan tuproqlarda faqat ertapishar “Navbahor” navini ekib etishtirish mumkinligi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Sholi navlarining turli darajada sho‘rlangan och tusli bo‘z tuproqlar sharoitida sho‘rlanishga chidamliligi va chidamli navlarni tanlash, oqilona joylashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida;

sholichilikka ixtisoslashgan fermer va tomorqa xo‘jaliklari uchun “O‘zbekistonning turli mintaqalarida sholi etishtirish”, “Sholichilikda suvdan tejab foydalanish”, “Xorazm viloyatida suv taqchilligi sharoitida sholi etishtirish” bo‘yicha tavsiyanomalar tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 26 iyundagi 02/21-164-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanomalar sholichilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida tuproqlarning sho‘rlanish holatiga qarab, sholi navlarini tabaqalashtirib joylashtirilishi uchun xizmat qilgan;

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanining o‘rtacha hamda kuchli darajada sho‘rlangan tuproqlarida sholining ertapishar navlar guruhiga mansub “Nukus-2”, “Navbahor”, “Sanam” navlari, o‘rtapishardan “Iskandar” va kechpishardan “Lazurniy” navlari 307,5 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 26 iyundagi 02/21-164-son ma’lumotnomasi). Natijada sholining “Nukus-2” va “Iskandar” navlaridan gektaridan 35,6 sentner sholi hosili olishga erishilgan;

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanining juda kuchli sho‘rlangan maydonlarida sholining “Navbahor” navini etishtirish agrotexnologiyasi jami 211,5 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 26 iyundagi 02/21-164-son ma’lumotnomasi). Natijada har bir gektar maydondan 37,8 sentner sholi don hosili olingan, sof foyda 848781 so‘mni tashkil etgan va sarflangan har bir so‘m evaziga 31,7–44 foiz qo‘shimcha foyda olish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish