Abdullaev Fayzulla Abdullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘zada guminli stimulyatorlarini qo‘llash texnologiyasi», 06.01.08–O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Qx102.
Ilmiy rahbar: Abdualimov Shuhrat Xamadullaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Ostanaqulov Toshtemir Eshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Tillabekov Botir Xasanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida gumin asosidagi stimulyatorlarning chigit unib chiqishiga, nihol kasalliklariga, o‘simlikning jadal o‘sishiga, paxta hosili va tola sifatiga ta’sirini hamda maqbul qo‘llash muddat va me’yorlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida chigitga ekish oldidan hamda g‘o‘zaning shonalash va gullash davrlarida gumin asosli stimulyatorlar bilan ishlov berishning maqbul muddat va me’yorlari ishlab chiqilgan;
gumin asosli Gumimaks, Uzgumi, Kgmu stimulyatori chigitga maqbul muddat va me’yorlarda qo‘llanilganda nihollar unib chiqishi tezlashgan va kasalliklarga bardoshligi ortishi aniqlangan;
Gumimaks stimulyatori g‘o‘zaning shonalashda 0,3 l/ga, gullash davrida 0,3 l/ga, Uzgumi stimulyatori shonalashda 0,3 l/ga, gullashda 0,4 l/ga va Kgmu stimulyatori shonalash va gullash davrlarida 5 kg/ga qo‘lanilganda, o‘simlikning o‘sish-rivojlanishi jadallashganligi hamda paxta hosili, tolaning sifat ko‘rsatkichlari ortgani aniqlangan;
gumin asosli stimulyatorlar chigitga va g‘o‘zani vegetatsiya davrlarida maqbul muddat va me’yorlarda qo‘llanilganda chigit mag‘zidagi moydorligi ortishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida gumin asosli stimulyatorlarni g‘o‘zada qo‘llashning maqbul muddat va me’yorlarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
paxtachilik fermer xo‘jaliklari uchun “Dehqon va fermer xo‘jaliklariga Gumimaks preparatidan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar”, “Uzgumi bioo‘g‘itidan foydalanish bo‘yicha dehqon va fermer xo‘jaliklariga tavsiya”, “Surxondaryo viloyatida ekilayotgan g‘o‘za navlarini etishtirish agrotexnologiyasi” tavsiyanomalar ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 19 fevraldagi 02/23-115-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyalar bugungi Toshkent viloyatining paxtachilik fermer xo‘jaliklari uchun gumin asosli stimulyatorlardan foydalanish bo‘yicha qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
Gumimaks va Uzgumi stimulyatorlari Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi paxtachilik fermer xo‘jaliklarida 502 gektar, Bo‘ka tumanida 390 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 19 fevraldagi 02/23-115-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘simlikning o‘sib rivojlanishi yaxshilangan, gektaridan 3-4 sentnergacha qo‘shimcha paxta hosil olingan va rentabellik darajasi 10,2 foizga ortishi ta’minlangan;
Toshkent viloyatidagi paxtachilik fermer xo‘jaliklarida Gumimaks, Uzgumi va Kgmu stimulyatorlari jami 892 gektar maydonga joriy etilgan ( Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 19 fevraldagi 02/23-115-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida g‘o‘zaning o‘sishi va rivojlanishi jadallashib, kasalliklarga bardoshliligining ortgan hamda gektaridan qo‘shimcha 3-4 sentner paxta hosili olishga erishilgan.