Tajibaev Ilxomjon Ibroximjonovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Spektrning ko‘rinarli va yaqin IQ sohalaridagi lazer nurlanishi parametrlarini qayta o‘zgartirishning interferension nurtolali optik tizimlari», 01.04.05–Optika (fizika-matematika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/FM129.

Ilmiy rahbar: Zaxidov Erkin Agzamovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti, DSc.30.05.2018.FM./T.65.01.

Rasmiy opponentlar: Kadirov Mumin Kadirovich, fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Ochilov Odil, fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: belgilangan spektral xossalarga ega yorug‘lik nurlanishlarini olish uchun to‘liq nurtolali konstruksiyalarda (optik nurtola-generator + optik nurtola-spektral fil`tr) yorug‘lik kontinuumining yuqori samarali generatsiyasi va spektral fil`tratsiyasining fizik shartlarini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

nurtolali halqa orqali yorug‘lik kontinuumlari o‘ta qisqa impul`slarining chiziqli va nochiziqli o‘tish rejimlari aniqlangan, halqa o‘tkazish va qaytarish koeffisientlarining nurlanish to‘lqin uzunligi va quvvatiga bog‘liqligi aniqlangan;

nurtolali halqada o‘tuvchi nurlanishning tarmoqlanish koeffisienti va quvvatini tanlash orqali nurlanish o‘ta qisqa impul`slarining (o‘tish va qaytish kanallari orasida) yuqori samarali o‘zkazilish imkoniyatlari aniqlangan (kuchsiz-assimetrik tarmoqlagichli 2 m uzunlikdagi halqada 950 Vt quvvatda o‘tkazilishning maksimal darajasi–10 ga erishilgan);

ilk bor ikkilangan nurtolali halqadan o‘tuvchi yorug‘lik kontinuumining halqaning ikki tarmoqlagichlari to‘lqin xossalari va nurlanish quvvatiga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘tish va qaytish kanallari orasida simmetrik (0,5/0,5) bo‘linishi va amaliy ahamiyati aniqlangan;

ilk bor nurtolaning uncha katta bo‘lmagan qismida yorug‘lik o‘tkazuvchi o‘zaklarni eritib va cho‘zib yaqinlashtirish orqali shakllantiriladigan ikki o‘zakli nurtoladan nurtolali tarmoqlagich ishlab chiqilgan;

ikki o‘zakli nurtoladan yasalgan nurtolali tarmoqlagichda nurlanishning tor polosasini shakllantirish yoki 1 nm gacha kenglikka ega spektr bo‘yicha modulyasiyalangan nurlanish hosil qilish orqali yorug‘lik kontinuumlarini spektral fil`trlash imkoniyatlari ko‘rsatilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Nurtolali halqa va ikki o‘zakli nurtoladan tayyorlangan tarmoqlagichda yorug‘lik nurlanishlarining o‘tish va spektral fil`tratsiyasining fizik shartlarini aniqlash natijalari asosida:

nurtolali halqa va ikki o‘zakli nurtoladan tayyorlangan tarmoqlagichda yorug‘lik kontinuumini hosil qilinishi va spektral fil`tratsiyasi bo‘yicha olingan natijalar F2-FA-F146 raqamli «Fullerenlar eritmalarida klaster hosil bo‘lish, o‘z-o‘zidan yig‘ilish va o‘z-o‘zidan tashkillanish jarayonlari» loyihada fullerenlarning turli eritmalarining spektral-kinetik xarakteristikalarini o‘lchashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 26 martdagi 2/1255-929-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi fulleren eritmalari yutilish xarakteristikalarini yuqori aniqlikda o‘lchash imkonini bergan;

yaratilgan nano va pikosekund davomiylikdagi keng spektrli (700-1700 nm) nurtolali yorug‘lik impul`slar generatori  FA-A11-TO31 raqamli «Ekdisteron va uning polisintetik hosilalari asosida qandli diabetni davolash uchun samarali vositani yaratish»  loyihada ekdisteroidlar kabi biologik faol birikmalarning infraqizil yutilish spektrlari va boshqa optik xususiyatlarini yuqori aniqlikda o‘lchashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 26 martdagi 2/1255-930-son ma’lumotnomasi). Yaratilgan yorug‘lik impul`slar generatoridan foydalanish ekdisteroid kabi biologik faol birikmalarni infraqizil yutilish spektrlari va boshqa optik xususiyatlarini yuqori aniqlikda o‘lchash imkonini bergan;

spektrning ko‘rinarli sohasidagi o‘ta qisqa (100 ps) impul`slar generatori FA-A11-TO31 raqamli «Ekdisteron va uning polisintetik hosilalari asosida qandli diabetni davolash uchun samarali vositani yaratish»  loyihada ekdisteroid tipidagi biologik faol molekulalarni fluoressent spektrlarini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 26 martdagi 2/1255-930-son ma’lumotnomasi). Kogerent nurlanish manbaining qo‘llanilishi spektrning ko‘rinarli sohasidagi fluoressent spektrlari yordamida muhim biologik faol birikmalarni strukturaviy parametrlarini aniqlash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish