Mamadalieva Nargizaxon Zokirjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘rkachsimon zonali yarimo‘tkazgichlarda o‘lchamli kvantlashish va qutbiy optik hodisalarning nazariy tadqiqi», 01.04.10–Yarimo‘tkazgichlar fizikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/FM297.
Ilmiy rahbar: Rasulov Rustam Yavkachovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.30.08.2018.FM/T.01.12.
Rasmiy opponentlar: Dadamirzaev Muxammadjon Gulomkodirovich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent;Ayuxanov Rashid Axmetovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘rkachsimon zonaviy tuzilishga ega bo‘lgan yarimo‘tkazgichdagi ikki o‘lchamli elektronlar uchun lokallashgan holatlar va bir zona tarmoqlariaro kechadigan optik o‘tishlar bilan tavsiflanuvchi optik va fotonli ergashtirish effektlarining mexanizmlarini kvant mexanikaviy aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
potensial o‘ra va to‘siqlarning davriy joylashuvidan hosil bo‘lgan nosimmetrik strukturada elektronlarning lokallashgan holatlari hisoblangan va asimmetriyaviy struktura qatlamlaridagi tok tashuvchilarning transport matrisasining (transfer matrics) unitar matrisa bo‘lmasligi isbotlangan;
zonalararo optik o‘tishlar bilan tavsiflanuvchi uch fotonli chiziqli-sirkulyar dixroizm hisoblangan;
o‘rkachsimon zonali yarimo‘tkazgichlarda qutblangan yorug‘likning yutilishida tarqalish yo‘nalishiga bog‘liq bo‘lgan kvadrat ildiz tabiatli o‘ziga xoslik mavjudligi aniqlangan;
tajribada kuzatilgan n-GaPda yorug‘lik yutilish koeffisienti spektral bog‘lanishining ekstremum orqali o‘tishi zonaning o‘rkachsimonligi bilan bog‘liqligi nazariy isbotlangan;
o‘rkachsimon zonali yarimo‘tkazgichda bir fotonli ergashtirish tokiga kovaklar g-faktorining ulushi kvant mexanikaviy usulida hisoblangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘rkachsimon zonali yarimo‘tkazgichlarda o‘lchamli kvantlashish va qutbiy optik hodisalar mexanizmlarini aniqlash asosida:
o‘rkachsimon zonali yarimo‘tkazgichdagi qutblangan yorug‘likning bir va ko‘p fotonli spektrlari bo‘yicha hisoblash natijalari «FOTON» aksionerlik jamiyatida joriy etilgan (“O‘zeltexsanoat” aksionerlik kompaniyasining 2019 yil 7 martdagi 02-35-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi o‘ta past inersiyali galliy arsenidli fotodatchiklarning yaratilishiga va yarimo‘tkazgichli optoelektron qurilmalarning optik xarakteristikalarini optimallashtirish imkonini bergan;
o‘rkachsimon zonali yarimo‘tkazgichlarda fotonli ergashtirish tokining spektral bog‘lanishi natijalari AYP(F) 2015/6 raqamli «The investigation of fotoelectrical properties of the Photodiodes for 1-4 pm infrared region» loyihasida 1-4pm to‘lqin uzunlikli yarimo‘tkazgich fotodiodlarining xossalarini nazariy tadqiq qilishda foydalanilgan (Uludag‘ universitetining (Turkiya) 2019 yil 2 fevraldagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish yarimo‘tkazgichli fotoo‘zgartirgichlarning yuqori chastotalar sohasida ishlash imkonini yaratgan;
navbatma-navbat joylashgan potensial o‘ra va potensial to‘siqlardan tashkil topgan strukturadagi lokallashgan holatlar bo‘yicha olingan natijalar F2-OT-O-15494 raqamli «Kvant nuqtali getero- va nanostrukturalardagi eksitonlarni, polyaronlarni, bipolyaronlarni va ko‘chish hodisalarini tadqiq etish asosida nurlagichlar, fotoelementlar va boshqa turdagi optoelektron asboblarning effektdorligini yaxshilash» loyihasida kvant nuqtali getero- va nanostrukturalardagi optik o‘tishlarning tahlillarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 15 fevraldagi 89-03-670-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish murakkab zonali yarimo‘tkazgichlar asosida o‘stirilgan getero o‘tishli strukturalarda fotonli kinetik effektlarni tadqiq qilish imkonini bergan;
zonasi bitta tarmog‘ining o‘rkachsimon bo‘lgan kub simmetriyali yarimo‘tkazgichlarda fotonli ergashtirish tokining hisoblashlari 10/2000 raqamli «Ionlarning kanallanishi va fotoo‘yg‘otilishida yarimo‘tkazgichli kristallar va o‘lchamli kvantlashgan strukturalarda eksiton-polyaritonli lyuminessensiya» loyihasida yarimo‘tkazgichli kristallarning lyuminessensiya spektral tahlillarini o‘rganishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 15 fevraldagi 89-03-670-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish yarimo‘tkazgich va o‘lchamli kvantlashgan strukturalarda kuzatiladigan lyuminessensiya tadqiqotlari sohasini kengaytirish imkonini bergan.