Xalikov Sarvar Pulatovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi xaqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Traxeyaning chandiqli torayishida diagnostika algoritmini va jarrohlik davolash choralarini takomillashtirish», 14.00.27–Xirurgiya (tibbiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Tib244.

Ilmiy maslahatchi: Berkinov Ulug‘bek Bazarboevich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.49.01.

Rasmiy opponentlar: Parshin Vladimir Dmitrievich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Xudaybergenov Shuxrat Nurmatovich, tibbiyot fanlari doktori; Akilov Xabibulla Ataullaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: B.V. Petrovskiy nomidagi Xirurgiya ilmiy markazi federal davlat ilmiy byudjet tashkiloti (Rossiya Federatsiyasi).

Dissertatsiya yo‘nalishi: ilmiy va amaliy axamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: traxeya chandiqli torayishli bemorlarni tashxislash algoritmi va jarrohlik usulida davolash taktikasini optimallashtirish yo‘li bilan davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

nafas yo‘llarining yuqori qismi chandiqli torayishlarida, fistula hududida yallig‘lanish jarayoni rivojlanish xavfini kamaytirish maqsadida, turli diametrli a’zolar devorlarini moslashtirishga mo‘ljallangan traxeya-halqum anastomozini qo‘yish usuli ishlab chiqilgan;

traxeya va halqum chandiqli torayishini sirkulyar rezeksiyasidan keyin hosil qilingan oqma qirralarini tikish uchun birlashtiriladigan to‘qimalarni o‘zaro moslash va choklar orasiga boshqa to‘qimalar tushib qolish xavfini kamaytirish usuli ishlab chiqilgan;

patologik jarayonning tarqalishini baholash va nafas yo‘llarining chandiqli zararlanishlarida progressiv shikastlovchi dinamik o‘zgarishlarning baholanishini hisobga olgan holda traxeya chandiqli torayishlarini shakllantirishning klinik va patogenetik xususiyatlari aniqlashtirilgan;

patologik jarayonning proksimal qismida rekonstruktiv plastik amaliyotlardan so‘ng traxeya chandiqli torayishining distal qismini bosqichma-bosqich sirkulyar rezeksiya qilish nafas yo‘llarini qoniqarli tiklanishiga imkon berishi isbotlangan;

nafas yo‘llari mul`tifokal zararlanishlarini rekonstruktiv tiklash usulini tanlash uchun klinik-tashxislash mezonlari chandiq jarayonining sababi, turi va davomiyligi bo‘yicha aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Traxeya chandiqli torayishi bo‘lgan bemorlarni yuqori texnologik jarrohlik usulida davolash sifatini yaxshilashga bag‘ishlangan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

ishlab chiqilgan “Traxeya yuqori chandiqli torayishlarida traxeya-halqum anastomozlari qo‘yish usuli»ga Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (IAP 05200-son patent). Taklif etilgan usulning qo‘llanilishi amaliyotdan keyingi asoratlarni 36% dan 7,8% gacha kamaytirish va 72,0% dan natijalarni 94,1% gacha oshirish imkonini bergan;

ishlab chiqilgan «Traxeya chandiqli torayishlarini sirkulyar rezeksiyasidan keyin traxeya-halqum anastomozlarida choklarni qo‘yish usuli»ga Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (IAP 05550-son patent). Bunday holatlarda tavsiya etilgan usulni qo‘llash amaliyotdan keyingi asoratlar sonining 8,2% dan 1,9% gacha kamaytirish imkonini bergan;

“Traxeya chandiqli torayishini jarrohlik yo‘li bilan davolash usullari” va “Traxeya travmalari” uslubiy tavsiyanomalari tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 30 apreldagi 8n-z/56-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalar endoskopik va jarrohlik usullarining samaradorligini oshirish va imkoniyatlarini kengaytirish, amaliyotdan keyingi asoratlarning chastotasini pasaytirish, shuningdek amaliyotdan keyingi yaqin va uzoq davrda yaxshi natijalarga erishish imkonini bergan;

traxeya chandiqli torayishili bemorlarda yuqori texnologik xirurgik yordam sifatini yaxshilash bo‘yicha bajarilgan dissertatsiya ishidan olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliy faoliyatiga, xususan, Toshkent tibbiyot akademiyasining II va III klinikalari amaliy faoliyatiga (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 30 apreldagi 8n-z/56-son ma’lumotnomasi) tatbiq etilgan. Traxeya chandiqli torayishini jarrohlik usulida davolashda tavsiya etilgan algoritm va yangi usullari ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam turini kengaytirishga va umuman davolashning umumiy samaradorligini 77,2% dan 91,6% gacha oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish