Abdulhaqov Yaxyojon Artikbaevichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Odam savdosi jinoyatlarini tergov qilishning xususiyatlari», 12.00.09–Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Yu51.

Ilmiy rahbar: Mirazov Davron Miragzamovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.25.01.

Rasmiy opponentlar: Inog‘omjonova Zumratxon Fatxullaevna, yuridik fanlar doktori, professor; Saidov Baxrom Anvarovich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: odam savdosi jinoyatlarini tergov qilishni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

odam savdosi – bu insonning ozodligi va erkinligiga doir huquqlarini poymol qiladigan, jabrdiydalarning salomatligiga va muayyan mamlakatdagi umumiy sog‘liqni saqlash tizimiga jiddiy xavf tug‘diradigan, tazyiq va zo‘ravonlikka asoslangan, salbiy ijtimoiy xulq-atvorning keng tarqalishiga sabab bo‘ladigan ijtimoiy xavfli qilmish ekanligi asoslantirilgan;

odam savdosi jinoyatlarini tergov qilishda jabrlanuvchilarni yollangan joyi, vaqti, yollagan shaxslar, ularning tanishligi darajasi, taklif etilgan ish yoki xizmatning turi, O‘zbekistondan chiqish uchun tanlangan transport turi, chegaradan o‘tish joyi, usulining qonuniy yoki noqonuniyligi, xorij davlatida amalga oshirilgan harakatlar, ekspluatatsiya turi, muddati, usullari, xususiyatlari, O‘zbekistonga qaytish yo‘li, vositasi va holatlarini isbotlash lozimligi asoslab berilgan;

odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning kriminalistik tavsifini shakllantirishda uning tarkibiga «jabrdiydalarni aniqlash, ularni yollash va jinoyatni sodir etish, hamda jinoyat sodir etilishi sharoitlari, vaqti, joyi, qo‘llanilgan usullar, tajovuz ob’ekti, jinoiy guruhning turi va shakli, ishtirokchilarning soni, shuningdek jinoyatchilarning shaxsini tavsiflovchi holatlar, jabrdiyda haqidagi ma’lumotlar»ni kiritish lozimligini asoslantirilgan;

uyushgan jinoiy guruhlar tomonidan sodir etilgan odam savdosi jinoyatlarini tergov qilishda ushbu guruhlarning tuzilishida ishtirokchilarning tutgan o‘rni, roli, mazkur jinoyatlarni sodir etishda yollash, tashish, topshirish va ekspluatatsiya etish bosqichlarining vaqti, joyi va usuli, jinoiy guruh a’zolari orasida vazifalarning taqsimlanish tartibi hamda guruh a’zolari har birining jinoiy faoliyatini isbotlash tartibi va o‘ziga xos usullarni qo‘llash zarurligi asoslab berilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Odam savdosi jinoyatlarini tergov qilishni takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:

odam savdosi tushunchasining jinoyat-huquqiy tavsifini ochib berish hamda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlarining vakolatlarini belgilash to‘g‘risidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 17 apreldagi «Odam savdosiga kurashish to‘g‘risida»gi qonunining 3, 17-moddalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018 yil 13 dekabrdagi 06/1-05/250-j-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning joriy etilishi odam savdosi jinoyatlariga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi organlar faoliyatining takomillashtirilishiga xizmat qilgan;

jabrlanuvchini o‘g‘irlash, zo‘rlik ishlatib yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yohud majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash bilan bog‘liq tarzda sodir etilgan odam savdosi jinoyatini kvalifikatsiya qilinishiga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2009 yil 24 noyabrdagi «Odam savdosiga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi 12-sonli qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2018 yil 22 dekabrdagi PL-63-18- son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi surishtiruvchi va tergovchilar tomonidan odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilinishiga xizmat qilgan;

jabrdiydalarni aniqlash, ularni yollash va jinoyatni sodir etish, hamda jinoyat sodir etilishi sharoitlari, vaqti, joyi, qo‘llanilgan usullar, tajovuz ob’ekti, jinoiy guruhning turi va shakli, ishtirokchilarning soni, shuningdek jinoyatchilarning shaxsini tavsiflovchi holatlarni aniqlash, shuningdek odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat ishlarini tergov qilishda taktik usullarini qo‘llash bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflardan O‘zbekiston Respublikasi IIVning idoraviy-normativ hujjatlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentining 2018 yil 30 noyabrdagi 18/41-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning joriy qilinishi odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat ishlarini tergov qilish metodikasining takomillashtirilishiga hamda tergov organlarining faoliyati samaradorligini oshishiga xizmat qilgan;

odam savdosi jinoyatlarini sodir etuvchi uyushgan jinoiy guruhlarning tuzilishi, ular tomonidan jinoyatlarni sodir etish bosqichlari hamda jinoiy guruh a’zolari orasida vazifalarning taqsimlanish mexanizmini aniqlash hamda ularning faoliyatini isbotlash yo‘nalishlari bo‘yicha berilgan takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 6 sentyabrdagi «Surishtiruv instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-442-son Qonunini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018 yil 13 dekabrdagi 06/1-05/250-j-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan har bir shaxsni jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida jalb etish hamda normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan tartibda ularning aybini to‘liq isbotlashga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish