Rasulova Durdona Baxronovnaning

falsafa doktori (PhD)dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar:

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «XVII–XX asr boshidagi fransuzzabon tadqiqotlarda O‘zbekiston tarixi masalalari», 07.00.08–Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2017.2.PhD/Tar133.

Ilmiy rahbar: Ziyaeva Dono Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: Tarix instituti, DSc.06.01.2018.Tar.56.01.

Rasmiy opponentlar: Babadjanov Baxtiyor Miraimovich, tarix fanlari doktori, professor; Saidboboev Zokir Abdukarimovich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: XVII–XX asr boshlariga mansub fransuzzabon tadqiqotlarda O‘zbekiston tarixi masalalarining o‘rganilishini  tarixshunoslik nuqtai nazaridan tadqiq etishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 

XVI–XX asr boshlarida Fransiyadagi “Kollej de Frans”, “Sharq jonli tillari maktabi”, “Osiyo jamiyati” kabi ilmiy muassasalar faoliyati, tadqiqotlari va ilmiy nashrlarini yoritib berish orqali Markaziy Osiyo manbashunosligi yo‘nalishiga, xususan, Sharq manbalarining tarjimasi, tavsifi, matnshunosligi va kataloglashtirilishiga asos solinganligi hamda ushbu jarayonlar sharqshunoslik maktablarida joriy etilib, yaratilgan darsliklar sharqshunoslik ta’limida keng qo‘llanilganligi ochib berilgan;

Markaziy Osiyodagi o‘rta asr mutafakkirlarining Qur’on tafsiri, hadisshunoslik, arab tili grammatikasiga bag‘ishlangan tadqiqotlarining Fransiyada  o‘rganilishi va fransuz tiliga tarjima qilinishi Evropa xalqlarini islom madaniyati bilan tanishtirishda muhim rol` o‘ynaganligi aniqlangan;

Ibn Arabshohning “Ajoyib al-maqdur fi tarixi Taymur”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla’ us-sa’dayn majma’ ul-bahrayn”, Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” hamda “Temur tuzuklari” kabi asarlarning fransuz tiliga tarjima qilinishi G‘arbda Amir Temur va Temuriylar davrini o‘rganishda muhim o‘rin tutganligi, shuningdek xorijiy tadqiqotlar uchun manbaviy asos bo‘lib xizmat qilganligi ko‘rsatib berilgan;

“Parij geografiya jamiyati”, “Parij etnologiya jamiyati”,  “Parij antropologiya jamiyati” va boshqa ilmiy muassasalar faoliyati tahlili asosida fransuzzabon tadqiqotchilar tomonidan mintaqada olib borilgan ilmiy ekspedisiyalar davomida O‘zbekiston tabiati va tabiiy resurslari (geologiya, gidrografiya, geografiya, mineralogiya), qishloq xo‘jaligi (ipakchilik, sug‘orish tizimi),  ijtimoiy fanlar (etnografiya, arxeologiya, antropologiya)ga oid muhim ma’lumotlar aniqlanib, ilmiy iste’molga kiritilganligi hamda Markaziy Osiyo intellektual merosiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilganligi ochib berilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

XVII–XX asr boshidagi fransuzzabon tadqiqotlarda O‘zbekiston tarixi masalalari mavzusi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

Markaziy Osiyodagi fransuz ilmiy ekspedisiyalariga oid manbalar tahliliga tayanib Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondida saqlanayotgan XIX–XX asr boshlariga oid fransuzzabon asarlarning ro‘yxati va ilmiy tavsifini tuzishda foydalanilgan, shuningdek xaritalar hamda  etnografik hayotga oid illyustratsiyalar asosida muzeyning “O‘zbekistonda xorijiy sayyohlar” bo‘limi ekspozisiyalari boyitilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 25 oktyabrdagi 01-11-09-7371-son ma’lumotnomasi). Muzey-qo‘riqxona faoliyati uchun taqdim etilgan manbalar tavsifi va ro‘yxati mutaxassislar, ilmiy xodimlar uchun fransuz tarixshunosligi bo‘yicha ilmiy-amaliy yo‘riqnoma sifatida  xizmat qilgan;

Markaziy Osiyo tarixi va madaniyatiga doir fransuz tilida nashr etilgan materiallar tadqiqiga oid natijalardan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining umumiy va “Qo‘lyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar xizmatlari” fondlarida saqlanayotgan  mintaqaga oid fransuz tadqiqotlarining tizimlashtirilgan katalogi va ilmiy tavsifini  tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining 2018 yil 25 oktyabrdagi 11-3737-son ma’lumotnomasi). Mazkur manbalar ro‘yxati va ilmiy tavsifi mutaxassislar uchun fransuz tarixshunosligi bo‘yicha tadqiqotlar olib borishda, shuningdek,  kutubxona xodimlari uchun  manbalar ko‘rgazmasini uyushtirishda ilmiy-amaliy jihatdan xizmat qilgan;

Fransuz tadqiqotchilarining hayoti va faoliyati, bibliografiyasi  hamda ekspedisiyalarning tabiiy sohalar tadqiqotlariga oid natijalaridan Tarix institutida bajarilgan OTF-1135 raqamli  “XIX–XX asr boshlarida o‘zbek xalqining intellektual-madaniy merosi: an’analar va transformatsiya jarayonlari”  mavzusidagi fundamental loyiha doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 24 oktyabrdagi 3/1255-2813-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy xulosalarning qo‘llanilishi XIX–XX asr boshlariga mansub fransuzzabon tadqiqotlarning bibliografik ko‘rsatkichini tuzishda, shuningdek, O‘zbekiston tabiiy sohalarining fransuz tarixshunosligidagi talqinini yoritishda asos sifatida xizmat qilgan;

Fransuz tilidagi tadqiqotlarda Turkiston tabobati masalalarining yoritilishiga oid ilmiy natijalaridan O‘zR FA Tarix institutida bajarilayotgan PZ 20170921162 raqamli  “XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda tibbiyot va xalq tabobati  (tarixiy asarlar, arxiv hujjatlari va davriy matbuot materiallari asosida)” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 24 oktyabrdagi 3/1255-2813-son ma’lumotnomasi). Keltirilgan ma’lumotlar Turkiston tabobati tarixining xorijiy tarixshunoslik materiallari asosida yanada boyitilishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish