Yulbarsova Xurshidaxon Abdullajonovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Integrativ yondashuv asosida bo‘lajak o‘qituvchilarning kommunikativ kompetentliligini shakllantirish texnologiyasi», 13.00.02–Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ruyxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Ped374.

Ilmiy rahbar: Yuzlikaev Farit Rafailovich, pedagogika fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat universiteti, Ph.D.28.09.2018.Ped.76.02.

Rasmiy opponentlar: Erkabaeva Nigora Shermatovna, pedagogika fanlari doktori, professor; Yusupova Shoxidaxon Jaloliddinovna, pedagogika fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: integrativ yondashuv asosida bo‘lajak o‘qituvchilarning kommunikativ kompetentliligini shakllantirish texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

bo‘lajak o‘qituvchilarning kommunikativ kompetentliligini shakllantirishning integratsion omillari kasbiy-kommunikativ faoliyatning refleksiv shakllarini (individual-uslubiy, intuitiv) pedagogik imijning verbal va noverbal vositalari bilan uyg‘unlashtirish (integratsiyalash, doimiy tahlil qilish) asosida takomillashtirilgan;

bo‘lajak o‘qituvchilarda kommunikativ kompetentlilikni shakllantirish mezonlari (kognitiv, xulq-atvor, hissiy-emotsional) kasbiy-kommunikativ vaziyatlarda barqaror munosabat, samarali muloqot strategiyalarini tanlashda integrativ yondashuvning qayta aloqaga kirishish darajasini hisobga olish asosida ishlab chiqilgan;

bo‘lajak o‘qituvchilarda kommunikativ kompetentlilikni shakllantirish konseptual modelining praksiologik komponenti (samarali muloqot, madaniyatlararo munosabat, fikriy hamkechinmalilik) shaxsiy-kreativlikka yo‘naltirilgan treninglarni modifikatsiyalash asosida takomillashtirilgan;

bo‘lajak o‘qituvchilarning kommunikativ kompetentliligini shakllantirishning integrativ texnologiyasi (integratsion shakl, metod va vositalari majmui) ijtimoiy-gumanitar va umumkasbiy fanlarga doir o‘quv materiallarini konsentrizm tamoyili bo‘yicha tizimlashtirish asosida takomillashtirilgan.

IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Integrativ yondashuv asosida bo‘lajak o‘qituvchilarning kommunikativ kompetentliligini shakllantirish texnologiyasiga oid tadqiqotning ilmiy natijalari asosida:

bo‘lajak o‘qituvchilarning kommunikativ kompetentliligini shakllantirishning integratsion omillari va mezonlarini aniqlashtirishga doir takliflardan 5110900 – pedagogika va psixologiya bakalavriat yo‘nalishi Davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 21 avgustdagi 89-03-1412-son ma’lumotnomasi). Natijada “Pedagogika nazariyasi” va “Pedagogik mahorat” kurslarining mazmuni kommunikativ kompetentlilikni shakllantirishga yo‘naltirilgan nazariy va amaliy materiallar bilan boyitilgan;

bo‘lajak o‘qituvchilarda kommunikativ kompetentlilikni shakllantirishning konseptual modelini takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalardan OT-F-1-100 raqamli “Imkoniyati cheklangan bolalar ijtimoiy-madaniy faoliyatining badiiy-ijodiyot vositalari asosida nazariy va amaliy takomillashuvi” (2017–2021 yy.) loyihasi doirasida o‘qituvchilarning kommunikativ kompetentliligini shakllantirish tizimini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligining 2019 yil 15 yanvardagi 06-15/279-son ma’lumotnomasi). Natijada bo‘lajak o‘qituvchilarni ijtimoiy-madaniy faoliyatga tayyorlashning kommunikativ shakllarini amaliyotga qo‘llash samaradorligi oshgan;

bo‘lajak o‘qituvchilarning kommunikativ kompetentliligini shakllantirishga doir taklif va tavsiyalardan  “Yaxshilik” va “Mehr ziyosi” volontyorlik guruhlari faoliyatini tashkil etishda  OT-F-1-100 raqamli “Imkoniyati cheklangan bolalar ijtimoiy-madaniy faoliyatining badiiy-ijodiyot vositalari asosida nazariy va amaliy takomillashuvi” (2017–2021 yy.) nomli loyihasi doirasida bo‘lajak mutaxassislarning kommunikativ kompetentliligini shakllantirish texnologiyasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligining 2019 yil 15 yanvardagi 06-15/279-son ma’lumotnomasi). Natijada bo‘lajak o‘qituvchilarning o‘quvchilar bilan samarali muloqotni tashkil etishga doir kommunikativ kompetensiyalarining rivojlantirish samaradorligini oshirishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish