G‘ofurov Jasur Isaqovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ustrushonaning ilk o‘rta asr qishloq makonlari(yozma va arxeologik manbalar asosida)», 07.00.06–Arxeologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Tar358.
Ilmiy rahbar: Pardaev Muxtorqul Hasanovich, tarix fanlari nomzodi.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Arxeologik tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Arxeologik tadqiqotlar instituti, DSc.27.06.2017.Tar.45.01.
Rasmiy opponentlar: Sulaymonov Rustam Hamidovich, tarix fanlari doktori, professor; Annaev To‘xtash Jo‘raevich, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Ustrushonada ilk o‘rta asr qishloq makonlari moddiy madaniyatining rivojlanish bosqichlari, hunarmandchiligi va ma’naviy hayot tarzi tarixiga oid muammolarni ochib berish va uni Markaziy Osiyo madaniyatida tutgan o‘rnini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ustrushonaning ilk o‘rta asr qishloq me’moriy qurilishida, asosan xom g‘isht, paxsa, juda kam holatda yog‘och va tosh materiallar ishlatilganligi, qurilishlar davomida har bir joyning lokal xususiyatlari (tog‘, dara, jarlik, tepalik) inshootlar loyihasi bilan uyg‘unlashtirilganligi aniqlangan;
ilk o‘rta asr qishloq qurilishi me’morchiligida qishloq makonlari IV–VI asrlarda inshootlarning markazidan o‘tuvchi “o‘q” koridor loyihasi, VII–VIII asrlarda inshootlarning perimetrlari bo‘yicha aylana yo‘lak loyihasi asosida qurilganligi aniqlangan;
Ustrushonaning ilk o‘rta asr qishloq makonlarining qurilish loyihasi, uslubiy qurilishi hamda joylashuvi asosida qishloq turar joylari murakkab, oddiy, qurama, bir va ikki qavatdan iborat 5 toifaga bo‘linishi asoslab berilgan;
ilk o‘rta asrlarda Ustrushona aholisining ma’naviy hayotida qutisimon, xum ostadonlar, qishloq uylaridagi maxsus oilaviy ibodat xonalari misolida zardo‘shtiylik, shoxli qo‘chqor haykalchalari, Qal’ayi-Qahqahadagi ikki go‘dakni emizayotgan ona bo‘ri devoriy suratlari orqali totemizm muhim o‘rin egallagani asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ustrushonaning ilk o‘rta asr qishloq makonlari tadqiq etish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ilk o‘rta asrlarda Ustrushona qishloq makonlarining evolyusiyasi va ularning Markaziy Osiyo madaniyatida tutgan o‘rni to‘g‘risidagi ma’lumotlar Arxeologik tadqiqotlar institutida bajarilgan «Markaziy O‘zbekistonning antik va o‘rta asrlardagi shahar va qishloq turmush tarzi: me’morchilik, moddiy, ma’naviy hayotdagi an’analar va o‘zaro hamkorlik» mavzuidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 4 dekabrdagi 3/1255-3174-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotlar natijalari asosida aniqlangan yodgorliklar Jizzax va Sirdaryo viloyatlari arxeologik yodgorliklari majmuasiga kiritilgan. Bunda yodgorliklarning joylashuvi va saqlanishi zamonaviy texnologiyalar yordamida xaritaga tushirilib, ularni davlat himoyasiga olish tavsiya etilgan. Natijada, Ustrushonadagi yangi arxeologik yodgorliklar hisobga olingan va hozirgi kunda ularning soni va geografik joylashuviga aniqliklar kiritildi;
Shimoli-g‘arbiy Ustrushona qishloq makonlariga oid moddiy madaniyat namunalari (kulollik buyumlari, mehnat qurollari, zeb-ziynat buyumlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari) Jizzax viloyat o‘lkashunoslik muzeyi ekspozisiyasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 15-oktyabrdagi 01-11-08-7927-son ma’lumotnomasi). Muzey eksponatlari orasidan joy olgan ushbu arxeologik artefaktlar ilk o‘rta asrlarda, Ustrushonada yashagan ajdodlarimizning turmush tarzi, xo‘jaligi, iqtisodiy-madaniy hayoti haqida muzeyga tashrif buyuruvchilarga ma’lumotlar bermoqda.