Umurzakov Akramjon Xakimovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Boshqariladigan vibratsion mexanizmlar va mexanik sistemalarning nazariy asoslarini rivojlantirish hamda ratsional konstruksiyalarini yaratish», 05.02.02–Mexanizmlar va mashinalar nazariyasi. Mashinashunoslik va mashina detallari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.DSc/T259.
Ilmiy maslahatchi: Karimov Kamolxon Abbasovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik-qurilish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.28.02.2018.T.03.04.
Rasmiy opponentlar: Alimuxamedov Shavkat Pirmuxamedovich, texnika fanlari doktori, professor; Maxkamov Qobil Xamdamovich,texnika fanlari doktori, professor; Mansurov Muxtorjon Toxirjanovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Andijon mashinasozlik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mexanizmlardagi kinematik juftliklar va bog‘lanishlarning friksion xarakteristikalarini vibratsiya vositasida boshqarish usullarini ishlab chiqish, nazariy asoslarini takomillashtirish va ular asosida mexanizmlar va mexanik sistemalarning ratsional konstruksiyalarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
friksion mexanizmlar va friksion tutashgan juftliklar parametrlarini vibratsiya vositasida boshqarish usullarining takomillashgan tasnifi ishlab chiqilgan;
gorizontal tekislikda davriy kuch ta’sirida harakatlanayotgan jismning boshqariladigan harakatini ifodalovchi chiziqsiz differensial tenglamalar sistemasi ko‘rinishidagi matematik modeli tuzilgan. Chiziqli hadlarga keltirilib, uning davriy echimi qurilgan. Tenglamalar sistemasi, uning chiziqsiz hadlarini e’tiborga olib, MatCad muhitida echilgan. Jism harakatining asosiy parametrlarini tasvirlovchi grafiklar qurilgan;
zvenolardan biri ikkinchisiga o‘zgaruvchan kuch vositasida siqib qo‘yilgan boshqariladigan friksion uzatmadagi sirpanishni boshqarish mumkin bo‘lgan soha aniqlangan. Bunda birinchi marotaba, boshqariladigan tezlikning o‘zgarish qonuniyatlari va bu tezlikning notekis qiymatlari aniqlangan;
friksion juftliklardagi quruq ishqalanish kuchini, yuqori chastotali tebranishlar ta’siridagi o‘zgarishlari tajriba yo‘li bilan aniqlangan va tegishli qonuniyatlar grafigi ishlab chiqilgan;
richagli-tishli mexanizmni kinematikasi modellashtirilgan, turli xil davriy mexanizmlarni dinamik modellashtirish zvenolar elastikligini e’tiborga olgan holda amalga oshirilgan va ishchi zvenolarni maksimal yuklangan holatlari aniqlangan;
vibratsiya vositasida boshqariladigan friksion mexanizmlar konstruksiyasida yuqori chastotali tebranishlar olish usullari ishlab chiqilgan;
passiv ishchi organlarni avtotebranish hisobiga aktiv ishchi organlarga aylantirish usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
dalalarga ekishdan oldin tuproqqa ishlov berish uchun ishlab chiqilgan dala rel`efiga moslanuvchan tishli boronaning sanoat nusxasi Namangan viloyati «Nayman chegara» fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 4 martdagi 02/023-127-son ma’lumotnomasi). Natijada boronaning tuproqqa ishlov berish chuqurligini 1,1 martaga orttirish imkoniyati yaratilgan;
ishlab chiqilgan tebranma tishli borona Namangan viloyati «Elmurodjon Qurbonov» fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 4 martdagi 02/023-127-son ma’lumotnomasi). Natijada tuproq tarkibidagi 50 mm dan katta bo‘lgan fraksiyalar miqdorini, agrotexnik talablarda ko‘zda tutilgan miqdordan 40%ga, 25-50 mm bo‘lgan fraksiyalar miqdorini esa 30%ga kamaytirish imkoni yaratilgan;
vibratsion mexanika tamoyillari asosida yaratilgan tebranma tishli borona “Mingbuloq Agroservis MTP va ISM” MChJda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 4 martdagi 02/023-127-son ma’lumotnomasi). Natijada ishchi organlarni tebranishi tufayli begona o‘tlarni yo‘qotilish darajasini 10% ga oshirish imkoniyati yaratilgan;
erlarga erta bahor va ekish oldidan kam energiya sarflab, sifatli ishlov beradigan tebranma tishli boronaning konstruksiyasi “Mingbuloq Agroservis MTP va ISM” MChJda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 4 martdagi 02/023-127-son ma’lumotnomasi). Natijada borona tishlarini tebranishlari hisobiga agregatning tortishga qarshiligi kamayib, ishlov berilgan har bir gektardan 1,15 litr yonilg‘i tejash imkoniyati yaratilgan;
ishlab chiqilgan avtotebranishlar asosida ishlaydigan borona “Mingbuloq Agroservis MTP va ISM” MChJda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 4 martdagi 02/023-127-son ma’lumotnomasi). Natijada boronaga texnik xizmat ko‘rsatish va transportirovkasi uchun sarflanadigan ekspluatatsion harajatlarni 20,6%ga kamaytirish imkoni yaratilgan.