Xalilova Zilola Erkinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “1945-1991 yillarda O‘zbekistonda islom dini ta’limining holati va tarixshunosligi”, 07.00.08–Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2017.1.PhD/Tar77.
Ilmiy rahbar: Alimova Dilorom Agzamovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.06.01.2018.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Shadmanova Sanavar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori, professor; Minavvarov Zohillo Inomxodjaevich, siyosiy fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: 1945–1991 yillarda O‘zbekistonda islom ta’lim muassasalari faoliyatini ochib berish hamda muammoning tarixshunosligini yoritishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston SSRning islom ta’lim muassasalarida al-Azhar, al-Qaravayyin, Bengazi, Ummudurmon singari xorijiy universitetlarning ta’lim dasturlari asosida ish yuritilganligi va shu orqali sobiq Sovet Ittifoqi bilan arab davlatlari o‘rtasida do‘stona munosabatlar yo‘lga qo‘yilganligi hamda diniy ta’lim tizimida “an’anaviy” bilan birga “zamonaviy” ta’lim shakllarining qo‘llanganligi aniqlangan;
O‘zbekistonda tashkil etilgan ta’lim muassasalarining “siyosiy ob’ekt” vazifasini bajarganligi, ya’ni “xalqaro turizm” maskani sifatida Sovet Ittifoqining Sharq mamlakatlari (Misr, Suriya, Iordaniya, Marokash, Sudan) bilan olib borgan xalqaro aloqalarini mustahkamlashga, ular o‘rtasidagi madaniy almashinuvni ta’minlashga xizmat qilganligi va O‘zbekistondagi bir guruh talabalarning xorij islom universitetlarida malaka oshirishlariga imkoniyat yaratganligi asoslab berilgan;
O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlar diniy boshqarmasining din va ma’naviy qadriyatlarni saqlab qolishdagi ahamiyati, jumladan, sobiq Sovet Ittifoqi respublikalari hamda Bolgariya, V`etnam, Yaman, Afg‘oniston kabi davlatlariga diniy xodimlarni tayyorlashda qo‘shgan salmoqli hissasi rasmiy hujjatlar asosida dalillab berilgan;
xorij (ingliz-amerika) tadqiqotlarida sovetologiya yo‘nalishida davlatning islom dini va ta’limiga doir siyosatini baholashda bir tomonlama tanqidiy yondashuvlar ustun ekanligi, Vatan va Rossiya tarixshunosligida esa, islomshunoslik yo‘nalishida muammoning ijobiy va salbiy jihatlari nisbatan xolisona baholanganligi ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
1945-1991 yillarda O‘zbekistonda islom dini ta’limi holati va tarixshunosligini o‘rganish yuzasidan olingan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
O‘zbekistonda 1945–1991 yillarda din sohasida davlatning olib borgan siyosati va bu jarayonda Mir Arab, Baroqxon madrasalari, Toshkent Islom instituti faoliyatining tashkil etilishi jamiyatda ma’naviy-madaniy qadriyatlarni qayta tiklanishiga xizmat qilganligi borasidagi xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy konsepsiyasini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazining 2018 yil 16 fevraldagi 53/18-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi sovet yillarida tashkil etilgan O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining islom qadriyatlari va diniy ta’limotini saqlashdagi ahamiyatini ko‘rsatib berishda asos bo‘lgan.
XX asrning ikkinchi yarmida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari boshqarmasining Sharq mamlakatlari bilan olib borgan xalqaro aloqalari, Toshkent islom instituti bir guruh talabalarining xorij islom universitetlaridagi faoliyatiga doir ma’lumotlar O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti huzurida tashkil etilgan muzey ekspozisiyalarini yaratishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2018 yil 11 iyundagi 1252-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan materiallar murakkab va ziddiyatli davrda diniy boshqarmaning kadrlar tayyorlash tajribasini yoritishda dalil bo‘lgan.
Sovet davlatining islom dini sohasida olib borgan siyosati va uning diniy ta’lim muassasalariga ta’siri yuzasidan olingan ilmiy xulosalar Avstriya Fanlar akademiyasi Eronshunoslik tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan “Seeing Like an Archive: Documents and Forms of Governance in Central Asia” loyihasida foydalanilgan (2018 yil 23 maydagi Avstriya Fanlar akademiyasi Eronshunoslik instituti ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari sovet yillarida islom va davlat munosabatlari, bu siyosatning mohiyati, madrasalar va islom instituti faoliyatini ochib berishga xizmat qilgan.