Siddiqova Shoxida Isoqovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zga gap sintaksisi va lingvopoetikasi», 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Fil648.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika instituti.

Ilmiy rahbar:  Mahmudov Nizomiddin Mamadalievich, filologiya fanlari doktori, professor.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.29.11.2018.Fil.46.03.

Rasmiy opponentlar: Hakimov Muhammad Xo‘jaxanovich, filologiya fanlari doktori, professor; Caparniyazova Muyassar, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek tilidao‘zga gaplarni badiiy matnga olib kirishning asosiy ko‘rinishlari, ularning kommunikativ-sintaktik va lingvopoetik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

o‘zbek tilshunosligida ilk marta o‘zga gapning real va noreal, dialogik ko‘chirma gaplar, bevosita va bilvosita o‘zlashtirma gaplar, odatdagi va kiritmali o‘ziniki bo‘lmagan ko‘chirma gaplar turlari aniqlangan;

o‘ziniki bo‘lmagan ko‘chirma gaplar shakliy-grammatik belgisining aniq emasligi va nostandartligi isbotlangan;

o‘zga gap ishtiroki matnda ko‘p ovozlilikni yuzaga keltirishi, o‘zga gap ko‘rinishlarida sub’ektlar faollik darajasining har xilligi, badiiy matnda sub’ektlar kommunikativ munosabatlarining hamkorligi kuzatilishi ochib berilgan;

badiiy matnda o‘z va o‘zga gap hamkorligi o‘ziga xos lingvopoetik qimmat bilan namoyon bo‘lishi, o‘zga gap tushunchasi matnga oid tushuncha bo‘lganligi uchun uni faqat gap doirasida aniqlab bo‘lmasligi asoslangan;

o‘ziniki bo‘lmagan ko‘chirma gaplarning odatdagi o‘ziniki bo‘lmagan ko‘chirma gap va kiritmali o‘ziniki bo‘lmagan gapning lisoniy-lingvopoetik tabiati ilk bor ochib berilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘zga gap sintaksisi va lingvopoetikasi mavzusida olib borilgan tadqiqotlar asosida:

o‘zga gapning matnga xos tushuncha ekanligidan uni gap doirasidagina o‘rganib bo‘lmasligi,  derivatsion jarayon orqali nutqning muayyan birligi asosida yangisining yaratilishi borasidagi fikrlaridan, derivatsiya sintaktik sathda so‘z birikmasi, gap va matnning mazmuniy mohiyati o‘zgarishi natijasida yangi sintaktik konstruksiyaning yasalishini bildirishini dalillashda Samarqand davlat chet tillar institutida 2007–2011 yillarda bajarilgan OT-F8-062 raqamli “Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari” mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 6 martdagi 89-03-935-son ma’lumotnomasi). Natijada til taraqqiyoti derivatsion qonuniyatlarining sintaktik birliklar hosil bo‘lishidagi amal qilish haqidagi qarashlar takomillashgan;

tadqiqotchining murakkab mazmunni soddalashtirish mumkinligi, qipchoq lahjasida ayrim tovushlarning qattiq aytilishi, jarangli tovushlarning jarangsizlashuvi, jarangsiz undoshlarning jaranglilashuvi, bir sirg‘aluvchi undoshning boshqa sirg‘aluvchi yoki qorishiq undoshga o‘tishi, masalan, “ng” tovushining “ng‘” tarzida, “g‘”ning “y” tarzida, “y”ning “j” tarzida o‘zgarishi borasidagi qarashlaridan O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida 2012–2016 yillarda bajarilgan F1-FA.2012–1–8 raqamli “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni tekstologik o‘rganish masalalari” mavzusidagi fundamental loyihasining 1-, 2-, 3-jildlarini tekstologik o‘rganish va nashrga tayyorlash “Alpomish”, “Qironxon”, “Yusuf va Ahmad” dostonlarini tekstologik tadqiq qilish hamda nashrga tayyorlashda ilmiy-nazariy manba sifatida foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2019 yil 24 apreldagi 3/1255-1251-son ma’lumotnomasi). Natijada jiyib so‘zidagi “y”ning “j”, “g‘”ning “y”ga, “b”ning “p”ga o‘zgarishi kabi fonetik o‘zgarishlarning qipchoq lahjasiga xos xususiyat ekanligini asoslashga va bu orqali dostonlar matnidagi ko‘chirma gapli qo‘shma gaplardagi xalqona ifodani saqlab qolishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish