Matchanov Alimjan Atabaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Jinoyat sodir etgan shaxslar qidiruvini takomillashtirishning jinoyat-protsessual va kriminalistik jihatlari», 12.00.09–Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Yu42.
Ilmiy maslahatchi: Muxamedov O‘tkirbek Xazratkulovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.25.01.
Rasmiy opponentlar: Pulatov Baxtiyor Xalilovich, yuridik fanlar doktori, professor; Pulatov Yuriy Sayfievich, yuridik fanlar doktori, professor; Saitbaev Timur Renatovich, yuridik fanlar doktori, dotsent
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: jinoyat sodir etgan shaxslar qidiruvini takomillashtirishning jinoyat-protsessual tartibi va kriminalistik ta’minoti samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy asoslantirilgan takliflar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sud va tergovdan yashiringan jinoyatchilar qidiruvining jinoyat-protsessual tartibi, kriminalistik ta’minlanishi hamda qidiruv faoliyati ustidan prokuror nazoratining mexanizmini jinoyat-protsessual qonunchiligida alohida institut sifatida kompleks tarzda huquqiy mustahkamlash zarurati asoslantirilgan;
jinoyat sodir etgan shaxslar qidiruvi – huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyat sodir etib, suddan va dastlabki tergovdan qasddan yashirinib yurgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida ularning qaerdaligini aniqlash va ushlash orqali tergov yoki sud jarayonida ishtirokini ta’minlashdan iborat texnologik jarayon ekanligi asoslantirilgan hamda uning mahalliy, davlat darajasidagi, davlatlararo va xalqaro turlari tasniflangan;
qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchilarning konstitutsiyaviy huquqlarini muhofazasiga qaratilgan yangi huquqiy kafolatlar – sirtdan ayb e’lon qilish, ehtiyot chorasini qo‘llashda himoyachi yoki qonuniy vakilning ishtiroki shartligini belgilash qidiruvdagi shaxslarning huquqlari umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos ravishda ta’minlanishiga hissa qo‘shishi asoslantirilgan;
qonun hujjatlari bilan yashiringan jinoyatchilarning qidiruvini ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilash, ularning bu boradagi huquq va majburiyatlarini, ushbu jarayondagi hamkorligini, qidiruvdagilarni ushlab turish masalalarini huquqiy tartibga solish ichki ishlar organlarining jinoyat sodir etgan shaxslar qidiruvini samarali tashkil etishga xizmat qiluvchi omillar ekanligi asoslab berilgan;
jinoyatchilikka qarshi kurash faoliyatiga ko‘maklashuvchi xalqaro tashkilotlar (INTERPOL, EVROPOL, ShHT va boshq.) hamda alohida davlatlar o‘rtasida qidiruv sohasidagi hamkorlikning mexanizmlarini o‘zaro kelishib olish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali ilg‘or ish usullari va tajribalarini almashib borish, o‘zaro moliyaviy, metodik va texnik yordam ko‘rsatish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish xalqaro qidiruvdagi jinoyatchilarni topish va ushlab berish bo‘yicha davlatlararo hamkorlikni takomillashtirishga xizmat qilishi asoslab berilgan;
tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning, bevosita qidiruv faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ichki ishlar organlari xodimlarida jinoyat sodir etgan shaxslarning qidiruvini alohida texnologik jarayon sifatida tashkil etishga oid kasbiy bilim, amaliy ko‘nikma va malakalarini oshirish uchun ularni alohida maxsus dasturga muvofiq o‘qitish zarurligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jinoyat sodir etgan shaxslar qidiruvini jinoyat-protsessual va kriminalistik takomillashtirishning jihatlari bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
qidiruvga e’lon qilingan, sud va tergovdan yashiringan jinoyatchilarni qidiruvining jinoyat-protsessual tartibi, kriminalistik taktikasi, prokuror nazorati mexanizmini takomillashtirishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksning 36-moddasi (Tergovchining vakolatlari), 381-moddasi (Surishtiruvchining vakolatlari), 392-moddasi (Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ boshlig‘i va uning mansabdor shaxsining vakolatlari), 3811-moddasi (Surishtiruvni to‘xtatish), 382-moddasi (Prokuror vakolatlari)ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2018 yil 27 iyuldagi 06/2-06-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash asosida, odil sudlovdan qochib yurgan jinoyatchilarni qidiruvini kompleks protsessual tashkil etishga xizmat qilgan;
«jinoyat sodir etgan shaxslar qidiruvi» tushunchasiga ta’rif berish va uning turlarini tasniflashga doir ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga (Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini qidiruvi)ni yangi 451-bob kiritishda foydalanmoqda (O‘zbekiston Respublikasi IIV Tergov departamentining 2018 yil 29 dekabrdagi 18/7404-son ma’lumotnomasi). Ushbu xulosalar jinoyat sodir etgan shaxslar qidiruvi va uning turlarining ilmiy-nazariy hamda huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qilgan;
qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchilar huquqlarini ta’minlash maqsadida ularning huquqlarini himoya qilishga oid takliflar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi faoliyatida foydalanilgan (Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazining 2018 yil 1 avgustdagi 05/815-son ma’lumotnomasi). Bular dastlabki tergovda qidiruvga e’lon qilingan jinoyatchilarning huquqlarini umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos ravishda ta’minlanishiga hissa qo‘shgan;
ichki ishlar organlarining yashiringan jinoyatchilarni qidiruv faoliyati mexanizmini takomillashtirishga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi 2016 yil 16 sentyabrdagi O‘RQ-407-son qonunining 4-moddasi (Ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari), 11-moddasi (Ichki ishlar organlarining boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorligi), 16-moddasi (Ichki ishlar organlarining majburiyatlari), 17-moddasi (Ichki ishlar organlarining huquqlari), 18-moddasi (Ichki ishlar organlari tomonidan shaxslarni ushlab turish asoslari va tartibi) va 19-moddasi (Hududdagi uchastkalarni, turar joylarni, inshootlarni va boshqa ob’ektlarni o‘rab olish (to‘sib qo‘yish)) ni takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2018 yil 21 noyabrdagi 06/2-08-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi ichki ishlar organlari tomonidan yashiringan jinoyatchilarni qidiruv texnologik jarayonini rivojlantirishga hissa qo‘shgan;
xalqaro qidiruvda bo‘lgan jinoyatchilarni aniqlash va ushlash bo‘yicha davlatlararo hamkorlikni takomillashtirishga oid takliflardan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonalari faoliyatida foydalanilgan (BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining 2018 yil 23 oktyabrdagi 172/12-son va Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 2018 yil 20 noyabrdagi 720/18-son ma’lumotlari). Ushbu takliflar yashiringan jinoyatchilarni qidirishning xalqaro tartib-taomillarini maqbullashtirish, halqaro xamkorlikni samarali tashkil etishga xizmat qilgan.