Yusupova Nigora Jaloliddin qizining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Islom oila huquqi: paydo bo‘lishi, rivojlanishi, manbalari va institutlari”, 12.00.01–Davlat va huquq nazariyasi va tarixi. Huquqiy ta’limotlar tarixi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.DSc/Yu80.
Ilmiy rahbar: Toshqulov Jo‘raboy O‘rinbaevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.23.01.
Rasmiy opponentlar: Saidov Akmal Xolmatovich, akademik, yuridik fanlar doktori, professor; Muhitdinova Firyuza Abdurashitovna, yuridik fanlar doktori, professor; Kadirov Eshmuxamad Omanturdievich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: islom oila huquqining yuzaga kelishi, manbalari, institutlarining tartibga solinishidagi ijtimoiy-huquqiy jihatlarni, nazariy va amaliy qoidalarini islom huquqining klassik manbalari hamda Movarounnahrda yaratilgan oilaviy munosabatlarga oid asarlar asosida qiyosiy-huquqiy nuqtai nazardan tahlil qilib, oila institutini mustahkamlash va takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bolalarni parvarishlash, ta’lim-tarbiya berish, ular ta’minoti bilan bog‘liq huquqlarini himoya qilish hamda voyaga etmagan bolalar ta’minoti uchun alimentni to‘lash va undirish tartibi mexanizmini belgilovchi oila qonunchiligini yanada takomillashtirish maqsadida voyaga etmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlarni bola voyaga etguniga qadar bo‘lgan davr uchun oldindan to‘lanishini qonun bilan belgilash zarurati asoslab berilgan;
oila institutini mustahkamlash maqsadida islom huquqining oila manfaatlariga to‘la javob beradigan me’yorlarini, islomda oila ma’naviyatining ma’rifiy-tarbiyaviy, huquqiy tamoyillarini joylarda soha mutaxassislari tomonidan to‘g‘ri tushuntirish orqali yoshlarni nikohga, oilaviy munosabatlarga tayyorlash, oilaning ma’naviy hamda huquqiy asoslari bo‘yicha bilim darajasi va ko‘nikmalarini oshirishda FHDYo organlari, “Xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha MFY mutaxassislari” malakasini oshirish kurslarida foydalanish maqsadga muvofiqligi asoslangan;
islomda oila huquqiga oid O‘rta asrlarda yaratilgan jahon hamda mamlakatimiz qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma manbalar, xususan “Fatovoi Qozixon”, “AlHidoya”, “Tuhfat al-fuqaho”, “Xulosat al-fatovo” kabi asarlar, ular mualliflarining huquqiy qarashlari borasidagi tahliliy natijalar bilan mamlakatimiz davlat va huquq tarixining ajralmas qismi hisoblangan islom huquqi, milliy huquq tarixi, huquq nazariyasi mazmunan takomilllashtirilgan hamda umumbashariy huquq tarixi va rivojida movarounnahrlik ulamolar qarashlarining sivilizatsion ahamiyati va o‘rni isbotlangan;
oila institutini rivojlantirishga doir madaniy meros, oilaviy qadriyatlarga bag‘ishlangan tadqiqotlar asosida, oila institutini mustahkamlashga, yoshlarni oilaga tayyorlashga va oilaviy ajrimlarning oldini olishga qaratilgan umuminsoniy, huquqiy, milliy, diniy oilaviy qadriyatlarni turli tashkilotlar, mahalla fuqarolar yig‘inlari, xotin-qizlar o‘rtasida muntazam targ‘ib qilinishi oila va jamiyatda xotin-qizlar huquqlarini, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, xotin-qizlar va voyaga etmagan bolalar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar, suisidning oldini olish, ayrim ruhiy tushkun holatdagi xotin-qizlarni ijtimoiy-psixologik himoya qilish ishlarining metodologiyasi sifatida namoyon bo‘lishi asoslangan;
islomda oila huquqi tushunchasining definisiyasi, uning me’yorlari mazmuni va talablari, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-axloqiy asoslari, oilaviy munosabatlarga kirishishda tomonlarning shaxsiy va mulkiy huquqlari, nikoh, islomda nikoh shartnomasi, mahr, idda, nafaqa, meros institutlari, oilada bolalarning shaxsiy va mulkiy huquqlari, vasiylik va xomiylik masalalari, poligamiya, nikohni bekor bo‘lish asoslari va uning huquqiy oqibatlarini tartibga soluvchi islom oila huquqi me’yorlari hamda odat huquqi tamoyillari tizimli tahlildan o‘tkazilgan va bugungi zamon uchun ahamiyatli jihatlari belgilangan;
islomda oila huquqiga oid Qur’oni karim va hadislarda keltirilgan dalillar, mazhablar nuqtai nazari va qarashlari, faqihlar, xususan movarounnahrlik olimlar asarlaridagi oila huquqiga oid g‘oya, tushuncha, norma, kategoriyalar, ularni amaliyotga joriy etish tarixi va xususiyatlari, qozilik amaliyoti va boshqa me’yoriy talablar mazmuni zamonaviy huquqiy qarashlar tizimi bilan uzviylikda, qiyosiy-tarixiylik va qiyosiy-tipologik aspektda tahlil qilingan va baho berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Islom oila huquqi: paydo bo‘lishi, rivojlanishi, manbalari va institutlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
jamiyatda oilaga, oilaviy huquq va majburiyatlarga nisbatan mas’uliyatni oshirishga qaratilgan, nikoh yoshini kattalashtirish bo‘yicha, oilada farzandlarning nasl-nasabini belgilash, ularni parvarishlash, ta’lim-tarbiya berish, ta’minotini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqlari yuzasidan, islom huquqida nasabni aniqlash hamda oilani saqlab qolish imkonini beruvchi hamda ayollarning moddiy va ma’naviy himoya kafolati sifatida qaraluvchi idda instituti me’yorlaridan foydalanishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Oila qonunchiligini takomillashtirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 29 noyabrdagi 06-16/1801-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish oila institutini mustahkamlashga qaratilgan qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;
voyaga etmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar bola voyaga etguniga qadar bo‘lgan davr uchun oldindan to‘lanishi mumkinligiga oid takliflardan 09.01.2018 yildagi №O‘RQ-476-sonli Qonuni asosida O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 135-moddacini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 24 dekabrdagi 06-/1-05/976/-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish voyaga etmagan bolalar ta’minoti uchun alimentni to‘lash va undirish tartibi mexanizmini belgilovchi qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qilgan;
oila institutini mustahkamlash borasidagi islom huquqining asrlar davomida hayot tajribasi sinovlaridan o‘tgan oila manfaatlariga to‘la javob beradigan me’yorlarini joylarda soha mutaxassislari tomonidan to‘g‘ri tushuntirish orqali yoshlarni nikohga, oilaviy munosabatlarga tayyorlash maqsadida ular uchun FHDYo organlarida ma’ruzalar tashkil etish, ta’lim muassasalarida yigit va qizlarni turmushga tayyorlash, erta nikohning salbiy oqibatlari, reproduktiv salomatlik, gigiena masalalari bo‘yicha bilim darajasi va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida maxsus kurslarni o‘qitish zarurligiga oid tavsiyalardan “Xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha MFY mutaxassislari” malakasini oshirish kurslarida, FHDYo organlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining 2018 yil 30 noyabrdagi 884-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish oilalarni, onalik va bolalikni himoya qilish samaradorligini oshirish, jamiyatda oilaviy ajrimlar soni kamayishiga erishish, yoshlarga oila va nikohning muqaddasligini keng tushuntirish ishlarini tashkil etishda xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (2017) qarori, “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi (2018) farmonida belgilangan dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning asarlari tadqiqini kengaytirish, ularni ta’lim-tarbiya jarayoniga joriy etish va ilmiy muomalaga kiritishga oid vazifalar ijrosini amalga oshirish maqsadida klassik fiqhiy asarlardagi oilaviy munosabatlarga oid qarashlar huquqiy nuqtai nazardan o‘rganilib, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda maqsadli tayyorlangan “Movarounnahr hanafiy faqihlari asarlarida oilaviy munosabatlarni mustahkamlashga oid qarashlarning mohiyati” nomli monografiyada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2018 yil 4 dekabrdagi 6581-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, xotin-qizlar va voyaga etmagan bolalar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar oldini olish ishlarini tizimli amalga oshirishda xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining“Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risi”dagi(2018)farmonida belgilangan oila institutini rivojlantirishga doir madaniy meros, oilaviy qadriyatlar muammolariga bag‘ishlangan tadqiqotlarni amalga oshirish, ular asosida oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaga tayyorlash va oilaviy ajrimlarning oldini olishga qaratilgan umuminsoniy, milliy oilaviy qadriyatlarni tahlil qilishga oid vazifalar ijrosi bo‘yicha “Oilaviy hayotning shar’iy asoslari” nomli risola tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining 2018 yil 20 dekabrdagi 04/1542-18-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish oila va jamiyatda xotin-qizlar huquqlari, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayrim ruhiy tushkun holatdagi ayollarni ijtimoiy-psixologik himoya qilish ishlarini tizimli amalga oshirishga xizmat qilgan.