Burxanova Dilnavoza Utkurovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sug‘oriladigan  tipik bo‘z va o‘tloqi tuproqlarning unumdorligini oshirish yo‘llari (Toshkent viloyati misolida)», 06.01.03–Agrotuproqshunoslik va agrofizika (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Qx254.

Ilmiy rahbar: Turapov Ibragim, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx/B.43.01.

Rasmiy opponentlar: Qurvantoev Raxmontoy, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Faxrutdinova Mashkura Fazliddinovna, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z va o‘tloqi tuproqlari sharoitida o‘simlik qoldiqlari bilan mulchalash hamda turli o‘g‘it (organik o‘g‘it, biogumus, biopreparat)larni qo‘llash orqali tuproq unumdorligini va qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligini oshirish yo‘llarini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

sug‘oriladigan tipik bo‘z va o‘tloqi tuproqlarni o‘simlik qoldiqlari bilan mulchalash hamda turli o‘g‘itlar qo‘llashning tuproq unumdorligini oshishiga samarali ta’sir etishi isbotlangan; 

sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarni o‘simlik qoldiqlari bilan mulchalash va o‘tloqi tuproqlarda turli o‘g‘it (organik o‘g‘it, biogumus va biopreparat)larni qo‘llashning tuproq agrofizikaviy, agrokimyoviy xossalari yaxshilanishiga hamda mikrobiologik faolligiga ta’siri aniqlangan;

sug‘oriladigan o‘tloqi tuproqlarda kuzgi bug‘doy naviga turli o‘g‘itlardan «Baykal EM-1» biopreparatini ekishdan oldin 5 l/ga va tuplash fazasida 3 l/ga, go‘ng 20 t/ga, biogumus 2 t/ga me’yorlarida qo‘llash maqbulligi isbotlangan;

sug‘oriladigan tipik bo‘z va o‘tloqi tuproqlarga turli o‘g‘it (organik o‘g‘it, biogumus va biopreparat)larni qo‘llash va tuproqni o‘simlik qoldiqlari bilan mulchalashni kuzgi bug‘doy va g‘o‘zaning o‘sib-rivojlanishi hamda hosildorligiga ta’siri aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z va o‘tloqi tuproqlarning unumdorligini oshirish yo‘llari bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:

fermer xo‘jaliklari uchun «Sug‘oriladigan tipik bo‘z, o‘tloqi tuproqlarning unumdorligi va uni oshirish yo‘llari bo‘yicha tavsiyalar» ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 27 noyabrdagi 02/020-214-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu tavsiyalar Toshkent viloyatining paxta-g‘allachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarida o‘simlik qoldiqlari bilan mulchalash va turli o‘g‘itlarni qo‘llash me’yorlari orqali tuproq unumdorligini oshirish uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;

tipik bo‘z tuproqlar sharoitida tuproqni qishloq xo‘jaligi ekinlari qoldiqlari bilan mulchalash texnologiyasi Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida 132 gektar sug‘oriladigan ekin maydonlarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 27 noyabrdagi 02/020-214-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida tuproqning haydalma qatlamida gumus miqdori 0,33 foizga oshgan va g‘o‘zaning «S-6524» navidan gektaridan 4,8 sentner qo‘shimcha paxta hosili olishga erishilgan;

o‘tloqi tuproqlar sharoitida ishlab chiqilgan N150P100K50+Baykal EM-1 biopreparatini qo‘llashning takomillashtirilgan agrotexnologiyasi Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida 123 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 27 noyabrdagi 02/020-214-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida tuproqning haydalma qatlamida gumus miqdori 0,07 foiz, nitrat shakldagi azot 7,3 mg/kg, harakatchan fosfor 5,45 mg/kg ga oshgan va kuzgi bug‘doyning «Tanya» navidan gektaridan qo‘shimcha 13,3 sentner don hosili olishga erishilgan;

N150P100K50+biogumus qo‘llashning takomillashtirilgan agrotexnologiyasi Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani «Maxmudov Baxtiyor Agro» fermer xo‘jaligida 50 gektar sug‘oriladigan er maydonida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 27 noyabrdagi 02/020-214-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu takomillashtirilgan texnologiya fermer xo‘jaliklarida kuzgi bug‘doydan gektaridan 11,3 sentner qo‘shimcha don hosili olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish