Otaxonov Foziljon Xaydarovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasida yuridik xizmatning  nazariy-huquqiy muammolari», 12.00.02–Konstitusiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSc/Yu74.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.23.01.

Rasmiy opponentlar: Toshqulov Jo‘raboy O‘rinboevich, yuridik fanlar doktori, professor; Xamedov Isa Axlimanovich, yuridik fanlar doktori, professor; Muxammedjanov Omonulla Zokirovich, yuridik fanlar doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: yuridik xizmat tizimi va faoliyatini hamda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga yuridik yordam ko‘rsatishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha  taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

yuridik xizmat – davlat organi va tashkiloti faoliyatini huquqiy ta’minlash maqsadida majburiy tartibda tashkil etiladigan mustaqil tarkibiy tuzilma bo‘lib, u bevosita davlat organi va tashkilotining rahbariga bo‘ysunishi lozimligi asoslantirilgan;

yuridik xizmatning normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha funksiyasining qonunlarda belgilanishi korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan normalar bor-yo‘qligini aniqlashga xizmat qilishi asoslangan;

yuridik xizmat xodimlari malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan o‘tkazish tartibining nizomda belgilanishi, ularning yurisprudensiya sohasidagi nazariy va amaliy bilimlarini chuqurlashtirish, kasbiga munosibligi darajasini xolisona baholash, zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishi yuzasidan mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilishi ochib berilgan;

nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish va mediatsiya) tartibi, shuningdek yuridik xizmatning shartnomaviy munosabatlarni huquqiy jihatdan ta’minlashdagi ishtiroki qonunlarda belgilanishi davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning  buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarini tezkorlik bilan tiklash imkoniyatini berishi  asoslantirilgan;

tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli muhofazasining kafolatlarini kuchaytirishda Savdo-sanoat palatasi vakolatlarini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishi nazariy jihatdan ochib berilgan.

IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘zbekiston Respublikasida yuridik xizmatning nazariy-huquqiy muammolariga oid tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:

davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida qonuniylikni yanada mustahkamlash, demokratik va huquqiy islohotlarni amalga oshirishda yuridik xizmatlarning roli va javobgarligini izchillik bilan kuchaytirish borasidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 yanvardagi PQ-2733-son qarori bilan tasdiqlangan «Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati to‘g‘risida Nizom»ning 4, 5, 9, 15, 16, 18-bandlarida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2019 yil 22 yanvardagi 06/2-239-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatiga qo‘yiladigan talablarni, ularning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini, yuridik xizmat tushunchasini aniq belgilashga xizmat qilgan;

dissertantning yuridik xizmatning normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari huquqiy ekspertizasini amalga oshirishdagi ishtiroki to‘g‘risidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasining «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunining (yangi tahriri) 22-moddasi, «Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida»gi Qonunining 24-moddasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2019 yil  22 yanvardagi  06/1-05-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish huquq ijodkorligi jarayoni sifatini ko‘tarishga, yuridik xizmatning normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari huquqiy ekspertizasini amalga oshirishdagi ishtirokining qonun bilan belgilanishiga xizmat qilgan;

davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularning malakasini oshirish tartibini belgilash lozimligi to‘g‘risidagi takliflari asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 22 noyabrdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan «Yuridik xizmatlar xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularning malakasini oshirish tartibi to‘g‘risida Nizom» qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2019 yil 23 yanvardagi 2/1-10-6-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish yuridik xizmatlar xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazishda ularning kasbiga munosibligi darajasini xolisona baholash, zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish yuzasidan mas’uliyatini kuchaytirish, malakasini oshirishda esa yurisprudensiya sohasidagi nazariy va amaliy bilimlarini chuqurlashtirish va yangilashga xizmat qilgan;

nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibi va uning samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 107, 149 va 151-moddalariga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2019 yil 22 yanvardagi 06/1-05-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish nizolarni sudgacha hal qilish tartibiga rioya qilish, davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning  buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarini tezkorlik bilan tiklashga, shuningdek, sud jarayoni uchun sarflanadigan xarajatlarni hamda yuridik xizmat xodimlari vaqtini tejashga xizmat qilgan;

mediatsiya, shu jumladan, mediator va unga doir talablar, mediatsiyaning asosiy prinsiplari, mediativ kelishuv, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuv, mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuv hamda mediatsiyaning nizoni hakamlik sudida ko‘rish jarayonida ham qo‘llanilishi mumkinligi to‘g‘risidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasi «Mediatsiya to‘g‘risida»gi Qonunining 4, 5, 7, 12, 14, 15, 16, 22-moddalarida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2019 yil  22 yanvardagi  06/1-05-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish mediatsiyaga oid asosiy tushunchalarni ilmiy asoslangan xulosalar va xorijiy mamlakatlar tajribasiga tayangan holda ifodalanishi, mediator sifatida nafaqat advokat, balki mediatsiyani amalga oshirish uchun taraflar tomonidan jalb etiladigan har qanday shaxs, shu jumladan, yuriskonsul`t ham bo‘lishi mumkinligi qonunda belgilanishiga xizmat qilgan;

xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar yuridik xizmatining  shartnomaviy munosabatlarni huquqiy jihatdan ta’minlanishini tashkil etishga qaratilgan vazifalari, talabnoma, da’vo arizasi va sud buyrug‘iga oid takliflari O‘zbekiston Respublikasi «Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida»gi Qonunining 17, 18, 19, 20, 21-moddalarida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2019 yil 22 yanvardagi 06/1-05-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar yuridik xizmatining shartnomaviy munosabatlarni huquqiy jihatdan ta’minlashdagi ishtirokini hamda talabnoma bildirish va ko‘rib chiqish tartibi va muddatlarini, shuningdek da’vo arizasi va sud buyrug‘i olish to‘g‘risidagi arizani berish huquqini qonunda aniq belgilashga xizmat qilgan;

tadqiqotchining tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli muhofazasining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik faoliyati sohasi qonunchiligini takomillashtirish va bu borada Savdo-sanoat palatasi vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha takliflari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyundagi «Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5087-son Farmoni 1-bandining a) va b)-kichik bandlari, 4, 5 va 11-bandlarida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining 2019 yil 21 yanvardagi 11/IJ-39-641- son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirishga xizmat qilgan;

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Ijroiya qo‘mitasining tuzilmasini takomillashtirish va unda mustaqil yuridik xizmatni tashkil qilish to‘g‘risidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish to‘g‘risida»gi 3068-son Qarorini qabul qilishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining 2019 yil 21 yanvardagi 11/IJ-39-641-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish Savdo-sanoat palatasining Ijroiya qo‘mitasi tarkibida bevosita Palata raisiga bo‘ysunadigan mustaqil Yuridik byuro tashkil qilinib, Palatada qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash samardorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Yangiliklarga obuna bo‘lish