Kadirov Shavkat Nomanovichning

fan  doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Peritonit bilan asoratlangan o‘tkir ichak tutilishini kompleks davolashni patofiziologik asoslash», 14.00.16–Normal va patologik fiziologiya, 14.00.27–Xirurgiya (tibbiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Tib181.

Ilmiy maslahatchilar: Karimov Xamid Yakubovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Egamov Yuldashali Sulaymonovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat tibbiyot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06. 2017.Tib.30.03.

Rasmiy opponentlar: Zokirov Yorkin Uzuevich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Usmonov Maxmud  Mansurovich, tibbiyot fanlari doktori; Ospanov Oral Bazarbaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor (Qozog‘iston).

Yetakchi tashkilot: A.I. Evdokimov nomidagi Moskva davlat stomatologiya tibbbiyot  universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: qorin bo‘shlig‘ini drenajlashning patogenetik usullari bilan intoksikatsiya darajasini kamaytirish, bitishmali jarayonlarning oldini olish, peritonit bilan asoratlangan o‘tkir ichak tutilishiga chalingan bemorlarni davolash natijalarini yaxshilashning samarali tizimini takomillashtirish.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

peritonit bilan asoratlangan o‘tkir ichak tutilishini  tashxislashda  bemorlar qonida antitelo hosil qiluvchi, limfa bezlarida yadro hosil qiluvchi hujayralar darajasini baholashning patofiziologik mezonlari asoslangan;

o‘tkir ichak tutilishidan  hosil bo‘lgan peritonitda qorin bo‘shlig‘ini drenajlashdan so‘ng ichak tutqichning kateterizatsiya usulini qo‘llash asosida limfa hosil bo‘lishini stimullash va antibiotiklarni endolimfatik  yo‘l orqali kiritish tizimi ishlab chiqilgan;

qonga qoldiq moddalarning chiqindi mahsulotlari, ya’ni toksinlarning rezorbsiyasini oldini olish uchun endoperitoneal so‘rilishdan foydalanish, sorbentlardan bo‘lakchali aktivlangan ko‘mir KAU-2 va uglerod-voyloq materialidan qilingan applikatsion «Volna» bog‘lamini qo‘llashning ijobiy natijalari isbotlangan;

peritoneal dializni, mikroblar soni va o‘rta molekulyar peptidlar konsentratsiyasining toksemiya darajasini baholashning ob’ektiv mezoni ishlab chiqilgan;

jarrohlik amaliyoti vaqtida peritoneal holatning kamayishi, xirurgik operatsiya davomida laparoskopik usuldan foydalanish hamda bitishmali kasallikning intraoperativ profilaktika usulining tavsiya etilishi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Peritonit bilan asoratlangan o‘tkir ichak tutlishini kompleks davolashni patofiziologik asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:

«O‘tkir ichak tutilishidan asoratlangan peritonitni kompleks davolashni patofiziologik asoslash» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 14 yanvardagi 8n-d/6-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma o‘tkir ichak tutilishi asoratlangan peritonit kasalligini tashxislash, qiyosiy tashxislash va  kompleks davolashning patofiziologik mezonlarini ishlab chiqish imkonini bergan;

«Peritonit bilan asoratlangan  ingichka ichak tutulishini  naychalash va peritonsorbsiyani kombinatsiyalangan tartibida davolash usuli» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 1 apreldagi 8n-d/62-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma peritonit bilan asoratlangan ingichka ichak tutilishini davolashda ichak tutqichini naychalash va KFKni qo‘llash orqali kombinatsiyalangan tartibda davolash usuli yordamida kasallik asoratlarini kamaytirish imkonini bergan;

peritonit bilan asoratlangan o‘tkir ichak tutilishini kompleks davolashni patofiziologik asoslashni takomillashtirishga qaratilgan tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi oliy o‘quv yurtlararo markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, Respublika shoshilinch tez tibbiy  yordam ilmiy markazining Andijon va Namangan filiallar hamda Andijon viloyatining Andijon va Oltinko‘l tumanlari markaziy shifoxonalarining klinik  amaliyotiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 8 apreldagi 8n-z/44-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga joriy qilinishi innovatsion ishlanmalar asosida bemorlarning kasalxonda bo‘lish vaqtini qisqartirish, asosiy a’zo va tizimlardagi poliorgan etishmovchiligining oldini olish va o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish