Allaeva Nigora Ashirovnaning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar:

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “XVI–XIX asrning 70-yillarida Xiva xonligi tashqi aloqalari tarixi”, 07.00.0–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.Dsc/Tar3.

Ilmiy maslahatchi: G‘ulomov Xondamirmirza G‘afurovich, tarix fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti. DSc.06.01.2018.Tar.56.01.

Rasmiy opponentlar: Yusupova Dilorom Yunusovna, tarix fanlari doktori, professor, akademik; Abuseitova Meruert Xuatovna, tarix fanlari doktori, professor; Mavlanov Uktam Maxmasabirovich, tarix fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.    

II. Tadqiqotning maqsadi: XVI–XIX asrning 70-yillarida Xiva xonligi tashqi aloqalarining Markaziy Osiyo hamda O‘zbekiston davlatchiligi tarixida tutgan o‘rnini ochib berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 

Xiva xonligi tashqi aloqalarini “global tarix” kontekstida yoritish orqali fanda mavjud bo‘lib kelgan Xiva xonligiga “tashqi dunyodan uzilib qolgan, izolyasiya holatidagi qoloq davlat” sifatida qarashni inkor etuvchi xulosalar chiqarilgan;

xonlikning tashkil topish jarayoni, bevosita, Xorazmning Dashti Qipchoq bilan an’anaviy aloqalariga bog‘liq holda kechganligi, unda davlat boshqaruvi va hokimiyat legitimatsiyasining “chingiziylar omili” asosiy ta’sir etuvchi hamda mahalliy xalq vakillari bosh harakatlantiruvchi kuch bo‘lganligi asoslab berilgan;

Xiva, Buxoro va Qo‘qon xonliklari o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning o‘ziga xos jihatlari, ya’ni qo‘shni hududda, boshqa davlatlardagi kabi doimiy elchixonalari mavjud bo‘lmagani holda va ziddiyatli vaziyatlarda ham deyarli muntazam ravishda elchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yilganligi yoritib berilgan;

Xiva xonligi va Eron o‘rtasidagi munosabatlarning mazmun-mohiyati, xususan, shiya-sunniy ziddiyati faqatgina diniy qarama-qarshilik emas, ko‘proq, tomonlarning iqtisodiy manfaatlari va ularni himoya qilish uchun olib borilgan siyosat bilan bog‘liqligi asoslab berilgan;

XIX asrda Xiva xonligi tashqi aloqalarining xarakteriga, ayniqsa Xiva-Qozoq munosabatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan “Rossiya omili”ning kuchayishiga umumiy siyosiy va iqtisodiy manfaatlarning Qozoq dashtidagi to‘qnashuvi sabab bo‘lganligi dalillangan;

diplomatik korrespondensiya – “insho” yoki “maktubot”ning Xiva xonligidagi “inoyatnoma”, “istimolatnoma”, “ma’ziratnoma”, “muvolifat-noma”, “murosila”, “muhabbatnoma”, “sulhnoma”, “tahniyatnoma”, “fathnoma” singari turlari hamda ularning diplomatik muzokaralar tub mohiyatini ochib berishdagi roli aniqlangan;

xorijiy elchilarni qabul qilish marosimi va “diplomatik etiket” qoidalari orqali Xiva xonligi tashqi aloqalarining asosiy mexanizmi, xususan, “elchilik xizmati”ning faoliyati va xalqaro muzokaralarni olib borish tartiblari ko‘rsatib berilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

XVI-XIX asrning 70-yillarida Xiva xonligining tashqi aloqalari tarixini o‘rganish natijasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:

Xiva xonligining Eron, Hindiston va Rossiya davlatlari bilan olib borgan savdo-diplomatik aloqalariga doir ma’lumotlar O‘zR FA mintaqaviy bo‘limi – Xorazm Ma’mun akademiyasida bajarilgan FA-F8-047 raqamli “Xorazm davlatchiligi tarixi (eng qadimgi davrlardan 1924 yilgacha)” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 4 dekabrdagi 3/1255-3176-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining joriy etilishi Xiva xonligining XVI-XIX asrlar tarixini yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirishga, xonlik tashqi aloqalarining xarakterini, uning mintaqadagi geostrategik ahamiyatini ochib berishga xizmat qilgan;

diplomatik muzokaralar tub mohiyatini ochib berishdagi diplomatik korrespondensiya – “insho” yoki “maktubot”ning Xiva xonligidagi “inoyatnoma”, “istimolatnoma”, “ma’ziratnoma” kabi turlarini aniqlashdagi ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zR FA Tarix institutida bajarilgan FA-F1-G023 raqamli “O‘zbekistonda ta’lim tarixi va tarixshunosligi: tajriba, muammolar, rivojlanish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 4 dekabrdagi 3/1255-3176-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari Xiva xoniligi dargohida ish yuritish va tarixnavislik masalarini yoritib berishga xizmat qilagn;

XVII-XIX asrlarda Xiva xonligida yuzaga kelgan ijtimoiy va madaniy-ma’naviy muhit, Xorazm tarixnavislik maktabining shakllanishi borasida bildirilgan ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zR FA Tarix institutida bajarilgan FA-F1-G023 raqamli “O‘zbekistonda ta’lim tarixi va tarixshunosligi: tajriba, muammolar, rivojlanish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 4 dekabrdagi 3/1255-3176-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari Xorazmda tarixnavislik maktabining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan Abulg‘ozi Bahodirxon, Munis, Ogahiy va Bayoniylar tomonidan yaratilgan tarixiy asarlarning Xiva xonligi tashqi aloqalarini o‘rganishdagi ahamiyatini ochib berishga asos bo‘lgan;  

Xiva xonligi va Qozoq juzlari o‘zaro aloqalariga doir ma’lumotlar Qozog‘iston Respublikasi Sulaymon Demirel nomidagi universitetda bajarilgan “XVI-XX asr boshlari Xiva yozma yodgorliklarida qozoqlar va Qozog‘iston tarixi” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Sulaymon Demirel nomidagi universitetning 2018 yil 22 noyabrdagi 05-2-2-14/1168-son xati). Tadqiqotning ilmiy-nazariy xulosalari Xorazm “Solnomalari” va ularning Qozog‘iston tarixini o‘rganishdagi o‘rnini, Xiva-Qozoq munosabatarining asosiy omillarini ochib berishga asos bo‘lgan, shu bilan birga, bugungi kunda O‘zbekiston va Qozog‘iston respublikalari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilgan.

Xiva Ichan qal’a qo‘riqxona-muzeyi arxivida saqlanayotgan va tadqiqot jarayonida ilk bor ilmiy muomalaga tortilgan Eron shohi tomonidan Xiva xoni Olloqulixonga yuborilgan maktubning asl nusxasi (XIX asr), shuningdek, Xivaning Buxoro va Qo‘qon xonliklari, Qozoq juzlari hamda Eron davlati bilan o‘zaro diplomatik aloqalariga doir ma’lumotlar Ichan qal’a qo‘riqxona-muzeyining ilmiy-tadqiqot va madaniy-ma’rifiy ishlarida, jumladan, tegishli ekspozisiyalarni yangilashda, arxiv hujjatlari ro‘yxatlarini to‘ldirishda foydalanilgan (Madaniyat vazirligining 3 dekabrdagi 01-11-08-8312-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan materiallar Xorazmning so‘nggi o‘rta asrlardagi tarixini yangi materiallar asosida keng jamoatchilikka targ‘ib qilishga asos bo‘lgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish