Xolikulov Umid Shodievichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish sharoitida O‘zbekiston Respublikasi jinoyat qonunchiligini takomillashtirishning nazariy asoslari», 12.00.08–Jinoyat huquqi. Huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.DSc/Yu84.

Ilmiy maslahatchi: Taxirov Farxod, yuridik fanlar doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.25.01.

Rasmiy opponentlar: Rustambaev Mirzayusup Xakimovich, yuridik fanlar doktori, professor; Otajnov Abrorjon Anvarovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Mirzaev Aziz Alisherovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlarning malakasini oshirish markazi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksini takomillashtirishga oid nazariy jihatdan asoslantirilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iboratdir.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismi moddasining dispozisiyasini shakllantirishda tizimli yondashish, xususan jinoyat tarkibi belgilarini mazmun-mohiyati, ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasiga ko‘ra moddaning turli qismlari yoki turli moddalarda mantiqiy izchillikda bayon etish lozimligi asoslantirilgan;

terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida etkazilgan zararni qoplashda zarar etkazgan shaxsga nisbatan regress huquqini jinoyat va fuqarolik huquqi o‘rtasidagi tizimli aloqadorlikda ta’minlash zarurati ochib berilgan;

jinoyat qonunchiligi normalarini xalqaro huquq normalari bilan unifikatsiya qilish – jinoyat huquqi normalarini, shuningdek uning manbasi hisoblangan huquqning boshqa tarmoqlari normalarini xalqaro huquq normalari bilan qiyoslash orqali ularga muvofiqlashtirish va moslashtirishdan iborat jarayon ekanligi asoslab berilgan;

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida qo‘llanadigan atama va tushunchalarni ularning tegishli sohalardagi normativ-huquqiy hujjat­larda berilgan ta’riflari mazmuniga mos ravishda takomillashtirib borish jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda ularni turlicha sharhlash hamda uning natijasida kelib chiqadigan muammolarning oldini olishga xizmat qilishi asoslab berilgan;

jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarni axloqan tuzatish, shuningdek, sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan jazo turlari va boshqa huquqiy ta’sir choralarini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga kiritishda, eng avvalo, shaxsning tabiiy ehtiyojlari va turmush darajasini inobatga olish zarurati asoslantirilgan;

aybli ijtimoiy xavfli qilmishlarni ularning xususiyati va darajasidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida ikki toifaga – kam ahamiyatli qilmish va jinoyatga ajratish lozimligi asoslangan;

tajovuzga uchragan qadriyat, ne’mat yoki manfaatni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida jinoiy qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyatini belgilovchi muqobil ko‘rsatkichlar sifatida aniq belgilash zarurati hamda jinoyatlarni tasniflashda ularning ahamiyati asoslab berilgan.

IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish sharoitida O‘zbekiston Respublikasi jinoyat qonunchiligini takomillashtirishning nazariy asoslari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismi moddasining dispozisiyasini shakllantirishda jinoyat tarkibi belgilarini mazmun-mohiyati, ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasiga ko‘ra moddaning turli qismlari yoki turli moddalarda mantiqiy izchillikda bayon etishga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 1553-moddasi (Terrorizmni moliyalashtirish)ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2016 yil 24 apreldagi 06/1-05-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi O‘zbekiston RespublikasiJinoyat kodeksi Maxsus qismi moddasining dispozisiyasini shakllantirishga tizimli yondashish imkonini bergan;

zarar etkazgan shaxsga nisbatan regress huquqini jinoyat va fuqarolik huquqi o‘rtasidagi tizimli aloqadorlik asosida ta’minlashga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1001-moddasi (Zarar etkazgan shaxsga nisbatan regress huquqi)ni takomillashtirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2015 yil 9 fevraldagi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari Qo‘mitasining 2015 yil 9 fevraldagi 06/2-06/96vx-son ma’lumotnomalari). Ushbu takliflarning joriy qilinishi jinoyat qonunining huquqning boshqa tarmoqlari bilan aloqadoriligini ta’minlashga, shu jumladan zarar etkazgan shaxsga nisbatan regress huquqini mustahkamlashga xizmat qilgan;

jinoyat qonunchiligini xalqaro huquq normalari bilan unifikatsiya qilishga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 maydagi PQ-3723-son «Jinoyat va Jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risi­da»gi qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish Konsep­siyasi»ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2018 yil 15 dekabrdagi 3/32-1853/8-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif jinoyat qonunchiligi normalarini xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirish orqali ularni takomillashtirishga xizmat qilgan;

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida qo‘llanadigan atama va tushunchalarni ularning tegishli sohalardagi normativ-huquqiy hujjatlar­da berilgan ta’riflari mazmuniga mos ravishda takomillashtirib borishga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasining «Ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunining 3-moddasi (Asosiy tushunchalar)ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2018 yil 20 noyabrdagi 06/2-06/896-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif­larning joriy qilinishi ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi atama va tushunchalarning jinoyat qonunchiligida bir xilda qo‘llanilishiga, shuningdek Jinoyat kodeksi normalarining o‘zaro va huquqning boshqa tarmoqlari normativ-huquqiy hujjatlari o‘rtasidagi nomuvofiqliklarni bartaraf qilishga xizmat qilgan;

jazo turlari va boshqa huquqiy ta’sir choralarini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga joriy etishda shaxsning tabiiy ehtiyojlari va turmush darajasini inobatga olishga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 45-moddasi (Muayyan huquqdan mahrum qilish)ni takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 11 noyabrdagi 06/2-06/895-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy qilinishi shaxsga jazo tayinlashda unga tabiiy ehtiyojlari va turmush darajasini inobatga olgan holda muqobil jazolarni qo‘llashga xizmat qiladi;

aybli ijtimoiy xavfli qilmishlarni ularning xususiyati va darajasidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida kam ahamiyatli qilmish yoki jinoyat sifatida belgilashga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 maydagi PQ-3723-son «Jinoyat va Jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish Konsepsiyasi»ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2018 yil 15 dekabrdagi 3/32-1853/8-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksidagi ayrim jinoyatlarni dekriminalizatsiya qilinishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish