Azizov Il`dar Rafael`evichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston Respublikasining Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) bilan mamlakatning dolzarb muammolarini hal qilish borasidagi o‘zaro munosabatlari (1991–2017 yy.)”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V.2017.4.PhD/Tar219.
Ilmiy rahbar: Nuriddinov Erkin Zuxriddinovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Murtazaeva Rahbar Xamidovna, tarix fanlari doktori, professor; Alimardonov To‘lqin, siyosiy fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot: Jaxon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasining Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) bilan dolzarb muammolarni hal qilishdagi hamkorligini ochib berishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XX asrning 90-yillarida Sobiq Ittifoq hududidagi etnoslararo nizolarni bartaraf etish va tartibga solishda asosiy mexanizm sifatida xizmat qilgan EXHTning roli asoslab berilgan;
EXHTning O‘zbekistondagi faoliyatining shakllari va mexanizmlari o‘zgarishi sabablari hamda o‘ziga xos xususiyatlari (Markaziy Osiyo davlatlarining har biri bilan ikki tomonlama aloqalarga alohida ahamiyat berish, O‘zbekistondagi bir qator ichki siyosiy jarayonlarni baholashda fikrlar xilma-xilligi) aniqlangan;
O‘zbekistonda EXHT tomonidan huquqni muhofaza qilish organlari salohiyatini oshirish, demokratik institutlarni mustahkamlash va saylov jarayonlariga ilg‘or qonunchilik standartlarini tatbiq etish sohalarida amalga oshirilgan loyihalarning yuqori samaradorligi va natijadorligi isbotlangan;
EXHTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatorining respublikamiz davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan ishlashining asosiy shakl (qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, dolzarb ijtimoiy-siyosiy muammolarni muhokama qilish uchun maydon yaratish, moddiy-texnik bazani mustahkamlashga ko‘maklashish va boshq.) va usullari (davlat ijtimoiy-siyosiy qurilishining turli jihatlari bo‘yicha ma’lumotlar to‘plash va tahlil qilish, qonunchilik normalarining G‘arb standartlarini targ‘ib qilish, davlat xizmatchilari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining kasbiy malakasini oshirish va boshq.) aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasining EXHT bilan hamkorligi masalalarini tadqiq qilish jarayonida olingan ilmiy natijalar va amaliy tavsiyalar asosida:
Mahalliy vakillik organlarini shakllantirishda EXHT standartlarini joriy etish, EXHTga a’zo davlatlarning mahalliy vakillik organlari institusional asoslari, shu jumladan, vakillik organlarining nazorat faoliyatini amalga oshirish borasidagi ijobiy tajribalarini va qonun hujjatlari normalarini tatbiq etishga oid natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida 2012-2016 yillarda bajarilgan F1-089 raqamli “O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati va o‘zini o‘zi boshqarish organlarini liberallashtirishning davlat-huquqiy yo‘nalishlari” nomli fundamental loyihasi doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2018 yil 8 fevraldagi 01-10/270-son ma’lumotnomasi). Natijada xalq deputatlari Kengashlari tomonidan nazorat funksiyalarini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari va OAV salohiyatini oshirish, davlat xizmatchilarining va fuqarolik jamiyati vakillarining kasbiy malakasini oshi-rishdagi faoliyati hamda Orolbo‘yida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirish, narkobiznesga qarshi kurashuvchi davlat organlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish, ish faoliyatida yangicha uslublar, yangi texnologiyalardan foydalanishga oid natijalardan O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan EXHT bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “Yoshlarni NNT faoliyatiga jalb etish yo‘li orqali fuqarolik faolligini oshirish” loyihasini tayyorlash va amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zNNTMAning 2018 yil 26 apreldagi 04-06/121-01-son ma’lumotnomasi). Natijada “uchinchi sektor”ga ko‘ngillilarni jalb qilishning yangi zamonaviy usullari joriy etilgan, ko‘ngillilarga muhtoj nodavlat notijorat tashkilotlarning hamda bunday tashkilotlarga ixtiyoriy ko‘mak ko‘rsatish istagida bo‘lgan ko‘ngillilarning bazasi shakllantirilgan;
Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining ushbu tuzilma geosiyosiy qamrovi makonida barqarorlikni ta’minlashning kafolati sifatidagi o‘rnini tarixiy asoslash, shuningdek EXHT loyihalarining O‘zbekistondagi muvofiqlashtiruvchisi faoliyatining asosiy shakl va usullarining tahlili, shu jumladan harbiy-siyosiy jihatdan tadqiq etish natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investisiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan EXHT shafe’ligi ostida tashkil etilgan “Yoshlarning zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizm, radikalizm va terrorchilikka qarshi kurashishdagi roli to‘g‘risida”gi xalqaro anjuman konsepsiyasi va dasturini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investisiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining 2018 yil 7 maydagi 08-16/582-son ma’lumotnomasi). Natijada yoshlar orasida ekstremizm, radikalizm va terrorizmning avj olishiga qarshi kurashda dunyo hamjamiyatining salohiyatini muvofiqlashtirish mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.