Berdiev Dorob Murotovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yuqori harorat va siklik termik ishlov berishda fazali hamda yupqa strukturali o‘zgarishlarning farqli xususiyatlari va ularni po‘lat ashyolarning eyilish bardoshliligiga ta’siri», 05.02.01–Mashinasozlikda materialshunoslik. Quymachilik. Metallarga termik va bosim ostida ishlov berish. Qora, rangli va noyob metallar metallurgiyasi (quymachilik va metallarga ishlov berish texnologiyasi yo‘nalishi) (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/T245.

Ilmiy maslahatchi: Muxamedov Anvar Akbarovich, texnika fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.28.02.2018.T.03.04.

Rasmiy opponentlar: Ivanov Igor` Arkad`evich, texnika fanlari doktori, professor (Belarus`); Risqulov Alimjon Axmadjanovich, texnika fanlari doktori, professor; Mixridinov Risqidin Mixridinovich, texnika fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: yuqori haroratli va siklik termik ishlov berishdagi fazali va strukturali o‘zgarishni ta’minlash asosida po‘lat mahsulotlarning eyilishga bardoshliligini oshirish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ekstremal haroratgacha qizdirib po‘latlarga termik ishlov berishda (toblash, normallash) α-fazadagi kristallsimon tuzilishdagi dislokatsiya zichligining o‘sishi termik ishlov berishning odatdagi (As3 yoki As1 +30÷50°S) haroratida qizdirish bilan taqqoslangan, po‘lat tarkibidagi uglerod va legirlovchi elementlar miqdoriga qarab o‘zgarishi aniqlangan;

ekstremal haroratgacha qizdirilib va sovutilgan po‘latlardagi dislokatsiya zichlik darajasining oshishi mozaika bloklarining parchalanishi va α-fazadagi kristallsimon panjara mikroo‘zgarishining oshishiga qarab o‘sishi aniqlangan;

po‘latlarni ekstremal haroratgacha qizdirib, normallashdan va toblashdan (γαalmashishdan keyin) hosil qilingan dislokatsiya zichligining termik barqarorligini ta’minlash usuli ishlab chiqilgan;

ikki marta fazali qayta kristallanishda (birinchisi – yuqori ekstremal haroratda, ikkinchisi – qizdirishning odatdagi qabul qilingan haroratida) yuqori darajadagi dislokatsiya zichligini shakllantirishi jarayoni aniqlangan;

termik ishlov berishdagi austenit donasining o‘lchamiga dastlabki normallashtirish yoki toblash harorati hamda oraliq bo‘shatish haroratining ta’sir qilishi aniqlangan;

ekstremal haroratda toblash hamda ikki marta fazali qayta kristallanish usuli bilan eyilishga bardoshlilikni ta’minlaydigan noan’anaviy termik ishlov berish usuli ishlab chiqilgan;

po‘lat detallarning eyilishga bardoshliligini oshirishda toblanuvchanlik imkoniyatidan maksimal foydalanishdagi nazariy shart-sharoitlarni ishlab chiqish muammosi echimi aniqlangan;

termik ishlov berilgan po‘latlarning struktura xususiyati bilan eyilishga bardoshliligi o‘rtasidagi chiziqli bog‘liqlik o‘rnatilib, po‘latlarni o‘ta qizdirishda va qayta fazali kristallanishdan hosil bo‘lgan yupqa strukturaning xususiyatini ochib beruvchi dastlabki hamda tugallangan termik ishlov berishning samarali usuli ishlab chiqilgan;

impul`sli siklik toblashdan foydalanib eyilishga bardoshlilikni 40% ga oshirish imkonini beruvchi termik ishlov berish texnologiyasi takomillashtirilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Yuqori harorat va siklik termik ishlov berishda fazali hamda yupqa strukturali o‘zgarishlarning farqli xususiyatlari va ularni po‘lat ashyolarning eyilish bardoshliligiga ta’sirini tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

sovuq holatda shtamplash asboblariga yuqori haroratda termik ishlov berish texnologiyasini “O‘zagrotexsanoatxolding” aksionerlik jamiyatida, jumladan “Agregat zavodi” aksionerlik jamiyati ishlab chiqarish korxonasiga metall sarfini kamaytirish uchun joriy etilgan (“O‘zagrotexsanoatxolding” aksionerlik jamiyatining 2019 yil 12 apreldagi MK-19-08/610-son ma’lumotnomasi). Natijada sovuq holatda shtamplash asboblarini tayyorlashdagi metall sarfini 15–20%ga kamaytirish imkonini bergan;

sovuq holatda shtamplash asboblariga termik ishlov berish texnologiyasi “O‘zagrotexsanoatxolding” aksionerlik jamiyatida, jumladan “Agregat zavodi” aksionerlik jamiyati ishlab chiqarish korxonasiga sovuq holatda shtamplash asboblari ish unumdorligini oshirish uchun joriy etilgan (“O‘zagrotexsanoatxolding” aksionerlik jamiyatining 2019 yil 12 apreldagi MK-19-08/610-son ma’lumotnomasi). Natija sovuq holatda shtamplash asboblarining ish unumdorligini 1,4–1,5 martagacha oshirish imkonini bergan;

sovuq holatda shtamplash asboblarining eyilishga bardoshliligini oshirish uchun yuqori haroratda termik ishlov berish texnologiyasi “O‘zagrotexsanoatxolding” aksionerlik jamiyatida, jumladan “Agregat zavodi” aksionerlik jamiyatida shtamp asboblarini tayyorlashdagi kapital xarajatlarni kamaytirish uchun joriy etilgan (“O‘zagrotexsanoatxolding” aksionerlik jamiyatining 2019 yil 12 apreldagi MK-19-08/610-son ma’lumotnomasi). Natijada shtamp tayyorlashdagi kapital xarajatlarni 1,3–1,4 martaga kamaytirish imkonini bergan;

plugning lemex qismidagi ishchi yuzasining eyilishga bardoshliligini oshirish uchun yuqori haroratda termik ishlov berish texnologiyasi “O‘zagrotexsanoatxolding” aksionerlik jamiyatida, jumladan “Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” aksionerlik jamiyatiga plug lemexlarini tayyorlashdagi kapital xarajatlarni kamaytirish uchun joriy etilgan (“O‘zagrotexsanoatxolding” aksionerlik jamiyatining 2019 yil 12 apreldagi MK-19-08/610-son ma’lumotnomasi). Natijada plug lemexlarini tayyorlashdagi kapital xarajatlarni 1,3–1,4 martaga kamaytirish imkonini bergan;

lemexlarni ishlab chiqarishdagi samaradorlikni oshirish yuqori haroratda termik ishlov berish texnologiyasi “O‘zagrotexsanoatxolding” aksionerlik jamiyatida, jumladan “Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” aksionerlik jamiyatiga ishlab chiqarishdagi samaradorligini oshirish uchun joriy etilgan (“O‘zagrotexsanoatxolding” aksionerlik jamiyatining 2019 yil 12 apreldagi MK-19-08/610-son ma’lumotnomasi). Natijada lemexlarni ishlab chiqarishdagi samaradorlikni 15–20%ga oshirish imkonini bergan;

erga ishlov beruvchi ishchi qismlarga yuqori haroratda termik ishlov berish texnologik xaritasi “O‘zagrotexsanoatxolding” aksionerlik jamiyatida, jumladan “Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” aksionerlik jamiyatiga ishchi qismlar sifatini oshirish uchun joriy etilgan (“O‘zagrotexsanoatxolding” aksionerlik jamiyatining 2019 yil 12 apreldagi MK-19-08/610-son ma’lumotnomasi). Natijada erga ishlov beruvchi ishchi qismlarning yuqori haroratda termik ishlov berishda elektr energiya sarfini 10–12%ga kamaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish