Axmedov Tuychi Adashevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda televideniening rivojlanish jarayoni va uning aholi ijtimoiy-madaniy hayotidagi o‘rni (1991–2016 yillar)”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: V.2018.3.PhD/Tar.8.
Ilmiy rahbar: Shadmanova Sanavar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq Ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: tarix fanlari doktori, professor Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari doktori Maxkamova Nodira Raxmanovna.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: 1991–2016 yillarda O‘zbekistonda televideniening rivojlanish jarayoni va uning aholi ijtimoiy-madaniy hayotidagi o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda davlat televideniesi rivojining to‘rtta bosqichi ko‘rsatilgan: birinchi bosqich (1991–1997 yillar) – g‘oyaviy-ma’naviy jihatdan yangi davrga mos milliy telekanallarning shakllanganligi, ikkinchi bosqich (1997–2004 yillar) – turli yo‘nalishlarga ega bo‘lgan ixtisoslashgan telekanallarning tarkib topganligi, uchinchi bosqich (2005–2011 yillar) – ixtisoslashgan va hududiy telekanallarni moddiy-texnik jihatdan mustahkamlanganligi, ular faoliyatida sifat o‘zgarishlari ro‘y berganligi, to‘rtinchi bosqich (2011 yildan keyingi yillar) – raqamli telekanallarning vujudga kelishi bilan bog‘liq omillar qiyosiy jihatdan ochib berilgan;
respublika telekanallarining mamlakatni uzoq va chekka hududlarida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni to‘liq yoritib berishda efir imkoniyatlari etarli emasligi sababli “Ellikqal’a”, “Istiqlol”, “Nurota”, “G‘ijduvon”, “Olmaliq”, “Urgut”, “Zarafshon” kabi shahar va tuman telestudiyalari shakllanganligi, ularni axborot tarqatish va teledasturlarni efirga uzatish orqali telekanallar o‘rtasidagi raqobat jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatganligi asoslab berilgan;
televidenie sohasiga raqamli formatning joriy etilishi o‘nlab telechastotalarda telekanallarni efirga uzatish hamda aholi qiziqishlariga mos sohalar bo‘yicha telekanallarni ixtisoslashtirish imkonini berganligi isbotlangan;
nodavlat telekanallar davlat byudjetidan moliyalashtirilmasligi va o‘zini-o‘zi mablag‘ bilan ta’minlashi sababli ularning normal faoliyati uchun zarur hisoblangan telestudiyalari, moddiy-texnik jixozlari, professional jurnalistlarni jalb etish holati reklama va tadbirkorlikni qanchalik yo‘lga qo‘yganligi bilan bog‘liq bo‘lganligi, bu esa ayrim telekanallarni o‘z faoliyatini to‘xtatishiga ham olib kelganligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda televideniening rivojlanish jarayoni va uning aholi ijtimoiy-madaniy hayotidagi o‘rni bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
televidenie asosida tashviqot jarayonini kuchaytirish zarurligi bilan bog‘liq ilmiy natijalar “Saylovoldi tashviqoti” nomli qo‘llanmada aks ettirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2018 yil 7 maydagi 218/3-son ma’lumotnomasi). Mazkur risolada bayon qilingan tahlil va takliflar 2014 yil 24 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga o‘tkazilgan saylovlarda respublika bo‘yicha 9035 ta uchastka saylov komissiyasi faoliyatini metodik jihatdan yaxshilashga xizmat qilgan;
telejurnalistika oldidagi muammolar, bu boradagi taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining 2018 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining 2018 yil 24 maydagi 14/145-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotda umumlashtirilgan tahlillar respublika, hududiy va nodavlat telekanallar faoliyatining o‘ziga xos jihatlarini o‘rganish va monitoring qilishga xizmat qilgan;
hududlardagi nodavlat telekanallarining rivojlantirish maqsadida ularning reklama va tadbirkorlik faoliyatini kuchaytirish kabi taklif va xulosalardan Jizzax viloyat “Istiqbol” mintaqaviy tadqiqot markazining “Joylarda ijtimoiy muammolarni hal etishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish” mavzusidagi grant loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining 2019 yil 26 martdagi QX-18-son ma’lumotnomasi). Ushbu ma’lumotlar televidenieni jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi faoliyatini baholash imkonini bergan.