Nurmatov Mirg‘olib Mirzaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston ekologik siyosatining iqtisodiy-huquqiy mexanizmini takomillashtirish», 12.00.06–Tabiiy resurslar huquqi; agrar huquq; ekologik huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.DSc/Yu97.
Ilmiy maslahatchi: Fayziev Shuxrat Xasanovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, DSc.30.08.2018.Yu.74.01.
Rasmiy opponentlar: Xolmo‘minov Juma Toshtemirovich, yuridik fanlar doktori, professor; Safarov Djaxongir Ismoilovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Rustambekov Islambek Rustambekovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston ekologik siyosatining iqtisodiy-huquqiy mexanizmini ta’minlash bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni kompleks tahlil qilish asosida ekologiya sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyotining samaradorligini ta’minlash bo‘yicha ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mualliflik yondashuvi asosida «atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini huquqiy ta’minlash» tushunchasi «atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash» yo‘nalishlari orqali ekologik chora-tadbirlarni rejalashtirish, moliyalashtirish, ekologik to‘lovlar, ekologik sug‘urta va jamg‘armalar, iqtisodiy rag‘batlantirish va jazo choralarini qo‘llash bilan bog‘liq kompleks tizim sifatida boyitilgan;
tabiatdan umumiy va maxsus foydalanish turi, ob’ekti, sub’ekti, usuli, shakli, ularga bo‘lgan huquqlar kabi turli mezonlardan kelib chiqib (tabiat ob’ektlariga ko‘ra; tabiat ob’ektlarining o‘ziga xos xususiyatlariga ko‘ra; tabiatdan foydalanish sub’ektlariga ko‘ra; tabiatdan fodalanuvchilar soniga ko‘ra; tabiatdan foydalanish muddatiga ko‘ra; tabiatdan foydalanish huquqlariga ko‘ra; tabiat foydalanganlik uchun haq to‘lash shakliga ko‘ra; tabiatdan foydalanish maqsadiga ko‘ra; tabiat ob’ektini tabiiy muhitdan ajratib olinishi yoki olinmasligiga ko‘ra; tabiatga ta’sir etish holatiga ko‘ra; tabiat ob’ektlarining turli ko‘rsatkichlariga ta’sir etib foydalanilishiga ko‘ra) tasniflash taklif etilgan;
yarim erkin sharoitda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanayotgan va (yoki) etishtirilgan yovvoyi hayvonlar yuridik yoki jismoniy shaxsning mulki bo‘lishi mumkinligi, hayvonot dunyosi ob’ektlaridan foydalanuvchilar tutib olingan yovvoyi hayvonlarga va ularning yashash faoliyati mahsulotlariga nisbatan mulk huquqiga ega bo‘lishi hamda hayvonot dunyosi ob’ektlaridan maxsus foydalanganlik uchun haqni o‘z vaqtida kiritishi va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzgan holda etkazilgan zararning o‘rnini to‘liq hajmda qoplashi shartligi kabi majburiyatlarni belgilash asoslab berilgan;
sun’iy yaratilgan sharoitlarda etishtiriladigan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar yuridik yoki jismoniy shaxsning mulki bo‘lishi mumkinligi, o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan foydalanuvchilarning o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan foydalanish borasidagi buzilgan huquqlarining tiklanishi va o‘zlariga etkazilgan zararning o‘rni qoplanishi hamda yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarga va ularning yashash faoliyati mahsulotlariga nisbatan mulk huquqiga ega bo‘lishi, shuningdek, o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan foydalanuvchilar foydalanishga berib qo‘yilgan o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan oqilona foydalanishi, o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan maxsus foydalanganlik uchun haqni o‘z vaqtida kiritishi va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzgan holda etkazilgan zararning o‘rnini to‘liq hajmda qoplashi shartligi kabi majburiyatlarni belgilash asoslab berilgan;
davlat o‘rmon fondi uchastkalari yuridik va jismoniy shaxslarga foydalanishga berilishi, o‘rmondan foydalanish umumiy yoki maxsus bo‘lishi mumkinligi, o‘rmondan maxsus foydalanish uchun haq to‘lanishi hamda to‘lovlar miqdori va ularni undirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi lozimligi kabi takliflar ishlab chiqilgan;
o‘rmondan doimiy foydalanuvchilarning tayyorlangan mahsulotga va uni realizatsiya qilishdan olingan daromadga mulkdor bo‘lish huquqini hamda o‘rmondan foydalanganlik uchun o‘z vaqtida va belgilangan tartibda haq to‘lash kabi majburiyatini belgilash asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston ekologik siyosatining iqtisodiy-huquqiy mexanizmini takomillashtirish tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini huquqiy ta’minlash”ga doir konseptual g‘oya va takliflardan “Yurisprudensiya” yo‘nalishi talabalari uchun “Ekologiya huquqi” darsligini ishlab chiqishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 24 avgustdagi 603-sonli buyrug‘i, 603-243 raqamli guvohnoma). Natijada ushbu mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar, magistrantlar, o‘qituvchilar, shuningdek, tabiiy resurslardan maxsus foydalanuvchilar va tabiatni muhofaza qilish organlari xodimlarining bilim, o‘quv va ko‘nikmalarining shakllanishi va rivojlanishiga xizmat qilgan;
tabiatdan umumiy va maxsus foydalanish turi, ob’ekti, sub’ekti, usuli, shakli, ularga bo‘lgan huquqlar kabi turli mezonlarga asosan tasniflashga doir takliflardan “Yurisprudensiya” yo‘nalishi talabalari uchun “Ekologiya huquqi” darsligini ishlab chiqishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 24 avgustdagi 603-sonli buyrug‘i, 603-243 raqamli guvohnoma). Natijada “Ekologiya huquqi” fanining “Tabiiy resurslarga nisbatan mulk huquqi” va “Tabiatdan foydalanish huquqi” institutlarining ilmiy-nazariy jihatdan boyishiga xizmat qilgan;
hayvonot dunyosiga nisbatan mulkchilik, hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishni rag‘batlantirish, hayvonot dunyosi ob’ektlaridan foydalanuvchilarning huquqlari va majburiyatlari, baliq ovlashni amalga oshirish shartlari, hayvonot dunyosi ob’ektlaridan foydalanganlik uchun haq sifatida olingan mablag‘larni, jarima summalarini va hayvonot dunyosi ob’ektlariga etkazilgan zarar uchun undirilgan summalarni taqsimlash hamda ulardan foydalanishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 19 sentyabrdagi O‘RQ-408-son «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi (yangi tahriri) Qonunining 4, 23, 30, 35, 50-moddalarida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining 2016 yil 3 oktyabrdagi 04/4-175-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishning iqtisodiy-huquqiy mexanizmini takomillashtirishga xizmat qilgan;
o‘simlik dunyosiga nisbatan mulkchilik, o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishni rag‘batlantirish, o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan foydalanuvchilarning huquqlari va majburiyatlari, daraxtlar va butalarni kesish, g‘ayriqonuniy ravishda yig‘ilgan va tayyorlangan o‘simlik dunyosi ob’ektlarini olib qo‘yish, zararning o‘rnini qoplashga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 21 sentyabrdagi O‘RQ-409-son «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi (yangi tahriri) Qonunining 4, 25, 32, 37, 48, 49-moddalarida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining 2016 yil 3 oktyabrdagi 04/4-175-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishning iqtisodiy-huquqiy mexanizmini takomillashtirishga hissa qo‘shgan;
o‘rmondan foydalanishning asosiy qoidalari sifatida davlat o‘rmon fondi uchastkalari yuridik va jismoniy shaxslarga foydalanishga berilishi mumkinligi, o‘rmondan foydalanish umumiy yoki maxsus bo‘lishi mumkinligi, o‘rmondan maxsus foydalanish uchun haq to‘lanishi hamda to‘lovlar miqdori va ularni undirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishiga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 16 apreldagi O‘RQ-475-son «O‘rmon to‘g‘risida» (yangi tahriri) Qonunining 31-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining 2018 yil 21 noyabrdagi 04/4-05-18-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar o‘rmondan foydalanishning asosiy qoidalarini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;
o‘rmondan doimiy foydalanuvchilarning huquqi sifatida tayyorlangan mahsulotga va uni realizatsiya qilishdan olingan daromadga mulkdor bo‘lishi mumkinligi hamda majburiyati sirasiga o‘rmondan foydalanganlik uchun o‘z vaqtida va belgilangan tartibda haq to‘lashni belgilash oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 16 apreldagi O‘RQ-475-son «O‘rmon to‘g‘risida» (yangi tahriri) Qonunining 33-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining 2018 yil 21 noyabrdagi 04/4-05-18-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar o‘rmondan doimiy foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlarini qonun hujjatlarida mustahkamlanishiga xizmat qilgan.