Ramazonov Baxtiyor Ramazonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Orol bo‘yi hududlarining tuproq qoplami va tuproq xossalarining sahrolanish ta’sirida o‘zgarishi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuproqlari misolida)», 03.00.13–Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/B109.
Ilmiy rahbar: Qo‘ziev Ramazan, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar: Tursunov Xamza Hamdamovich, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor; Namozov Xushvaqt Qoraxonovich, biologiya fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: iqlim o‘zgarishi sharoitida Orol bo‘yi hududlari tuproq qoplamining transformatsiyasi va bu erda tarqalgan tuproqlar xossa-xususiyatlarining o‘zgarishini aniqlash hamda yuz berayotgan salbiy jarayonlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
keyingi 50-60 yil davomida global iqlim o‘zgarishi, suv zahiralarining qayta taqsimlanishi, antropogen bosimning kuchayishi natijasida Orol bo‘yi hududlarida tuproq qoplami sahrolanish jarayonining namoyon bo‘lish xususiyatlari va tuproq qoplamida yuz bergan o‘zgarishlar aniqlangan;
daryolarning qadimgi va oldingi «tirik» del`talarida tuproq paydo bo‘lish jarayonlarining keskin o‘zgarishi natijasida tuproq qoplami transformatsiyasi xususiyatlari aniqlangan;
tipik xo‘jaliklarning sug‘oriladigan va qo‘riq er maydonlarining yirik masshtabli tuproq kartalari tuzilgan hamda tuproqlarning sho‘rlanishi, oziqa elementlari bilan ta’minlanganlik darajasi aniqlangan;
Orol bo‘yi hududlarida sahrolanish ta’sirida tuproq paydo bo‘lishining gidromorf rejimdan avtomorf rejimga o‘tishi va unga mutanosib sahro mintaqasiga mos sur tusli qo‘ng‘ir, taqirli, qumli cho‘l va sho‘rxok tuproqlar maydoni ko‘payayotganligi aniqlangan;
Orol bo‘yi hududlari tuproq qoplamida yuz berayotgan salbiy jarayonlarni aniqlash asosida ularning oldini olish yoki yumshatishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Orol bo‘yi hududlari tuproq qoplami va tuproq xossalarining sahrolanish ta’sirida o‘zgarishi bo‘yicha olingan ilmiy va amaliy natijalar asosida:
«Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuproqlari unumdorligi va mahsuldorligini oshirish, sho‘rlanish va boshqa degradatsiya jarayonlarini oldini olish bo‘yicha tavsiyalar» Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston boshqarmasida amaliyotga joriy etilgan (Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2018 yil 29 dekabrdagi 03-05-10025-son ma’lumotnomasi). Natijada Orol bo‘yi hududlaridagi fermer xo‘jaliklariga degradatsiyaga uchragan tuproqlarning meliorativ holatini yaxshilashda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
tipik xo‘jaliklarning 1:10000 masshtabli tuproq kartalari Qo‘ng‘irot tumanidagi Y.Oxunboboev nomli, Qonliko‘l tumani Sarialtin, Xo‘jayli tumani Do‘stlik, Amudaryo tumani To‘lqin massivlaridagi jami 13408,0 ga sug‘oriladigan er maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2018 yil 29 dekabrdagi 03-05-10025-son ma’lumotnomasi). Natijada er resurslaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash, qayta tiklash, oshirish va muhofazalash hamda sahrolanish jarayonining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkonini bergan;
Xo‘jayli tumani Do‘stlik massivi sug‘oriladigan tuproqlarining 1:10000 masshtabli harakatchan fosfor va almashinuvchan kaliy bilan ta’minlanganlik agroximkartogrammalari tuzilib, massivning 2163,0 gektar er maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2018 yil 29 dekabrdagi 03-05-10025-son ma’lumotnomasi). Natijada massivdagi fermer xo‘jaliklari sug‘oriladigan er maydonlariga mineral o‘g‘itlarni maqbul me’yorlarini belgilash, fosforli va kaliyli o‘g‘itlarni tabaqalashtirib qo‘llash imkonini bergan.