Musajanova Ra’no Anvarbekovnaning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalarda surunkali pastki nafas yo‘llari kasalliklari (uchrash darajasi, tashxisi, davolashni takomillashtirish)», 14.00.09–Pediatriya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Tib65.
Ilmiy maslahatchi: Shamsiev Furqat Muxitdinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, DSs.27.06.2017.Tib.29.01.
Rasmiy opponentlar: Shamsiev Fazlitdin Sayfutdinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Bobomuratov Turdiqul Akramovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Xodjimetov Abdugafur Axatovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: NAJ Ostona tibbiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bolalarda surunkali pastki nafas yo‘llari kasalliklarining uchrash darajasi, ularning klinik-biokimyoviy, immunologik va psixologik xususiyatlarini aniqlash hamda kasallikning rivojlanishini oldini olishga qaratilgan kompleks davolash choralarini ishlab chiqishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bolalarda surunkali bronxit va bronxoektatik kasallikning shakllanishi va rivojlanishidagi muhim prognostik xavf omillari, perinatal holatlar, passiv chekish, og‘irlashgan premorbid fon, hamroh va o‘tkazilgan kasalliklar o‘rni isbotlangan;
surunkali pastki nafas yo‘llari kasalliklari bo‘lgan bemorlarning prooksidant-antioksidant tizimi holatining patogenetik ahamiyati, MDA, DK ko‘rsatkichlarining oshishi, SOD va katalaza darajasining kamayishi bronxoektazli bolalarda ko‘proq namoyon bo‘lib, ular yallig‘lanish jarayoni rivojlanishida qo‘shimcha tashxislash mezoni sifatida foydalanilishi isbotlangan;
surunkali pastki nafas yo‘llari kasalliklarida bolalarning vegetativ reaktivligiga bog‘liq holda yallig‘lanish oldi va yallig‘lanishga qarshi sitokinlar IL-1β, IL-4, IL-6, IL-8 miqdorini 1,2 barobar oshishi bilan aniqlanuvchi informativ diagnostik markerlari, shuningdek prooksidant, antioksidant tizimi va immunologik ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi ishonchli ijobiy korrelyasion aloqa aniqlangan;
surunkali bronxit va bronxoektatik kasallik bilan xastalangan bemorlarda kasallik kechishini og‘irlashtiruvchi dastlabki gipersimpatikotonik vegetativ tonusli gipersimpatikotonik va asimpatikotonik vegetativ reaktivligini ustunlik qilishi bilan tavsiflanuvchi vegetativ reaktivlikning o‘rni aniqlangan;
ilk bor surunkali bronxit va bronxoektatik kasallik bilan xastalangan bolalarning vegetativ reaktivligini hisobga olgan holda patogenetik asoslangan differensiallashgan davolash usullari takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bolalarda surunkali pastki nafas yo‘llari kasalliklarini tashhislash va davolash usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Bolalarda surunkali bronx-o‘pka patologiyasi muammosini hal etishga zamonaviy yondashuvlar» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2013 yil 25 martdagi 8m/39-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanomaning tatbiq etilishi kasallikning qaytalanish darajasini kamayishi bilan uzoq muddatli remissiyaga erishish imkonini beruvchi kasallikning klinik kechishi, biokimyoviy va immunologik ko‘rsatkichlarning yaxshilanishiga xizmat qilgan;
«Bolalarda surunkali pastki nafas yo‘llarining kasalliklarini tashxislash va davolashning komplekc usullari» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 30 iyuldagi 8n-r/210-son ma’lumotnomasi). Surunkali bronxit bilan kasallangan bemorlarda differensiallashgan davolash usulini tatbiq etish natijasida bolalarning shifoxonada bo‘lish muddatini 2 kunga qisqartirish imkonini bergan;
«Bolalarda bronxoektatik kasallikni tashxislash va davolashning zamonaviy usullari» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 30 iyuldagi 8n-r/211-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma bronxoektatik kasallik bilan xastalangan bemorlarda taklif etilgan davolash sxemasining tatbiq etilishi natijasida an’anaviy davolangan bolalar guruhiga nisbatan uzoq muddatli remissiyani deyarli 2 oyga ko‘proq cho‘zilish imkonini bergan;
surunkali bronxit va bronxoektatik kasalligi bilan kasallangan bolalarni tashxislash va davolashni takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan uslublarning ilmiy natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining pulmonologiya bo‘limiga; Toshkent shahar 3-son bolalar klinik shifoxonasiga, Jizzax, Samarqand, Toshkent, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlari bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari amaliyotlariga tatbiq qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 29 apreldagi 8n-z/55-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalarining joriy qilinishi an’anaviy davolash usullariga nisbatan kasallikni qaytalanish darajasini 2 marta qisqartirish, bolalarning hayot sifatini yaxshilash hisobiga iqtisodiy samaradorlikka imkon yaratgan.