Axmadaliev Bozorboy Joboralievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «CdS tipidagi kristallar eksiton-polyariton lyuminessensiyasi spektrida fazoviy dispersiya va eksiton so‘nishi», 01.04.10–Yarimo‘tkazgichlar fizikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/FM324.
Ilmiy rahbar: Yuldashev Nosirjon Xaydarovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona politexnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.30.08.2018.FM/T.01.12.
Rasmiy opponentlar: Mamadalimov Abdug‘afir Tishabaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik; G‘ulomov Abdurasul G‘ofurovich, fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kadmiy sulfidi tipidagi bir o‘qli yarimo‘tkazgich monokristallarda fazoviy dispersiya va eksiton so‘nishining o‘ziga xos jihatlarini hisobga olib, eksiton-polyariton lyuminessensiyasi spektrlari shakllanishining yangi mexanizmlarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
vakuumga burchak ostida nurlanadigan bo‘ylama eksitonlar ulushini hisobga olgan holda yarim o‘tkazgich kristallning optik parametrlarini aniqlash imkonini beruvchi, eksiton-polyariton lyuminessensiyasi spektrini kvant-mexanik nazariy hisoblash usuli ishlab chiqilgan;
real eksiton so‘nishi normal to‘lqinlar dispersiya spektrini qayta shakllanishiga, natijada kristall chegarasi orqali energiya uzatishda ko‘ndalang va bo‘ylama sirt-radiatsion moddalarning ishtirok etishiga, fazoviy dispersiyaning mavjudligi esa ularning interferensiyasiga olib kelishi ko‘rsatilgan;
ko‘ndalang polyaritonlardan farqli o‘laroq, aralash eksiton-polyariton moddalarning fotolyuminessensiya spektrlarida kuchli anizotropiya, anomal dispersiya va ulkan interferension nurlanish mavjudligi aniqlangan;
ilk bor kadmiy sulfidi tipidagi bir o‘qli yarimo‘tkazgich kristallarning anizotrop nurlanish geometriyasida eksiton so‘nishi va fazoviy dispersiya roli bilan bog‘liq bo‘lgan eksiton-foton o‘zaro ta’sirining oraliq qiymatlari uchun eksiton-polyariton lyuminessensiya spektrining shakllanish mexanizmlari ishlab chiqilgan;
chiqish burchagining kritik qiymati ortishi bilan eksiton-foton o‘zaro ta’sir parametri ham monoton tarzda o‘sib borishi natijasida anomal dispersiya fonidagi interferension eksiton-polyariton lyuminessensiya spektrining shakllanishida oraliq aralash polyaritonlar ustunligi ko‘rsatilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bir o‘qli kadmiy sulfidi kristallarida eksiton-polyariton lyuminessensiyasi spektrlarining shakllanish mexanizmlarini o‘rganish asosida:
vakuumga burchak ostida nurlanadigan bo‘ylama eksitonlar ulushini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan eksiton-polyariton lyuminessensiyasi spektrini kvant-mexanik nazariy hisoblash usuli «FOTON» aksiyadorlik jamiyatida yarimo‘tkazgich kristallarning optik parametrlarini aniqlashda foydalanilgan («O‘zeltexsanoat» aksiyadorlik kompaniyasining 2019 yil 20 fevraldagi 02-435-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi yarimo‘tkazgich materiallarning tozaligini nazorat qilish uslubini takomillishtirish imkonini bergan;
kadmiy sulfidi tipidagi kristallarning spektrlarini mexanik eksitonlarning chekli so‘nishi hisobga olinib, nazariy hisoblash natijalari OT-F2 raqamli «Yarimo‘tkazgichlarda va ularning kvant-o‘lchamli chuqurlarida qutblanish optik effektlari» loyihasida yarimo‘tkazgich qatlam tizilmalarda elektronlar va eksitonlar qatnashgan kinetik jarayonlarning xos parametrlarini aniqlash uchun foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 16 yanvardagi 89-03-233-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish yarimo‘tkazgich qatlamli tizilmalarda statsionar fotoqo‘zg‘atish sharoitida elektronlar kinetik hodisalarining fizikaviy tabiatini tahlil qilish imkonini bergan;
kadmiy sulfidi tipidagi kristallarda eksiton-polyariton nurlanish spektrlarini real optik parametrlarga bog‘lab hisoblash usuli F2-OT-O-15494 raqamli «Kvant nuqtali getero- va nanotizilmalarda eksitonlar, bipolyaronlar va kinetik hodisalarning tadqiqoti asosida nurlantirgichlar, fotoelementlar va boshqa optoelektron asboblarning samaradorligini yaxshilash» loyihasida yarimo‘tkazgichlarda eksitonlar va polyaritonlar ishtirokidagi nurlanish spektrlarining nozik tuzilishini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 16 yanvardagi 89-03-233-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish yarimo‘tkazgichlarda optik hodisalarning fizikaviy tabiatini eksiton-foton o‘zaro ta’sirini hisobga olgan holda nazariy tahlil qilish imkonini bergan.