Jo‘raev Jaloliddin Olimjonovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sharafiddin Ali Yazdiy «Hulali mutarraz dar fanni muammo va lug‘az» asarining tekstologik va qiyosiy-tipologik tadqiqi»,10.00.10– Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSc/Fil.118.

Ilmiy maslahatchi: Hasanov Saidbek Rustamovich filologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, DSc. 27.06.2017.Fil.21.01.

Rasmiy opponentlar: Imomnazarov Muhammad Sultonovichfilologiya fanlari doktori, professor, Boltaboev Hamidulla Ubaydullaevichfilologiya fanlari doktori, professor, Shodmonov Nafas Namozovich filologiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: «Hulali mutarraz dar fanni muammo va lug‘az»ni tekstologik va qiyosiy-tipologik jihatdan yoritib berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

«Hulali mutarraz dar fanni muammo va lug‘az»ning Esad Efendi fondi­dagi 1760 raqamli eng qadi­miy qo‘lyozma nusxasi asosida ilmiy-tanqidiy matnni yaratishdagi etalonlash metodining nazariy mezonlari ishlab chiqilgan;

«Hulali mutarraz dar fanni muammo va lug‘az» hamda turdosh manba­lardagi muammo amallarini tasniflashga yondoshuvning o‘xshash va muammo amal­lari xusu­siya­tini tushuntirishdagi bayon uslubi mantiqiyligining farqli jihatlari dalillangan;

muammoning genezisi, janr xususiyati, sinkretik, ajralib chiqish, shakllanish, rivojlanish, kamolot davridan iborat takomil bosqichi, shakliga binoan g‘azal, ruboiy, qit`a, tuyuq, fard, masnaviy va qasida turlariga bo‘linishi ko‘rsatilgan;

muammo janriga oid risolalar tuzilishi va muammo amallarini ko‘rsatishdagi farqlariga qarab bevosita muammo janriga bag‘ishlangan, boshqa she’riy janr hamda san’atlar bilan birga muammo to‘g‘risida ma’lumot beruvchi, muammoning nazariy hamda amaliy jihatlariga bag‘ishlangan guruhlarga bo‘lingan;

muammo janridagi asarlarda ham boshqa she’riy janrlardagi singari ishq-muhabbat, axloqiy-ta’limiy va real voqelikka asoslangan mavzular borligi; ular o‘ziga xos badiiyat me’yorlari bilan birgalikda ijodkor adabiy mayllarini tugal shaklda ifodalay olish imkoniyatiga egaligi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Sharafiddin Ali Yazdiy «Hulali mutarraz dar fanni muammo va lug‘az» asarining tekstologik va qiyosiy-tipologik tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida:

qalb, talmih, istiora kabi she’riy san’atlar, muammo janrining intiqod, tahlil, tarkib, tabdil, isqot, tashif, tarodif va hisob amallari bo‘yicha olingan xulosalar FA-F 8-034 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining rivojlanish tamoyillari» nomli fundamental loyihaning «Na­voiy asar­lari lug‘ati»da joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 30 apreldagi 3/1255-1098-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari Navoiy she’riyatidagi muammo janri amallari hamda she’riy san’atlarning mazmun-mohiyati, ularning ijodkor adabiy mayllarini ifodalashdagi o‘rni va badiiyati yuzasidan aniq xulosalar chiqarish imkonini bergan;

Ali Yazdiy risolasining yaratilish tarixi, tuzilishi, asarga turdosh bo‘lgan manbalar, muammoning janr xususiyati, lug‘az va ta’rix kabi janrlardan farqli jihatlari, muammo janridagi she’rlar hamda ularning ifoda imkoniyatlari yuzasidan bildirilgan xulosalardan F-1-02 raqamli «Adabiyotshunoslik tarixining fundamental tadqiqi» mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 30 apreldagi 89-03-1589-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur fundamental tadqiqotning muammo tarixi va nazariyasiga bag‘ishlangan qismlari muammo janriga oid manbalar tahlili va janr taraqqiyotiga oid xulosalar bilan boyigan;

Sharafiddin Ali Yazdiyning hayot yo‘li va ijodiy foliyatiga oid materiallar, uning adabiyotshunoslikka oid faoliyati, bu borada yozib qoldirgan asarlari, asarlarining qo‘lyozma nusxalariga oid ma’lumotlar O‘zR FA O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining «Amir Temur va temuriylar davri Renessansi (XIV–XV asrlar)» nomli ekspozisiyani shakllantirishda istifoda etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 30 apreldagi 3/1255-1098-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari asosida ekspozisiya Ali Yazdiyning hayot yo‘li va ijodiga doir materiallar, uning adabiyotshunoslikka oid faoliyati, yozib qoldirgan asarlari  to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan;

muammonavis ijodkorlar shaxsiyati, ularning devoni qo‘lyozmasiga kirgan she’riy janrlar va tadqiqotlarga doir ma’lumotlar A-1-177 raqamli «Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi (asosiy fondi)dagi filologiyaga oid qo‘lyozmalarni ilmiy tavsiflash» mavzuidagi amalay loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 4 dekabrdagi 3/1255-3175-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi tavsiflarni muammonavis ijodkorlar shaxsiyati, devoni qo‘lyozmasining boshqa fondlarda mavjud mukammal nusxalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan to‘ldirish va ularga oid ilmiy tadqiqot manbalari bilan boyitish imkonini bergan;

muammo janrining taraqqiyot jarayonlari, janr xususiyati bilan bog‘liq natijalar unga yondosh bo‘lgan lug‘az va ta’rix janri kabi she’riy janrlarning xususiyatlari o‘rtasidagi o‘xshash jihatlarni ko‘rsatishga oid xulosalar I1-FA-0-78733 «O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti xazinasida saqlanayotgan o‘zbek tilidagi toshbosma kitoblar katalogini nashr qildirish» mavzuidagi innovatsion loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 4 dekabrdagi 3/1255-3175-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari katalogga kirgan toshbosma nashrlardagi asarlarning janr xususiyati, farqli jihatlari, soni va adabiy jarayondagi o‘rni yuzasidan aniq xulosalar chiqarish imkonini yaratgan va katalogdagi ma’lumotlar qamrovining kengayishini ta’minlagan;

Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning muammo janridagi she’rlarining tahliliga oid xulosalardan O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanalida efirga uzatilgan teleko‘rsatuvlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanalining 2018 yil 9 yanvardagi 01-02/10-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotning ilmiy natijalari tomoshabinlarga ikki buyuk shoir she’riyatining nozik qirralarini tanishtirishda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish