Suvanov Boymurod Uralovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘za va kuzgi bug‘doyni turli tejamkor sug‘orish usullarida suv iste’molining ilmiy-amaliy asoslari», 06.01.02–Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik. (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.DSc/Qx96.
Ilmiy maslahatchi: Xamidov Muxammadxon Xamidovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Bisenbay Satnazarovich Mambetnazarov, akademik, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Anvarjon Isashov, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Maxmudov Ilxomjon Ernazarovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xorazm, Buxoro viloyatlari o‘tloqi allyuvial va Qashqadaryo viloyati o‘tloqi-bo‘z tuproqlari sharoitida g‘o‘za va kuzgi bug‘doyni subirrigatsiya, g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish usullarida hamda polimer komplekslardan hosil qilingan ekranli egatlardan sug‘orish texnologiyasini qo‘llash orqali ilmiy asoslangan maqbul sug‘orish tartiblari va ularning suv iste’molini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor kuchsiz sho‘rlangan o‘tloqi allyuvial va o‘tloqi-bo‘z tuproqlari sharoitida g‘o‘za va kuzgi bug‘doyni subirrigatsiya usulida, g‘o‘zani tomchilatib va polimer komplekslardan hosil qilingan ekranli egatlardan sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash orqali maqbul sug‘orish tartiblari ishlab chiqilgan;
g‘o‘za va kuzgi bug‘doyni subirrigatsiya usulida hamda g‘o‘zani tomchilatib va polimer komplekslardan hosil qilingan ekranli egatlardan sug‘orish natijasida daryo suvlari tejalgan va sug‘orish suvining samaradorligi oshishi aniqlangan;
g‘o‘za va kuzgi bug‘doyni suvtejamkor sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash natijasida tuproqning agrofizikaviy va suv-fizik xossalari, tuz rejimi, sizot suvlari sathi va mineralizatsiyasining o‘zgarish dinamikasiga ta’siri aniqlangan;
g‘o‘za va kuzgi bug‘doyni suvtejamkor sug‘orish texnologiyalari qo‘llanilganda o‘simlikning o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligi, paxta tolasi va bug‘doy doni texnologik sifat ko‘rsatkichlariga ta’siri aniqlangan;
g‘o‘za va kuzgi bug‘doyni suvtejamkor sug‘orish texnologiyalari va maqbul sug‘orish tartiblarida umumiy suv iste’moli ko‘rsatkichlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘za va kuzgi bug‘doyni subirrigatsiya, g‘o‘zani tomchilatib va polimer komplekslardan hosil qilingan ekranli egatlardan sug‘orish texnologiyalarini qo‘llashda maqbul sug‘orish tartiblarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
dehqon-fermer xo‘jaliklari, issiqxonalar, tomorqa uchastkalari va boshqa suvdan foydalanuvchilarga qo‘llanma sifatida foydalanish uchun «Past bosimli tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida suv tanqisligini yumshatish hamda g‘o‘zadan yuqori hosil olish bo‘yicha», «Biosol`vent asosida sho‘r yuvish samaradorligini oshirish va sug‘orishda polimer komplekslar qo‘llash orqali suv resurslarini iqtisod qilish hamda yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha» tavsiyanomalari ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 17 iyuldagi 03/18-1015-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanomalar dehqon-fermer xo‘jaliklari, issiqxonalar, tomorqa uchastkalari va boshqa suvdan foydalanuvchilarga qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
g‘o‘za va kuzgi bug‘doyni subirrigatsiya sug‘orish usulida hamda g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish texnologiyalari Xorazm viloyati, Shovot tumanidagi fermer xo‘jaliklarida 63 ga (g‘o‘za) va 42 ga (kuzgi bug‘doy) maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 17 iyuldagi 03/18-1015-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu subirrigatsiya va tomchilatib sug‘orish usullarini joriy etilishi hisobiga sug‘orish suvlari gektaridan 1437–1757 m3 (g‘o‘za), 1831–2706 m3 (kuzgi bug‘doy) tejalgan, g‘o‘zadan 4,2–6,3 sentner, kuzgi bug‘doydan 3,9–4,1 sentner qo‘shimcha hosil olishga erishilgan;
g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish texnologiyasi Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumanidagi «Saidaxmad nabirasi Anvar» fermer xo‘jaligida 3 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 17 iyuldagi 03/18-1015-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida g‘o‘zaning o‘sib rivojlanishi, hosil to‘plash yaxshilangan, gektaridan 2123–2238 m3 daryo suvlari tejalgan, yonilg‘i-moylash materiallar sarfi gektariga 8–10 litrga kamaygan, g‘o‘zadan 5,1–6,0 sentner qo‘shimcha paxta hosili olingan hamda rentabellik darajasi 38,4–51,5 foizni tashkil etgan;
g‘o‘za va kuzgi bug‘doyni subirrigatsiya sug‘orish usulida, g‘o‘zani polimer komplekslardan hosil qilingan ekranli egatlardan sug‘orish texnologiyalari Buxoro viloyati Buxoro, Kogon va Vobkent tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarida 240 ga (g‘o‘za) va 32 ga (kuzgi bug‘doy) maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 17 iyuldagi 03/18-1015-son ma’lumotnomasi). Natijada sug‘orish suvlari 30–40 foizga tejalgan, suv tanqisligining salbiy oqibatlari kamaytirilgan, atrof muhitni ifloslanishining oldi olingan, g‘o‘zadan gektariga 4,1–4,7 sentner, kuzgi bug‘doydan gektariga 3,6–5,9 sentner qo‘shimcha hosil olishga erishilgan.