Berdibaev Maman Sultanmuratovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bo‘lajak matematika o‘qituvchilarining metodik kompetentligini rivojlantirish», 13.00.02–Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (matematika) (pedagogika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Ped381.

Ilmiy rahbar: Karlibaeva Guljaxan Ermekbaevna, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti, Urganch davlat universiteti, DSc.28.12.2017.Ped.20.02.

Rasmiy opponentlar: Qudaybergenov Karimbay Qadirbergenovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Raxmonov Istam Yariqulovich, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: bo‘lajak matematika o‘qituvchilarining metodik kompetentliligini rivojlantirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

bo‘lajak matematika o‘qituvchilarining metodik kompetentliligi (matematik va fundamental bilimlar asosida maktab matematika kursini qurish, uni kommunikatsiyalar asosida tashkil qilish, undan masalalarni hal qilishda foydalanish; pedagogik faoliyatni modellashtirish va loyihalashtirish) integrativ yondashuv asosida ta’riflarning invariant yadrosini ajratish orqali aniqlashtirilgan;

kasbiy bilim va malakalarga qo‘yiladigan umumlashma talablar (pedagogik faoliyat mazmuni va funksiyalari) kasbiy-pedagogik yo‘nalganlik konsepsiyasi asosida metodik kompetensiyalarga (kognitiv, konstruktiv-prognostik, tashkiliy-texnologik, axborot-kommunikativ, nazorat-baholash, refleksiv-analitik) ustuvorlik berish orqali takomillashtirilgan;

bo‘lajak matematika o‘qituvchilari metodik kompetentliligining rivojlanganligini baholash mezonlari (qadriyatli-motivatsiyali, kognitiv, amaliy-yo‘naltirilgan, kommunikativ-refleksiv) va darajalari (metodik bilim va malakalarning reproduktiv, funksional, individual-ijodiy) o‘quv maqsadlari taksonomiyasi asosida aniqlashtirilgan;

talabalarda metodik kompetentlilikni rivojlantirishning reproduk­tiv, funksional va tizimli metodik ta’minoti interfaol metodlar (loyihalar, organayzerlar, strategiyalar)ga mo‘ljallangan amaliy, mantiqiy va nostandart xarakterdagi masalalar (taqvim daqiqalar, masala shartini hayotiy tarzda bayon etish, sirli sonlarni tayyorlash) asosida takomillashtirilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Bo‘lajak matematika o‘qituvchisining metodik kompetentliligini rivojlantirishga doir ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:

integrativ yondashuv asosida ta’riflarning invariant yadrosini ajratish orqali aniqlashtirilgan bo‘lajak matematika o‘qituvchilarining metodik kompetentliligi bakalavriat ta’lim yo‘nalishining malaka talablari mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 7 iyuldagi 89-03-2625-son ma’lumotnomasi). Mazkur kompetensiyalar tizimi bo‘lajak matematika o‘qituvchisining metodik kompetentliligini rivojlantirish hamda o‘quv-biluv jarayonini takomillashtirish va ta’lim sifatini oshirish imkonini bergan;

kasbiy bilim va malakalarga qo‘yiladigan umumlashma talablar, kasbiy-pedagogik yo‘nalganlik konsepsiyasi asosida metodik kompetensiyalarga ustuvorlik berish orqali metodik kompetentlilikning rivojlanganligini baholash mezonlari va darajalarini ishlab chiqishga qaratilgan taklif va tavsiyalar «Bo‘lajak matematika o‘qituvchisining metodik kompetentliligini rivojlantirish» nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanma mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 26 oktyabrdagi 89-03-3649-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur metodik tavsiyalar matematikani o‘qitishning metodik ta’minotini boyitishga xizmat qilgan va bo‘lajak matematika o‘qituvchilari metodik kompetentliligining rivojlanish samaradorligi oshgan;

talabalar metodik kompetentliligini rivojlantirishning repro­duk­tiv, funksional, tizimli metodik ta’minoti, ilg‘or pedagogik tex­no­logiyalar vositasida interfaol metodlarga mo‘ljallangan amaliy, man­tiqiy va nostandart xarakterdagi masalalar bo‘yicha tavsiyalardan «Bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining zamonaviy axborot kompetentliligini rivojlantirish tamoyillarini tadqiq qilish» mavzusidagi (OT-F1-118; OT-F1-125) loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 26 oktyabrdagi 89-03-3649-son ma’lumotnomasi). Natijada axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan o‘quv jarayonida foydalanishga doir tavsiyalar talabalarning metodik kompetentliligini rivojlantirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish