Mamayusupov Umid Qurbonovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bashoratning nazariy-metodologik asoslari va uning ilmiy bilishdagi o‘rni», 09.00.01–Ontologiya, gnoseologiya va mantiq (falsafa fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fa113.

Ilmiy rahbar:  Tulenova Karima Jandarovna, falsafa fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.G‘.01.05.

Rasmiy opponentlar: Davronov Ziyodulla, falsafa fanlari doktori, professor; To‘ychiev Berdiqul To‘raqulovich, falsafa fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: ilmiy bilish rivojida bashoratning falsafiy-metodologik o‘rni va imkoniyatlarini zamonaviy konseptual qarashlar asosida ochib berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

«bashorat» tushunchasining falsafiy mazmuni va namoyon bo‘lish shakllari tadqiq etilib, uning hozirgi zamondagi (ekstrapolyasiya, tarixiy analogiya, modellashtirish, ekspertiza usulida baholash, kelajak ssenariylari ijtimoiy hodisalarni kompyuter orqali na’munalashtirish, ekspert baholash) o‘ziga xos xususiyatlari ochib berilgan;

«ilmiy bashorat» haqidagi qarashlar genezisining nazariy-metodologik asoslari  o‘rganilib, ratsional (ilmiy, empirik va innovatsion texnologiyalar imkoniyatiga asoslanish) va noratsional (hayotiy tajribaga asoslangan bashoratlar, intuisiya, telepatiya, folbinlik, diniy mistik) bashoratlarning kelajakni bilishdagi imkoniyatlari asoslangan;

nochiziqli ijtimoiy taraqqiyotni ilmiy bashorat qilishda sinergetik yondashuvning o‘z-o‘zini tashkil etish xususiyatlari ochib berilgan;

ilmiy bashorat – O‘zbekiston istiqbolini (barcha sohalar joriy yillik xalqaro reyting va indekslar natijalarini muntazam tahlil qilish asosida) belgilash va xalqimizning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishning muhim konseptual omili ekanligi asoslangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Bashoratning nazariy metodologik asoslari va uning ilmiy bilishdagi o‘rni yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy-falsafiy takliflar asosida:

«ilmiy bashorat» tushunchasining falsafiy mazmuni va namoyon bo‘lish shakllari, uning hozirgi zamondagi o‘ziga xos xususiyatlari tahliliga oid xulosalaridan 2016 yilda chop etilgan «Ijtimoiy falsafa» nomli o‘quv qo‘llanmasining «Jamiyat yaxlit sifatida», «Jamiyatning ma’naviy hayoti», «Fuqarolik jamiyati», «Ijtimoiy bilish, jamiyatni ilmiy bilish va boshqarish» deb nomlangan mavzularini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 26 maydagi 89-03-2057-son ma’lumotnomasi). Ilgari surilgan ilmiy xulosalar o‘quv qo‘llanmani nazariy-metodologik asoslar bilan boyitishga xizmat qilgan;

«ilmiy bashorat» haqidagi qarashlar genezisining zamonaviy fan nuqtai nazaridan yutuq va kamchiliklari, nazariy-metodologik asoslariga oid xulosalardan «Ekologik harakat»ning 2017 yilga mo‘ljallangan harakat dasturi IV «Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, ekologik ta’lim va tarbiya tizimini rivojlantirish» bobining 81, 85, 88-bandlari ijrosini ta’minlashda foydalanilgan, shuningdek ratsional va irratsional bashorat shakllari qiyosiy o‘rganilishi hamda nochiziqli ijtimoiy jarayonlarni ilmiy bashorat qilishda sinergetik yondashuvning o‘ziga xos xususiyatlariga oid xulosalar va takliflardan O‘zbekiston Ekologik harakatining ilmiy-amaliy tadbirlarini tashkil etishda joriy etilgan («Ekologik xarakat»ning 2017 yil 21 dekabrdagi 12/509 son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur takliflarning amaliyotda qo‘llanilishi yoshlarda ekologik ongini yanada rivojlantirishga oid ishlar samaradorligiga erishish imkonini bergan;

ilmiy bashorat – O‘zbekiston istiqbolini belgilash va xalqimizning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishning muhim konseptual omili ekanligiga oid xulosalaridan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2017–2018 yillardagi chora-tadbirlar dasturining «Ilmiy-nazariy, metodik yordam ko‘rsatish va ilmiy tadqiqotlar» nomli 1-bobning 16-bandi hamda «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi»da belgilangan vazifalarni amalga oshirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlashda davlat boshqaruv tizimini isloh qilish, davlat va jamiyat qurilish hamda jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirishga doir ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etish, uslubiy tavsiyalar, dasturlar hamda qo‘llanmalar yaratish» bandi ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2017 yil 20 oktyabrdagi 02/03-958-son ma’lumotnomasi). Ilmiy takliflarning amaliyotda joriy etilishi xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod «Ommaviy madaniyat»ning salbiy oqibatlari jamiyat kelajagiga qanchalar salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini teranroq anglashiga, ularning ijtimoiy-siyosiy qarashlari faollashuviga, daxldorlik tuyg‘ularining mustahkamlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan;

ilmiy bashorat haqidagi sinergetik yondashuvning o‘z-o‘zini tashkil etish xususiyati va nazariy-metodologik asoslariga oid xulosalardan “Ta’lim muassasalarida hamkorlik asosida pedagogik faoliyatni rivojlantirish” mavzusidagi amaliy loyihada  foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 19 martdagi 89-03-1085-son ma’lumotnomasi). Ilgari surilgan ilmiy xulosalar uzluksiz ta’lim tizimida pedagogik faoliyat istiqbolini keng tahlil qilishga hamda monografiyani nazariy-metodologik asoslar bilan boyitishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish