Ismoilov Il`yos Abdukayumovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Alisher Navoiy «Saddi Iskandariy» dostonining qiyosiy tahlili», 10.00.06– Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Fil327.

Ilmiy rahbar: Sirojiddinov Shuhrat Samariddinovich, filologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.21.01.

Rasmiy opponentlar: Quronbekov Ahmadqul, filologiya fanlari doktori, professor; Hasanov Saidbek Rustamovich, filologiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi:  nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: «Saddi Iskandariy» va «Iskandarnoma» dostonlarini qiyoslash orqali Navoiy ijodining originalligi va betakror poetik xususiyatlarini aniqlash, adib ijodining jahon adabiyoti rivojidagi munosib o‘rni va ahamiyatini ilmiy-nazariy asoslab berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

«Saddi Iskandariy»ga asos bo‘lgan manbalar va ulardan «Iskandarnoma»larga ko‘chib o‘tgan ma’lumot, motiv va g‘oyalar belgilanib, Navoiy va Nizomiyning Iskandar obraziga oid qarashlari va talqinlari aniqlangan;

Navoiy ijodidagi Iskandar obrazining hozirgacha «asrandi farzand ekani» va «dengiz tubiga safar qilishi» yanglish tushunilgani, shoirning aslida «Saddi Iskandariy»da Iskandarni dengiz tubiga tushmasligini tasvirlagani hamda Iskandarni Faylaqusning haqiqiy o‘g‘li sifatida talqin etgani isbotlangan;

Navoiyning o‘ziga qadar mavjud Iskandar obraziga doir tasavvurlarni boyitgani, «Iskandarnoma»lar kompozisiyasini takomillashtirish va syujetini yangilash orqali mavjud an’anani rivojlantirgani dalillangan;

Yunon donishmandlari va Oyinai Iskandariy obrazlarining qiyosiy tadqiqi orqali har ikki shoirning badiiy mahorati, falsafiy-axloqiy, ijtimoiy-siyosiy qarashlari va ijodiy individualligi aniqlangan;

«Saddi Iskandariy»ning Sharqda yaratilgan Iskandar qissalari orasida muhim o‘rin tutishi va Navoiyning Iskandar haqida qissa (doston) yozish an’analarini yangi bosqichga ko‘targani ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

«Saddi Iskandariy» va «Iskandarnoma» dostonlarining qiyosiy tahlilidan kelib chiqqan xulosalar asosida:

«Saddi Iskandariy» dostonining tili, uslubi, lug‘at tarkibiga oid xulosalar hamda dostonning 1990 yili Turkiyada tayyorlangan ilmiy-tanqidiy matni va so‘zligiga oid yangi ma’lumotlardan F-1-135 raqamli «Alisher Navoiy asarlari konkordansining ilmiy-uslubiy tadqiqi» nomli fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 10 dekabrdagi 89-03-4274-son ma’lumotnomasi). Natijada doston konkordansining ilmiy-uslubiy tadqiqiga oid tahlillar, loyihadagi ilmiy kuzatishlarning ishonchliligi ortgan;

«Saddi Iskandariy»ning badiiyati, tili, falsafiy-axloqiy, ijtimoiy-siyosiy mazmuniga doir fikr-mulohazalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston» telekanalida turkum ko‘rsatuvlar ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2018 yil 7 dekabrda berilgan  02-13-2191-son ma’lumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuvning sifati ortgan, Navoiy «Xamsa»sining o‘zbek adabiy tilini shakllantirishdagi ahamiyati hamda xamsanavislik va mazkur an’anada Navoiyning o‘rnini idrok etish kuchaygan;

Alisher Navoiy ijodiy laborotoriyasiga doir qarashlar, dostonga asos bo‘lgan qadimiy manbalarning Navoiy ijodini anglashdagi o‘rni hamda an’ana doirasida asar yozgan adiblarning ijodiy o‘ziga xosligiga doir xulosalardan F1-FA-0-55746 raqamli «Markaziy Osiyo xalqlari adabiy qo‘lyozma yodgorliklarini tadqiq etish, O‘zbekiston shoir va yozuvchilari arxivini to‘plash va uning ilmiy tavsifini nashrga tayyorlash» mavzuidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 21 yanvardagi berilgan 3/1255-134-son ma’lumotnomasi). Natijada kuzatishlar doirasi kengaygan, loyiha materiallari yangi ilmiy manba va qarashlar bilan boyigan;

Navoiy dunyoqarashining shakllanish jarayoni, an’anaga yondashuvda ijodiy individuallik, shoir shaxsiyatining bu jarayonda tutgan o‘rniga doir ilmiy natijalar ITD-A-1-118 raqamli «Navoiy obrazining tasvir va talqinlariga oid o‘quv qo‘llanmasini tayyorlash va nashr etish» nomli amaliy loyihaga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 10 dekabrdagi 89-03-4274-son ma’lumotnomasi). Natijada Navoiy obrazining keyingi davrlar adabiyotidagi tasvirlari va talqinlari genezisi, ularga xos yetakchi xususiyatlarni belgilashda asosli xulosalar chiqarishga erishilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish