Shukurova Zillola Yusufovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qisasi Rabg‘uziy»da fol`klor an’analari», 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil100.

Ilmiy rahbar: Homidov Hamidjon, filologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi  Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil.46.02.

Rasmiy opponentlar: Yormatov Isomiddin Turg‘unovich, filologiya fanlari doktori, professor; Ochilov Ergash Zokirovich, filologiya fanlari nomzodi.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi fol`klor namunalarining «Qisasi Rabg‘uziy» asari syujet tizimidagi o‘rnini belgilash, muallifning xalq og‘zaki ijodidan foydalanishdagi o‘ziga xos poetik mahoratini ochib berish hamda qissa kompozision qurilishidagi fol`klorizmlarning badiiy-estetik vazifalarini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

«Qisasi Rabg‘uziy» kompozision tizimiga singdirib yuborilgan epik syujetlar, paremiologik janrlarga oid materiallar va xalq ijodiga xos badiiy ifoda usulining ustuvorlik qilishiga asoslangan holda mazkur asarning fol`klor an’analari ta’sirida yaratilganligi isbotlangan;

XIV asr o‘zbek fol`klori janrlar tizimida «Qur’on» oyatlari, hadislar, payg‘ambarlar hayoti haqida hikoya qiluvchi diniy manbalar ta’sirida shakllangan rivoyat, afsona va xalq qissalari keng o‘rin tutganligi sababli Rabg‘uziy o‘zining mazkur asarini yozishda xorazmlik roviylar epik repertuariga xos shu tipga mansub asarlardan ijodiy foydalanganligi asoslab berilgan;

«Qisasi Rabg‘uziy»ning ko‘plab nusxalarda ko‘chirilgan hamda nashr etilgan  namunalari umumiy nom va kompozisiyaga ega bo‘lsa-da, asarda voqealar badiiy ifoda usuli va mavzu yo‘nalishiga ko‘ra bir-biridan farqlanishi aniqlangan;

o‘zbek xalq og‘zaki ijodining an’anaviy obrazlari va epik motivlari diniy asarlardagi voqealar tizimini o‘zaro bog‘lashdan iborat badiiy-estetik vazifani bajarganligi asardagi kampir obrazi va tush motivining poetik talqinlari misolida dalillangan;

«Qisasi Rabg‘uziy» asari misolida o‘zbek miflarining kelib chiqishi, mavzu doirasi, fol`klor va yozma adabiyot rivojidagi o‘rni hamda dunyo xalqlari asotirlari bilan tarixiy-genetik mushtarakligi ochib berilgan;

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Rabg‘uziy va fol`klor munosabati masalasini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

Rabg‘uziy qissalarining yoshlar ma’naviyatini shakllantirish va rivojlantirishdagi o‘rni masalasiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan ITD-A-1-118 raqamli «Navoiy obrazining tasvir va talqinlariga oid o‘quv qo‘llanmasini tayyorlash va nashr etish» mavzusidagi (2015–2017) amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 17 iyuldagi 89-03-2670-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Rabg‘uziyning axloqiy qarashlari aks etgan hikoyalardan o‘quv qo‘llanmalarda keng foydalanilib, o‘zbek mumtoz adabiyotidagi didaktik g‘oyalarni talabalar ongiga chuqur singdirishga erishilgan;

Rabg‘uziyning fol`klor an’analari va jonli so‘zlashuv tilining ichki imkoniyatlaridan foydalanish mahoratiga oid tahliliy umumlashmalar A-1-98 raqamli «Yoshlar ma’naviyatini shakllantirishda Alisher Navoiy pedagogik qarashlarining o‘rni va ahamiyatini tadqiq etish» mavzusidagi (2015–2017) amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 17 iyuldagi 89-03-2670-son ma’lumotnomasi). Natijada Rabg‘uziyning lirik she’riyati va hikoyatlaridagi so‘z qo‘llash mahoratiga doir ilmiy-nazariy qarashlar asosida yoshlar o‘rtasida nutq madaniyati va so‘zlashuv odobiga doir bilimlarni keng ommalashtirish metodikasi ishlab chiqilgan;

«Qisasi Rabg‘uziy»ning turkiy xalqlar orasida «Qisas ul-anbiyo» nomi bilan tarqalgan o‘n uchta qo‘lyozma va toshbosma nusxalarini qiyoslash asosida uning badiiy jihatdan eng mukammal namunasini aniqlash bilan bog‘liq tadqiqot materiallaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat adabiyot muzeyida bajarilgan F1-FA-055746 raqamli «Markaziy Osiyo xalqlari qo‘lyozma yodgorliklarini tadqiq etish. O‘zbekiston shoir va mualliflar arxivini ilmiy tavsifi va nashr qilish» mavzusidagi (2012–2016) fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 8 oktyabrdagi 3/1255-2673-sonli ma’lumotnomasi). Natijada asar nusxalari o‘rtasidagi tafovutlarning ilmiy tavsifiga doir xulosalar asosida «Qisasi Rabg‘uziy»ning badiiy jihatdan mukammal nusxasi aniqlangan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish