Jalolova Shaxnoza Muhamedjanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ingliz va o‘zbek fe’l turlarining chog‘ishtirma tadqiqi», 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V.2018.3.PhD/Fil63.
Ilmiy rahbar: Djumabaeva Jamila Sharipovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Andijon davlat universiteti, DSc.26.04.2018.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Rasulova Mahfuza Inamovna, filologiya fanlari doktori, professor; Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ingliz va o‘zbek tillarida grammatika va leksika o‘rtasidagi aloqadorlikni inobatga olgan holda fe’l turlarini aniqlash va chog‘ishtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz va o‘zbek tillarida grammatika va leksika o‘rtasidagi bog‘liqlik asosida fe’llarni turlarga ajratish dalillangan;
ingliz tilida o‘timli va o‘timsiz fe’llar bilan bir qatorda mavjud qorishiq fe’llar aniqlangan;
ingliz va o‘zbek tillarida mavjud bo‘lgan mustaqil, bir valentli, ikki valentli, uch valentli kabi grammatik jihatdan ahamiyatli bo‘lgan fe’l turlaridagi o‘xshashlik va shaxssiz fe’l turlarining infinitiv, gerundiy, sifatdosh, ravishdosh kabi farqli jihatlarini namoyon bo‘lishi ochib berilgan;
ingliz va o‘zbek tillarida fe’llarning mustaqil ma’no anglatishiga, shakl yasashiga, ob’ektga munosabatiga, valentligiga, fe’llarning predlogli to‘ldiruvchi olishiga, o‘timsiz fe’llarning passiv nisbat formasida kela olishiga, harakatning vaqtda chegaralanganligiga ko‘ra hamda formal egani talab qiluvchi fe’l turlari kabi grammatik jihatdan ahamiyatli bo‘lgan tasnifi ishlab chiqilgan;
o‘zbek tilida grammatik nisbat, mayl va davomiylik (tarz) kategoriyalariga oid yangicha yondashuv – fe’lning nisbat kategoriyasiga uch hadli oppozisiyadan aniqlik, o‘zlik, majhullik nisbatlardan iborat deb qaralishi, o‘zbek tilida ham ingliz tilidagi kabi mayllar ko‘chishi hodisasi va davomiylik tarz kategoriyasining kuzatilishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ingliz va o‘zbek fe’l turlarining chog‘ishtirma tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
fe’llarning valentlikka ko‘ra turlari: bir valentli (to go - yurmoq, to die - o‘lmoq to bleed - qonamoq), ikki valentli (to kill - o‘ldirmoq; to beat - urmoq), uch valentli (to tell - aytmoq; to write - yozmoq; to ask - so‘ramoq) kabi leksemalar, sintaktik qurilmalar, hamda modal, ko‘makchi fe’llarning sintaktik va semantik xususiyatilariga oid fikrlardan A-1-92 raqamli “Avestoni tizimli tadqiq etish va zardushtiylik xrestomatiyasini nashr etish” mavzusidagi davlat loyihasining atamalar izohi qismida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 30 apreldagi 89-03-1581-son ma’lumotnomasi). Natijada zardushtiylik xrestomatiyasini tadqiq qilish hamda nashr etish jarayonida matnlarni mazmunini sharhlash, o‘zbek tilining boy ifoda imkoniyatlarini ko‘rsatish, ushbu soha doirasida qo‘llaniluvchi qadimiy, tarixiy atamalar mazmun-mohiyatini namoyon etuvchi fe’llarni tahlil etish hamda ularning kontekstga mos izoh va muqobillarini tanlash imkonini bergan;
fe’l turlarini chog‘ishtirish yo‘li bilan semantik xususiyatlari jihatidan bayon qilingan ikki vazifali-qorishiq fe’llarga oid nazariy xulosalaridan “Ingliz tili grammatikasidan universal qo‘llanma” nomli o‘quv qo‘llanmada foydalanilgan ((grif: ISBN 978-9943-373-71-6), O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 30 apreldagi 89-03-1582-son ma’lumotnomasi). Natijada zamonaviy tilshunoslikda o‘zaro tafovutga ega bir-biriga qardosh bo‘lmagan tillar, ya’ni ingliz va o‘zbek tillaridagi o‘timli, o‘timsiz, qorishiq fe’l turlarini qiyosiy aspektda talqin qilish, ingliz tilida 1600 ga yaqin fe’llarni qorishiq fe’l sifatida to‘plab, ularning ro‘yxati shakllantirilgan hamda ushbu qorishiq fe’llarning semantik xususiyatlarini ochib berishga xizmat qilgan;
fe’l turlarining grammatik xususiyatlarini aniqlash uchun tadqiq etilgan shaxs ko‘rsatuvchi va shaxs ko‘rsatmaydigan fe’llar oppozisiyasi leksik-grammatik kategoriya hosil qilishi haqidagi ilmiy-nazariy xulosalaridan “Modern Uzbek language” (grif: ISBN 978-9943-992-03-0) nomli o‘quv qo‘llanmada foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 30 apreldagi 89-03-1582-son ma’lumotnomasi). Natijada shaxs ko‘rsatuvchi va shaxs ko‘rsatmaydigan fe’llar oppozisyasi leksik-grammatik kategoriya hosil qilishi haqidagi A.I.Smirniskiy fikrini o‘zbek tili materiali asosida tasdiqlanishi va o‘zbek tilshunosligiga ham kiritilishi imkonini bergan, hamda ularning o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishga xizmat qilgan.