Mirsanov Bobomurod Muhammadievichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek tili terminologiyasida ikkilamchi nomlashlar va ularning motivlashuvi (o‘zbek tili zoonimlari va fitonimlari misolida)», 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fil386.

Ilmiy rahbar: Shamsiddinov Hakim, filologiya fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSs.27.06.2017.Fil.02.03.

Rasmiy opponentlar: Yuldashev Ibrohim Jo‘raevich, filologiya fanlari doktori, professor; Jumanazarova Guljaxon Umrzoqovna, filologiya fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek tili zoonimlari va fitonimlari tarkibida ikkilamchi nomlash jarayonining inson assotsiativ tafakkurining qaysi qonuniyatlari asosida kechishi, bu jarayonda nom ko‘chishning qaysi omillari va qaysi turlari faolligini belgilashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

o‘zbek tili zoonimlar va fitonimlar tarkibida metaforik ko‘chim asosida yuzaga kelgan ikkilamchi nomlarda o‘xshatish ob’ekti, o‘xshatish obrazi, o‘xshatma belgi ishtirok etishi ochib berilgan;

nom ko‘chishning lisoniy omili hisoblangan ellipsisning ikkilamchi nomlash jarayonining doimiy yo‘ldoshi sifatidagi ishtiroki dalillangan;

ikkilamchi nomlash jarayonining ikki bosqichi: nutqiy bosqichi va lisoniy bosqichi mavjudligi dalillar bilan asoslangan;

metonimik ko‘chish asosida yuzaga kelgan ikkilamchi nomlashlarda bo‘lak orqali butun ifodalanishi faolligi aniqlangan;

ikkilamchi nomlashlar orqali shakllangan terminlar leksik-semantik, konversion, sintaktik, kompozision usullar bilan shakllanishi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘zbek tili terminologiyasining zoonimlar va fitonimlar bilan bog‘liq ikkilamchi nomlashlarni ochib berish jarayonida ma’naviy-ma’rifiy tizimni takomillashtirish bo‘yicha belgilangan tadbirlar asosida:

leksik-semantik usulda voqelangan ikkilamchi nomlashlar, elliptik substantivatsiya asosida shakllangan ikkilamchi nomlashlar  va oddiy so‘z birikmasi orqali shakllangan qo‘shma terminlardan  FA-F1-GO41 raqamli “O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish” (2012–2016)  mavzusidagi fundamental loyihaning mustaqillik davrida o‘zbek tili leksikasi taraqqiyotini yoritishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 19 maydagi 89-03-1928-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida o‘zbek tili terminlarining ikkilamchi nomlashlar asosida boyishi ochib berilgan;

ellipsis asosida voqelangan ikkilamchi nomlashlar, konversiya asosida voqelangan ikkilamchi nomlashlar, aniqlovchi komponent ad’ektivlashgan ikkilamchi nomlashlar, oddiy so‘z birikmasi orqali shakllangan ikkilamchi nomlashlar kabi ilmiy OT-F8-062 raqamli “Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari” (2007–2012) mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 18 yanvardagi 89-03-328-son ma’lumotnomasi). Natijada ikkilamchi nomlashlar yo‘li bilan hosil bo‘lgan terminlar izohi boyigan;

zoonimlar tarkibidagi leksik-semantik usul bilan shakllangan ikkilamchi nomlashga aloqador terminlar, sifatlovchi komponent ikkilamchi nomlash mavqeida bo‘lgan birikmalar, sifatlovchi komponent qo‘shma so‘z orqali ifodalangan birikmalar, oddiy so‘z birikmasi orqali voqelangan qo‘shma terminlar yuzaga kelish mexanizmi o‘xshatish ob’ekti, o‘xshatish obrazi va o‘xshatma belgi asosida tahlil qilingan va tahlil natijalaridan QXA-8-O14-2015 raqamli “Tabiiy serpusht qorako‘l qo‘ylar genofondini saqlash va ularni urchitishning seleksion-texnologik tizimini ishlab chiqish” (2015–2017) mavzusidagi fundamental loyihaning qorako‘l qo‘ylari, tana qismlari va qorako‘l guli hamda uning ifodalanishi orqali voqelangan qo‘shma terminlar, bo‘lak nomlari va ishlab chiqarish jarayonlari nomlarini yoritishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 14 iyundagi 89-03-2320-son ma’lumotnomasi). Natijada qorako‘lchilikka oid ko‘plab terminlarning izohlari mukammallashgan;

substantivatsiya hodisasi asosida qo‘shma terminning shakllanishi, qaralmish komponent ikkilamchi nomlash mavqeida bo‘lgan birikma terminlar, metaforik va metonimik nom ko‘chish asosida shakllangan terminlar, oddiy so‘z birikmasidan qo‘shma terminlar yuzaga kelishi tahlili natijalaridan “Erasmus+ staff mobility between programme and partner countries KA107” nomli xalqaro loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 6 sentyabrdagi 89-03-3141-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida ikkilamchi nomlashga oid terminlarning serqirralik mohiyati ochib berishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish