Axmedjanov Asam Nezamovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G.hirsutum L., G.barbadense L. turlarining belgi ko‘rsatkichlaridan foydalanib yaratilgan turli iqlim sharoitlariga mos yangi g‘o‘za navlarini joriy etish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Qx120.
Ilmiy maslahatchi: Madartov Baxrom Kuvandikovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: g‘o‘zaning «Ishonch» navi (NAR 00214), g‘o‘zaning «Zafar» navi (NAR 00219) va g‘o‘zaning «Zangi-Ota-2» navi (NAR 00217).
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2019 yil 13 fevraldagi 01-11/388, 01-11/389 va 01-11/390-son xulosalari.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘zaning G.hirsutum L. va G.barbadense L. turlarining tur doirasida va turlararo duragaylash asosida yaratilgan turli iqlim sharoitlariga moslashgan yangi tezpishar, hosildor, kasalliklarga bardoshli, tola sifati yuqori bo‘lgan navlarni yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor g‘o‘zaning geografik kelib chiqishi uzoq bo‘lgan namunalarni duragaylash asosida olingan yuqori avlod duragay populyasiyasida qimmatli xo‘jalik belgilarining o‘zgaruvchanligi hamda ular orasidagi o‘zaro bog‘liqliklar aniqlangan;
turlararo (G.hirsutum L. va G.barbadense L.) duragaylarining irsiylanishi va o‘zgaruvchanligini tahlil qilish asosida suv tanqisligi va sho‘rhoklikka chidamli g‘o‘zaning «Ishonch» navi yaratilgan;
turli ekstremal sharoitlarda hosildorlik, tezpisharlik, kasallikka bardoshlilik kabi qimmatli xo‘jalik belgilarini va tolaning sifat ko‘rsatkichlarini barqaror saqlab qoladigan genotipi boyitilgan donor tizmalar (L-214 va L-170) olingan hamda ular asosida g‘o‘zaning yangi
«Zangi-Ota-2» navi yaratilgan;
donor tizmalar g‘o‘zaning qimmatli xo‘jalik belgilarini yaxshilash va yangi navlarni yaratishda boshlang‘ich manba sifatida foydalanish uchun g‘o‘za gen plazmasi bo‘yicha noyob ob’ektga ya’ni genofond kolleksiyasiga taqdim etilgan;
genotipi boyitilgan L-340, L-214, L-170 va L-118 donor tizmalar asosida qimmatli-xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan ertapishar, serhosil, kasallik va qurg‘oqchilikka chidamli, tola sifati va chiqimi yuqori bo‘lgan «Ishonch», «Zafar» va «Zangi-Ota-2» navlariga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining seleksiya yutug‘iga patentlar (NAR 00214, NAR 00217, NAR 00219) olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘zaning G.hirsutum L. va G.barbadense L. turlarining belgi ko‘rsatkichlaridan foydalanib yaratilgan turli iqlim sharoitlariga mos yangi g‘o‘za navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
qimmatli-xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan ertapishar, serhosil, kasallik va qurg‘oqchilikka chidamli, tola sifati va chiqimi yuqori bo‘lgan «Ishonch», «Zafar» va «Zangi-Ota-2» navlariga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining seleksiya yutug‘iga patentlari olingan (NAR 00214, NAR 00217, NAR 00219). Natijada mazkur g‘o‘za navlari turli ekstremal sharoitlarda hosildorlik, tezpisharlik, kasallikka bardoshlilik kabi qimmatli xo‘jalik belgi ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lganligi bois respublikaning paxtachilik fermer xo‘jaliklarida jami 7240 gektar paxta maydonlariga ekilmoqda;
g‘o‘zaning «Ishonch» navi Qashqadaryo viloyatiga istiqbolli nav sifatida qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun davlat reestriga kiritilgan hamda ushbu g‘o‘za Qashqadaryo viloyati Kasbi, Koson, Qamashi va Mirishkor tumanlarida 2011-2019 yillarda 6800 gektar paxta maydoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 4 martdagi 02/020-125-son ma’lumotnomasi). Natijada yangidan yaratilgan o‘rta tolali g‘o‘zaning «Ishonch» navi Kasbi va Koson tumanlarida gektaridan o‘rtacha 38,0-42,0 sentner paxta hosili olingan va tola chiqimi andoza navlarga nisbatan o‘rtacha 2,7-3,1 foizga oshish imkoni yaratilgan;
g‘o‘zaning «Zangi-ota-2» navi urug‘lari Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi PSUEAITI tajriba stansiyasida, Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining «Zangi-ota» tajriba stansiyasida ekib ko‘paytirilgan hamda ushbu g‘o‘za navi 2015-2019 yillarda Toshkent, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi elita urug‘chilik xo‘jaliklarining 320 gektar paxta maydoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 4 martdagi 02/020-125-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ushbu g‘o‘za navini Respublikaning janubiy va markaziy mintaqalar sharoitida paxtachilik fermer xo‘jaliklarida ekish uchun zarur miqdordagi urug‘lik chigitlari ko‘paytirishga erishilgan;
o‘rta tolali g‘o‘zani «Zafar» navining elita urug‘chilik ishlari olib borilgan va 2019 yildan ushbu g‘o‘za navini «Farg‘ona Aseana tekstil» MChJ klaster korxonasining 120 gektar paxta maydoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 4 martdagi 02/020-125-son ma’lumotnomasi). Natijada andoza navga nisbatan gektaridan o‘rtacha 4,0 sentner qo‘shimcha paxta hosili olingan, tola chiqimi esa 2,8 foizga oshishi imkonini bergan.