Po‘latov Dilmurod To‘xtaboevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Duodenal yaralar urgent asoratlarining klinik-morfologik xususiyatlari va xirurgik davo taktikasi», 14.00.40–Shoshilinch tibbiyot (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Tib252.
Ilmiy rahbar: Xadjibaev Abduxakim Muminovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, DSc.28.02.2018.Tib.63.01.
Rasmiy opponentlar: Chernousov Aleksandr Fedorovich, tibbiyot fanlari doktori, professor, RF FA akademigi (Rossiya Federatsiyasi); Aripova Nazira Uktamovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: I.I.Djanelidze nomli Sankt-Peterburg Tez yordam ilmiy-tekshirish instituti davlat byudjet muassasasi (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yara substrati va periul`seroz sohaning klinik-funksional va patomorfologik xususiyatlarini inobatga olgan holda o‘n ikki barmoqli ichak yarasi kasalligining urgent asoratlarini xirurgik davolash taktikasini tanlashni mukammaltirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qon va limfa tomirlar miqdorining nisbatan ko‘pligi hamda mikrokollektorlar mavjudligi duodenal yaralardan qon ketishning morfologik asosi ekanligi isbotlangan;
duodenal yaralarning perforatsiyasi rivojlanishida mikrokollektorlar mavjudligi, biriktiruvchi to‘qima hujayralari hajm ulushining keskin pasayishi, limfa tomirlarning va hujayralararo modda hajm ulushining ko‘payishi, shuningdek eritrotsitlarning patologik shakllari ulushining oshishi natijasida to‘qimalarning ishemik shikastlanishi morfologik asos bo‘lib xizmat qilishi asoslangan;
qonagan va teshilgan yarali bemorlarda asoratsiz yarali bemorlarga nisbatan parietal va asosiy hujayralar (agressiya omillari) hajmining ishonchli darajada oshishi fonida fundal bezlarning qoplama-chuqurchali va qo‘shimcha hujayralar (himoya omillari) nisbiy hajmining sezilarli darajada pasayishi aniqlangan;
perforativ yaralarda qorin bo‘shlig‘i rentgenogrammasida erkin gaz aniqlanmagan holatlarda yoki ushbu asosiy diagnostik usulni bajarishga sharoit bo‘lmagan taqdirda, diagnostikaning bemor va shifokor uchun xavfsiz, qo‘llash uchun qulay va yuqori informativ yangi usuli – furatsilin sinamasi taklif etilgan va yuqori samaradorligi isbotlangan;
periul`seroz sohada mikrokollektorlar mavjudligi va uning natijasida to‘qimalardagi yallig‘lanish-nekrotik jarayonlarning davomiy saqlanib qolishi konsepsiyasi yara kasalligining urgent asoratlarida yana bir bor tasdiqlangan va uning asosida yangi xirurgik taktika, ya’ni duodenal yara asoratlarini davolashda radikal va yarim radikal amaliyotlarni kengroq qo‘llash zarurligi patogenetik asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Duodenal yaralar urgent asoratlarining klinik-morfologik xususiyatlari va xirurgik davo taktikasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Oshqozon rezeksiyasida anastomoz qo‘yish usuli»ga Intelektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (IAP №05764, 2019 y.). Natijada ushbu usulda me’da rezeksiyasi bajarilgan 5 nafar bemorning birontasida operatsiyadan keyingi asoratlar aniqlanmagan;
«Perforativ gastroduodenal yaralarni diagnostika qilishning yangi usuli» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 18 apreldagi 8n-z/52-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalar natijasida klinik amaliyotga «furatsilin sinamasi» deb nomlanuvchi yangi usul keng tatbiq qilindi. Ushbu usul sezuvchanligi 92%, o‘ziga xosligi 60% va umumiy aniqligi 76,5%, uning an’anaviy rentgenografiyada «erkin gaz»ni aniqlashdagi imkoniyatlaridan (mos ravishda 73,4%, 48,1% va 64,5%) yuqori ekanligi ko‘rsatilgan;
duodenal yaralar asoratlarining xirurgik davo taktikasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliy faoliyatiga, jumladan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent va Jizzax viloyat bo‘limlari amaliy faoliyatiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 18 apreldagi 8n-z/52-son ma’lumotnomasi). Yangi davolash-diagnostika algoritmini hamda oshqozon rezeksiyasida anastomoz qo‘yishning yangi usulini tatbiq qilish natijasida operatsiyadan keyingi spesifik asoratlar ko‘rsatkichini 3% gacha, postoperatsion o‘lim ko‘rsatkichini 3,7% gacha tushirish imkonini bergan.