Umarov Abdullo Anvarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ilmiy muassasalarning innovatsion faoliyatini rivojlantirish», 08.00.02– Makroiqtisodiyot (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Igt137.
Ilmiy rahbar: Kremkov Mixail Vital`evich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, DSc.27.06.2017. I.16.03.
Rasmiy opponentlar:Abduraxmonov Qalandar Xodjaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, akademik; Xashimova Naima Abitovna, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: iqtisodiyotning innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tishi sharoitida ilmiy-tadqiqot muassasalar innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fan sohasida innovatsion faoliyatni tashkil qilish va boshqarishning metodologik asoslari rivojlantirilgan hamda ilmiy muassasalarning innovatsion faoliyatiga ta’sir etuvchi tashqi va ichki omillar, jumladan, riskli omillar aniqlangan;
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari samaradorligi va reytingini aniqlashda sakkiz bosqichdagi ekspertizani o‘z ichiga oladigan hamda ilmiy tadqiqot muassasalari faoliyatining mutlaq ko‘rsatkichlari va ularga mos keladigan uchta nisbiy ko‘rsatkichlarning shartli ballarda ifodalangan yig‘indisiga asoslangan miqdoriy usuli ishlab chiqilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ITM innovatsion faoliyatining besh yillik davrdagi natijadorligini aniqlash asosida ilmiy muassasalarni yetakchilar, barqaror ishlovchilar va autsayderlar toifalariga tasniflash tartibi amalga oshirilgan;
ilmiy muassasalarning oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish bilan aloqalarini rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirish va transfer mexanizmlari va strukturasini takomillashtirish yo‘li bilan innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning makroiqtisodiy jarayonlardagi ishtirokini faollashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ilmiy muassasalarning innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
jahon tajribasini tahlil qilish asosida fan sohasida takomillashtirilgan innovatsion faoliyat yuritishning metodologik asoslari Fanlar akademiyasi boshqaruv Apparatining 2018 yilda «Innovatsion klaster doirasida texnologiyalar transferini rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini ishlab chiqish» nomli amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik loyihasining birinchi bosqichini ishlab chiqishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2019 yil 7 fevraldagi 01-01/705-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi ilmiy-texnik loyihaning ko‘lami va sifatini oshirishga xizmat qilgan;
«O‘zbekiston Respublikasida ITM faoliyati samaradorligini baholashni o‘tkazish haqida» nizomga ko‘rinishidagi ishlanma O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan tasdiqlangan va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2019 yil 7 fevraldagi 01-01/705-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy ishlanmaning qo‘llanilishi ITM faoliyati samaradorligini ekspert miqdoriy baholash, ularni reytingini aniqlash va kelgusida ularning barqaror ilmiy faoliyat yuritish imkoniyatini yaratgan;
ITM ilmiy-innovatsion faoliyat samaradorligini aniqlashning ishlab chiqilgan miqdoriy usuli Fanlar akademiyasida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2019 yil 7 fevraldagi 01-01/705-son ma’lumotnomasi). Uning asosida 2006–2015 yillar uchun ITM faoliyati samaradorligini baholash o‘tkazilgan va ITMning reytingi uch toifaga muvofiq tasniflangan: yetakchilar, barqaror ishlaydiganlar va autsayderlar, bu esa 2012–2016 yillarda ro‘y bergan Fanlar akademiyasi tarkibiy tuzilmasini qayta tashkil qilishga mos kelgan;
«O‘zbekistonda ilmiy-innovatsion faoliyatni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishning metodologik asoslari» yo‘riqnomasi ko‘rinishida ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi tomonidan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2019 yil 7 fevraldagi 01-01/705-son ma’lumotnomasi). Ushbu amaliy tavsiyalar ITMning ilmiy-innovatsion faoliyatini yanada rivojlantirish imkoniyatini yaratgan.