Qodirova Dilrabo Abdukarimovnaning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Surxon-Sherobod vodiysi degradatsiyaga uchragan tuproqlarining holati va makon-zamonda o‘zgarishining biodiagnostikasi», 03.00.13–Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/V87.

Ilmiy maslahatchi: Gafurova Lazizaxon Akramovna, biologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx/B.43.01.

Rasmiy opponentlar: Urazbaev Ismatulla Ummatovich, biologiya fanlari doktori, dotsent; Isag‘aliev Murodjon To‘ychiboevich, biologiya fanlari doktori, dotsent; Narbaeva Xurshida Saparbaevna, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.

Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: kompleks tizimli yondashgan holda Surxon-Sherobod vodiysida tarqalgan tuproqlar biologik holatining informativ ko‘rsatkichlari asosida tuproq biodiagnostikasi mezonlarini ishlab chiqish va geoaxborot texnologiyalari yordamida kartografik modellarini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor biologik faollikning qator informativ ko‘rsatkichlari asosida tuproqning ekologik-biologik holatining integral ko‘rsatkichining (TEBHIK) qiymati aniqlangan;

muayyan geografik sharoitlarda shakllangan har bir tuproq tipi va tipchalarining umumiy biologik faollik darajasi aniqlangan;

tuproqlarda mikroorganizm guruhlarining tarqalishi, miqdori va biokimyoviy faolligining makon-zamonda hamda degradatsiya jarayonlari ta’sirida o‘zgarishi aniqlangan;

tuproqlarni biologik faollikning har bir informativ ko‘rsatkichlari bo‘yicha ta’minlanganlik va faollik darajasi aniqlangan;

tuproqlarning agrokimyoviy, agrofizikaviy xossalari va biologik faolligi o‘rtasida uzviy korrelyasion bog‘liqliklar aniqlangan;

integrallashgan umumiy biologik faollik qiymati tuproq unumdorligiga degradatsiya jarayonlarining ta’sir darajasini aniqlashda diagnostik ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qilishi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Surxon-Sherobod vodiysi tuproqlarining biologik holati va ularni makon-zamonda o‘zgarishining biodiagnostikasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

hudud tuproqlarining agrokimyoviy (harakatchan fosfor va kaliy) xossalari aks ettirilgan mavzuli xaritalar Surxondaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 21 noyabrdagi 02/020-206-son ma’lumotnomasi). Natijada hudud erlarining oziqa elementlari bilan ta’minlanganlik darajasiga ko‘ra qishloq xo‘jalik ekinlarini oqilona joylashtirish va sug‘oriladigan erlarda o‘g‘itlarni differensial qo‘llash imkonini bergan;

tuproqlarning biologik holatining informativ ko‘rsatkichlari va TEBHIK qiymatining hududiy o‘zgarishini tavsiflovchi kartografik modellar to‘plami Surxondaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 21 noyabrdagi 02/020-206-son ma’lumotnomasi). Natijada hudud tuproqlari unumdorligini monitoring qilish, qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishi uchun tuproqlar biologik potensialini oshirish va degradatsiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini bergan;

tuproqning umumiy biologik faolligi darajasini va degradatsiya jarayonlariga ta’sirchanligini aniqlash imkonini beruvchi biodiagnostika mezonlari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2018 yil 23 noyabrdagi 03-03/2-4530-son ma’lumotnomasi). Natijada tuproqlarning ekologik-biologik holatini monitoring qilish va degradatsiya jarayonlari ta’sirida tuproqning biogeotsenotik funksiyalarini buzilishini baholash imkonini bergan;

tuproqlarning ekologik holatini belgilovchi tuproqning ustki qatlamida SO2 gazi ajralib chiqishini tavsiflovchi kartografik modeli Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2018 yil 23 noyabrdagi 03-03/2-4530-son ma’lumotnomasi). Natijada issiqxona gazlarining umumiy oqimini baholash va iqlim o‘zgarishi sharoitida agrosferani adaptatsiyasiga oid tadbirlarni ishlab chiqish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish