Axunov Tal’at Axmatovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tanlangan gravitatsion linzalangan kvazarlarning PZS-fotometriyasi va keng maydonlar holatlari», 01.03.01–Astronomiya (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/FM121.
Ilmiy maslahatchi: Nuritdinov Salaxitdin Nasritdinovich,fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti, Astronomiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Yadro fizikasi instituti, Astronomiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.FM/T.33.01.
Rasmiy opponentlar: Chernin Artur Davidovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Korshunova Natal`ya Aleksandrovna, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Turakulov Zafar Yalkinovich, fizika-matematika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: V.G. Fesenkov nomidagi Astrofizika instituti (Qozog‘iston Respublikasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tanlangan ikki va to‘rt komponentali gravitatsion linzalangan kvazarlarning PZS-fotometriyasi yordamida mikrolinzalanish va kechikish vaqti effekti ko‘rinishidagi hodisalar fizikasini o‘rganish hamda keng maydonlar raqamli tasvirlarini qayta ishlash algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qo‘shaloq FBQ 0951+2635 va SBS1520+530 GLKlarda ravshanlik o‘zgarishining jadalliligi bo‘yicha fonli va kuchli hamda davomiyligiga qarab uzoq davrli va qisqa davrli ikki turdagi mikrolinzalanish sinflari aniqlangan;
tanlangan GLKlar uchun ravshanlik egri chiziqlari hosil qilingan hamda to‘rt komponentli PG1115+080, N1413+117, V1422+231 GLKda kechikish vaqtining yangi qiymatlari aniqlangan;
PG1115+080 GLKda A1/A2 oqim nisbati nafaqat vaqt bo‘yicha o‘zgarishi, balki fil`trning to‘lqin uzunligiga ham bog‘liqligi aniqlangan va linzalangan komponentlarning (V−I) rang ko‘rsatkichining ham ravshanlikka, ham vaqtga bog‘liqligi ko‘rsatilgan;
N1413+117 GLKda kuchli mikrolinzalanish va unga sababchi jism massasi uchun quyi chegara qiymati topilgan hamda gravitatsion linza uchun singulyar izotermik ellipsoidli yangi model` ishlab chiqilgan va uning qizilga siljishi aniqlangan;
keng maydonlar tasvirlarining kompyuterda qayta ishlash usullari va algoritmlari ishlab chiqilgan hamda KVI rejimida zenit kuzatuvlari davomida olingan tasvirlarda presessiya effekti aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tanlangan ikki va to‘rt komponentali gravitatsion linzalangan kvazarlarning mikrolinzalanish va kechikish vaqti effekti ko‘rinishidagi hodisalar fizikasini o‘rganish hamda keng maydonlar raqamli tasvirlarini qayta ishlash algoritmlarini ishlab chiqish asosida:
FBQ 0951+2635 va SBS1520+530 GLKlardagi mikrolinzalanishning davomiyligi va tabiatini tadqiq etish davomida olingan natijalar xalqaro ilmiy jurnallarda (Astronomy&Astrophysics, 2018, 2012a,b; Monthly Notices of the Royal Astronomical Society, 2013; Astronomy&Astrophysics Supplement Series, 2011; Astrophysics Journal, 2010) va GLENDAMA loyihasi doirasida kuchli gravitatsion linzalar modellari tahlilida va kosmologik parametrlarni hisoblashda foydalanilgan. Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi linzalangan kvazarlar bo‘yicha keng qamrovli ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda boshqa qo‘shaloq GLKlarda uzoq davrli mikrolinzalanish hodisalarini topish imkonini bergan;
PG1115+080 GLK linzalangan komponentlari orasidagi kechikish vaqtining Maydanak observatoriyasida olib borilgan monitoringi asosida olingan yangi qiymatlari halkaro jurnallarda (Astronomy & Astrophysics, 2018, 2013; Monthly Notices of the Royal Astronomical Society, 2016; The Astrophysics Journal Supplement Series, 2015; Astronomical Reports, 2015) ushbu sistemada kechikish vaqtlarini qayta hisoblashlarda va bu kattalikni mikrolinzalanish holati uchun topishga mo‘ljallangan yangi usulni ishlab chiqishda foydalanilgan. Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi kuzatish o‘qi bo‘ylab linzalar atrofidagi muhitning tuzilishini o‘rganishga hamda yirik masshtabli tuzilmalarning linzalar statistikasiga va ular parametrlariga ta’sirini yaxshiroq tushunishga imkon bergan;
PG1115+080 GLKdagi linzalangan komponentlarning ravshanligi o‘zgarishining tahlili va A1/A2 yorqin komponentdagi mikrolinzalanishni o‘rganish natijalari xalqaro jurnallarda (Monthly Notices of the Royal Astronomical Society, 2016, 2018; Astronomy & Astrophysics, 2015, 2018; The Astrophysics Journal, 2016; Astronomical Reports, 2015) mikrolinzalanish effektini tadqiq etishda kechikish vaqti qiymatlariga asoslanib mikrolinzalanish xaritalarini tuzishga mo‘ljallangan yangi usulni ishlab chiqishda foydalanilgan. Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi Xabbl doimiysini yangitdan hisoblash hamda uzoq manbalarning nuqtaviy va ko‘lam moddalar tomonidan mikrolinzalanish bilan g‘alayonlangan ravshanlik egri chiziqlarini statistik tahlil etish imkonini bergan;
N1413+117 komponentlar ravshanliklari o‘zgaruvchanligining kechikish vaqtlarini hisoblash, kuchli mikrolinzalanish hodisasini topish, linzalovchi jismning qizilga siljishini hisoblash bo‘yicha biz o‘tkazgan tadqiqot natijalari xalqaro jurnallarda (Astronomy & Astrophysics, 2018; Astronomy & Astrophysics, 2018; 2018arXiv 181002624W; Nature, 2018) gravitatsion linzalar modellaridagi noaniqliklarni va manba vaziyati o‘zgarishining kechikish vaqtlariga ta’sirini baholashda, GRAL113100-441959 yangi gravitatsion linzalangan sistema ekanligini spektroskopik tasdiqlashda va undagi kechikish vaqtini model` yordamida prognozlashda foydalanilgan. Ilmiy natijalarning qo‘llanishi shimoliy yarim shardagi optik yorqin linzalangan kvazarlar bo‘yicha yangi ma’lumotlar bazasiga kiritilgan hamda O‘zbekistonda zamonaviy astronomiyaning holatini tahlil etishga imkon bergan;
keng maydonlar tasvirlarini qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqilgan usul va algoritmlari 4-m ILMT xalqaro kuzatuv loyihasi doirasida qo‘llanilgan («Universiti de Liege»ning 2019 yil 15 yanvardagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarining qo‘llanilishi keng maydonlar tasvirlarini qayta ishlash bo‘yicha dasturlar ketma-ketligini shakllantirish va kosmik musor ob’ektlarini topish imkonini bergan.