Qoraev Aliyor Xasanovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Hisor tog‘ tizmalari lalmi tuproqlari va ularning sifatini baholash», 03.00.13–Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/V47.

Ilmiy rahbar: Qo‘ziev Ramazan, biologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx/B.43.01.

Rasmiy opponentlar: Djalilova Gulnora Tulkunovna, biologiya fanlari doktori, dotsent; Xaqberdiev Obid Eshniyozovich, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.

Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Hisor tog‘ tizmalari tog‘ va tog‘ oldi hududlarida rivojlangan lalmi tuproqlarning xossa va xususiyatlarini aniqlash, sifatini baholash hamda tuproq unumdorligini saqlash va oshirishga qaratilgan ilmiy-amaliy echimlarni ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

Hisor tog‘ tizmalarida tog‘ oldi va tog‘ osti tekisliklardagi qo‘riq va lalmi tuproqlarning morfogenetik xossa va xususiyatlari aniqlangan;

qo‘riq tuproqlarni lalmikor dehqonchilikda foydalanishda suv eroziyasini jadallashtirishi va organik qoldiqlarning mineralizatsiyasini tezlashtirishi hamda tuproq profilida gumusning qayta taqsimlanishi aniqlangan;

gumus va oziqa elementlarining tuproq qatlamlaridagi miqdori va zahirasini yuvilish darajasi va qiyalik ekspozisiyasiga ko‘ra lalmi och tusli bo‘z tuproqlardan lalmi jigarrang tuproq tomon ortishi aniqlangan;

lalmi hudud tuproqlarida ona jinsning mineralogik tarkibi, qiyalik tikligi va ekspozisiyasiga, yog‘in miqdoriga hamda qatlamlarda kechayotgan ichki nurash jarayonlariga bog‘liq ravishda tuproqlar ustki qatlamlarida il zarrachalari miqdorini kamayishi, o‘rta qatlamlarida fizik loy miqdorining ortishi isbotlangan;

tayanch xo‘jaliklarda tarqalgan lalmi haydalma erlar baholangan, shuningdek xo‘jaliklarning lalmi tuproq sifatini baholash xaritalari tuzilgan hamda lalmi erlarning holati aniqlangan va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Hisor tog‘ tizmalari lalmi tuproqlari va ularning sifatini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

«Lalmi va yaylov erlarning holati va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar» Er resurslari geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (Er resurslari geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2019 yil 14 fevraldagi 03-05-1222-son ma’lumotnomasi). Natijada lalmi tuproqlarning unumdorligini saqlash, qayta tiklash va oshirish, qishloq xo‘jalik ekinlarni tuproq-iqlim sharoitlariga qarab to‘g‘ri joylashtirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;

Viloyat tog‘-lalmi hududlarining 1:200000 miqyosli tuproq kartasi Qashqadaryo viloyatining 258,5 ming gektar lalmi er maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (Er resurslari geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2019 yil 14 fevraldagi 03-05-1222-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ma’lumotlar lalmi tuproqlardan samarali foydalanish, tuproq eroziyasining oldini olish, unumdorligini oshirish va muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini bergan;

Shahrisabz tumani «Hisor», G‘uzor tumani «Sho‘rtan», Dehqonobod tumani «Dehqonobod” va «Qo‘ng‘irot» xo‘jaliklarining 1:25000 miqyosli tuproq sifatini baholash kartalari jami 9399,0 gektar er maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (Er resurslari geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2019 yil 14 fevraldagi 03-05-1222-son ma’lumotnomasi). Natijada lalmi tuproqlarning sifati va qiyalik ekspozisiyasini hisobga olgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘g‘ri joylashtirish, ekinlar hosildorligini belgilash, lalmi tuproqlarning unumdorligini saqlash va qayta tiklashda qo‘shimcha tavsiya sifatida foydalanish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish