Maxmudov Jamol Maxmud o‘g‘lining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasihimoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Birjinsli bo‘lmagan suyuqliklarning g‘ovak muhitlarda sizishining matematik modellarini takomillashtirish va tahlil qilish», 01.02.05–Suyuqlik va gaz mexanikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/FM94.
Ilmiy maslahatchi: Xo‘jayorov Baxtiyor Xo‘jayorovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.30.08.2018.FM/T.02.09.
Rasmiy opponentlar: Normurodov Chori Begalievich, fizika-matematika fanlari doktori; Ravshanov Normaxmad, texnika fanlari doktori, professor; Xo‘jaev Ismatulla Kushaevich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi:muhitning makroskopik birjinslimasligi, tashuvchi fazaning siqiluvchanligi, cho‘kma konsolidatsiyasi, suspenziyaning ikkizarrachaligini hisobga olib g‘ovak muhitlarda birjinslimas suyuqliklar sizishi matematik modellarni takomillashtirish, tuzish va sonli tahlil qilishdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotning ilmiy yangiligi:
harakatdagi va harakatsiz (yoki sekin harakatdagi) suyuqlik sohalaridan tashkil topgan ikki o‘lchovli g‘ovak muhitda kol`matatsion-suffozion sizish matematik modeli chegaraviy suffozion bosim gradientini hisobga olib (va hisoblamagan holda ham) takomillashtirilgan va turli chegaraviy rejimlar uchun sonli tadqiq etilgan;
Yu.M.Shextmanning umumlashgan balans tenglamasi asosida harakatdagi va harakatsiz suyuqlik sohalardan tashkil topgan g‘ovak muhitda kol`matatsion-suffozion sizish modeli takomillashtirilgan va sonli tadqiq etilgan;
suspenziyadagi tashuvchi fazaning siqiluvchanligini inobatga olib g‘ovak muhitda sizish matematik modeli ishlab chiqilgan;
suspenziya sizishida hosil bo‘ladigan cho‘kmaning konsolidatsiyasini hisobga olib suspenziya sizishining matematik modeli tuzilgan;
ko‘p fazali muhitlar mexanikasi prinsiplari asosida g‘ovak muhitda turli tuzilishli cho‘kma hosil qilib ikki komponentali suspenziyalar sizishi matematik modeli va unga mos masalani sonli echishning algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Birjinslimas suyuqliklarning g‘ovak muhitlarda sizishi jarayonlarini tadqiq etishning ishlab chiqilgan, takomillashtirilgan matematik modellari, samarali sonli echish algoritmlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
harakatdagi va harakatsiz suyuqlikli ikki sohali g‘ovak muhitda suspenziya sizishining takomillashtirilgan matematik modellaridan BV-M-F4-001 raqamli «Murakkab issiqlik va modda almashinuviga doir ko‘p o‘lchovli masalalarning matematik modellari va taqsimlangan samarali hisoblash algoritmlari» fundamental grant loyihasida murakkab ko‘p o‘lchamli issiqlik va massa almashinuvi jarayonlari matematik modellarini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligining 2019 yil 15 yanvardagi 33-8/238-son ma’lumotnomasi). Natijada bu murakkab issiqlik va massa almashinuvi jarayonlarining ko‘p o‘lchamli masalalari matematik modellarini takomillashtirish imkonini bergan;
cho‘kma konsolidatsiyasini hisobga olib, suspenziya sizishi va ikki komponentali suspenziya sizishi masalalarini sonli echish algoritmlaridan BV-M-F4-001 raqamli «Murakkab issiqlik va modda almashinuviga doir ko‘p o‘lchovli masalalarning matematik modellari va taqsimlangan samarali hisoblash algoritmlari» fundamental grant loyihasida murakkab ko‘p o‘lchamli issiqlik va massa almashinuviga doir amaliy masalalarni echish algoritmlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligining 2019 yil 15 yanvardagi 33-8/238-son ma’lumotnomasi). Natijada bu murakkab issiqlik va massa almashinuvi jarayonlarining ko‘p o‘lchamli masalalarini sonli echishda hisoblash vaqtini sezilarli darajada kamaytirish imkonini bergan;
g‘ovak muhitlarda birjinslimas suyuqliklarning takomillashtirilgan matematik modellari va hisoblash algoritmlaridan «O‘zneftgazqazib-chiqarish» AJ ob’ektlarida Shimoliy O‘rtabuloq (№ 3 quduq), Janubiy Kemachi (№118 quduq), Sho‘rtepa (№102 quduq) va Sariqum (№22 quduq) konlarida ikkilamchi va uchlamli usullar bilan ta’sir qilishda qatlamning sizish-sig‘im xossalarini hisoblashga joriy etilgan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2018 yil 18 apreldagi №02/14-2-477-sonli ma’lumotnomasi). Natijada bu quduqlarga kislotali ishlov berishda erimagan zarralarning qatlam g‘ovaklariga o‘tirib qolishi jarayonlarini hisobga olib geologo-texnik chora-tadbirlarning optimal rejasini ishlab chiqish imkonini bergan;
birjinslimas suyuqliklarning ikki sohali g‘ovak muhitlarda modda ko‘chishi va suspenziya sizishining takomillashtirilgan matematik modellaridan yetakchi xorijiy ilmiy jurnallarda: infil`tratsiya va adsorbsiya jarayonlari matematik modellarini keltirib chiqarishda (Journal of Hydrology, T.468-469 (2012), IF=1.563), suv bilan to‘yingan g‘ovak muhitlarda temperatura tarqalishini aniqlashda (Journal of Porous Media, 4 (2014), IF=0.504), sizish koeffisientining suspenziya konsentratsiyasi va sizish tezligidan bog‘liqligini aniqlashda (Journal of Porous Media, 5 (2014), IF=0.504) foydalanilgan. Natijada bu bayon etilgan jarayonlarning matematik modellarini ishlab chiqish va g‘ovak muhitlarda suspenziya sizishi jarayonida muhitning sizish ko‘rsatgichlarini aniqlash imkonini bergan.