Seytkasimov Dauletnazar Beknazarovichning
filosofiya doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja berilgan fan tarmog‘i nomi): «Qoraqalpoq tilidagi sifatlarning derivatsiyasi», 10.00.03–Qoraqalpoq tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/Fil172.
Ilmiy rahbar: Qudaybergenov Mambetkerim Sarsenbaevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.20.01.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Yuldash Matkarimovich, filologiya fanlari doktori; Najimov Perdebay Aymanovich, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Tadqiqotning asosiy maqsadi hozirgi qoraqalpoq tilida sifat derivatsiyasi, morfemik tarkibi va sifat yasovchi affikslarning funksional-semantik xususiyatlarini aniqlashdan iboratdir.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qoraqalpoq tilshunosligida birinchi marta sifat semantik derivatsiyasining lingvomadaniy mohiyati oydinlashtirilib, so‘z yasashning affiksatsiya usulida ma’lum bir o‘zak leksemaga affikslarning qo‘shilishi orqali yangi ma’nodagi sifatlar yasalishi asoslangan;
qoraqalpoq tilidagi sifat yasovchi affikslar semantik xususiyatlariga ko‘ra belgiga egalik, belgini inkor qilish, belgiga moyillik va nisbiy belgini bildiruvchi guruhlarga ajratib tasniflangan hamda ularning ko‘p ma’nolilik, sinonimik va omonimik xossalari ochib berilgan;
murakkab, juft, takror va qo‘shma sifatlarning tarkibi va semantikasini tadqiq qilish asnosida qoraqalpoq tilidagi murakkab sifatlar tuzilishiga ko‘ra ikkala qismi ham tub so‘zlardan tarkib topgan murakkab sifatlar va birinchi qismi tub so‘z, ikkinchi qismi yasama so‘zdan tarkib topgan murakkab sifatlarga bo‘linishi dalillangan;
hozirgi qoraqalpoq tilida takror sifatlar muayyan bir leksemaning takrorlanib kelishi asnosida yasalib, o‘zining tuzilishiga ko‘ra ikki komponenti ham asliy sifatlar, ikki komponenti ham nisbiy sifatlar, ikki komponenti ham ot hamda olmoshdan tuzilgan sifatlarga bo‘linishi asoslangan;
qoraqalpoq tilidagi qo‘shma sifatlarning tuzilishi «sifat+sifat», «sifat+ot», «sifat+fe’l», «sifat+ma’nosi belgisiz so‘z», «ot+ot» «ot+sifat» va «ot+sifatdosh» modellaridan iboratligi hamda boshqa so‘z turkumlaridagi so‘zlarning sifatga o‘tish hodisasi mavjudligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qoraqalpoq tilidagi sifatlarning derivatsiyasi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
sifat derivatsiyasi, so‘z yasash xususiyatlari ilmiy-nazariy umumlashmalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar ilmiy-tadqiqot institutida 2012–2016 yillarda bajarilgan F1-FA-0-13229 raqamli «Hozirgi zamon qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi» mavzusidagi loyihani amalga oshirishda, xususan, sifatlarning yasalishi, struktur-semantik o‘zgartirish usullari va funksional qo‘llanish jarayonini tadqiq etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar ilmiy-tadqiqot institutining 2019 yil 8 yanvardagi 08/1-son ma’lumotnomasi). Natijada sifatlar derivatsiyasining qoraqalpoq tilida so‘z yasalishi sohasida o‘rnini aniqlashga erishilgan;
sifat yasovchi affikslar, qo‘shma sifatlar va ad’ektivatsiya hodisasining qoraqalpoq mumtoz adabiyoti va hozirgi adabiy jarayonda bajaradigan vazifasi bilan bog‘liq fikrlar Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasining «Tilga e’tibor – elga e’tibor» nomli turkum eshittirishlarini tayyorlashda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasining 2018 yil 2 oktyabrdagi 01-02/447-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida keng jamoatchilikning nutq jarayonida sifatlarni qo‘llash me’yorlari va samaradorligi bo‘yicha bilimlarini boyitishga erishilgan.