Karamyan Marietta Xachaturovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Shaxsning salomatlikka qadriyat sifatidagi munosabatining ijtimoiy-psixologik determinatsiyasi», 19.00.05–Ijtimoiy psixologiya. Etnopsixologiya (psixologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Psi8.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Psi.01.07.
Rasmiy opponentlar: Kadirov Batir Raxmankulovich, psixologiya fanlari doktori, professor; Muminova Lola Raximovna, pedagogika fanlari doktori, professor; Muminov Alisher Gaffarovich, siyosat fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: shaxsning salomatlikka qadriyat sifatida munosabatining ijtimoiy-psixologik determinatsiyalarini nazariy-metodologik va empirik asoslash hamda uni shakllantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
shaxsning ijtimoiy-psixologik moslashuv xususiyatlari, uning motivatsion-boshqaruv, gender, kommunikativ va hayot mazmuni xususiyatlari salomatlikka va sog‘lom turmush tarziga qadriyatli munosabatining ijtimoiy-psixologik determinantlari sifatida aniqlangan;
shaxsning salomatlikka munosabatining kognitiv, emotsional, xulq-atvor komponentlari namoyon bo‘lish darajasi sog‘liq qadriyati orqali shartlangan ijtimoiy-psixologik fenomen sifatida empirik jihatdan asoslangan;
salomatlikni saqlashga yo‘naltirilgan xatti-harakatlar va ularni namoyon bo‘lish darajasi «Sog‘lom xulq-atvor» mualliflik so‘rovnomasi yordamida differensial aniqlangan;
o‘smir, o‘spirin, etuklik yoshidagilarning ijtimoiy-psixologik xususiyatlariga muvofiq sog‘lom turmush tarziga o‘rgatuvchi ta’limiy-psixologik trening dasturlari tuzishni ta’minlovchi shaxsning salomatlikka qadriyat sifatidagi munosabatining ijtimoiy-psixologik determinatsiyasi modeli yaratilgan;
shaxsning salomatlikka qadriyat sifatidagi munosabati fenomenini tizimli tushunish va uning o‘rganish haqidagi tasavvurlarini shakllantiruvchi usullar asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Shaxsning salomatlikka qadriyat sifatida munosabati ijtimoiy-psixologik determinatsiyasini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tadqiqot natijasida aniqlangan salomatlikka qadriyat sifatida munosabat va sog‘lom turmush tarzining ijtimoiy-psixologik determinantlari haqidagi ma’lumotlardan Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazida muhtoj guruhdagi bolalar va ularning ota-onalariga psixosotsial yordam ko‘rsatish amaliyotida foydalanilgan (Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazining 2018 yil 20 iyundagi 01/301-son ma’lumotnomasi). Natijada shaxsni rivojlantirish va salomatlikka qadriyat sifatida munosabatini shakllantirish bo‘yicha ijtimoiy-psixologik treninglar va psixosotsial dasturlar yaratishga xizmat qilgan;
shaxsning salomatlikka qadriyat sifatida munosabatining ijtimoiy-psixologik fenomen ekanligini empirik asoslash natijalari «Ijtimoiy fikr» markazi faoliyatida ijtimoiy fikrni o‘rganish jarayonida qo‘llanilgan («Ijtimoiy fikr» markazining 2018 yil 12 iyuldagi 01-16/249-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston aholisining, jumladan bolalar va yoshlarning, salomatlikka qadriyat sifatida munosabatining ijtimoiy va ijtimoiy-psixologik jabhalarini tushunish bilan bog‘liq sotsiologik tadqiqot ma’lumotlarini tizimli tahlil qilish imkonini bergan;
ishlab chiqilgan «Sog‘lom xulq-atvor» so‘rovnomasi Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazida muhtoj guruhdagi bolalar va ularning ota-onalariga psixosotsial yordam ko‘rsatish amaliyotida va mutaxassislarning tayyorlashda, birlamchi tibbiy-sanitar yordam ko‘rsatish muassasalari umumiy amaliyot shifokorlari faoliyatida foydalanilgan (Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazining 2018 yil 20 iyundagi 01/301-son; O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 18 iyuldagi 84-4/190-son ma’lumotnomalari). Natijada aholining sog‘lom xulq-atvor komponentlari xaqida xabardorligining oshishi, turmush tarzini o‘zgartirish bilan bog‘liq kasalliklarning birlamchi va ikkilamchi profilaktikasini ta’minlash imkoniyati kuchaytirilgan;
tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilgan shaxsning salomatlikka qadriyat sifatida munosabati ijtimoiy-psixologik determinatsiyasi modeli O‘zbekiston Milliy universiteti talabalarini ilmiy tadqiqotga tayyorlashda, umumiy amaliyot shifokorlarini va klinik ordinatorlarni valeologiya bo‘yicha malakasini oshirish jarayoniga qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 3 iyuldagi 89-03-2489-son; O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 18 iyuldagi 84-4/190-son ma’lumotnomalari). Natijada ilmiy tadqiqot loyihalarining maqsadli amalga oshirilishi, shifokorlarning salomatlik va sog‘lom xulq-atvorning ijtimoiy-psixologik jabhalari haqida xabardorligini oshirgan, ularning patsientlar bilan kasbiy muloqot samaradorligini ta’minlangan;
shaxsning salomatlikka qadriyat sifatidagi munosabati fenomenini tizimli tushunish va o‘rganish haqidagi tasavvurlarini shakllantiruvchi usullarga doir ilmiy natijalar oliy ta’lim tizimida psixologlar va ijtimoiy ish xodimlarini tayyorlash o‘quv jarayoniga foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 3 iyuldagi 89-03-2489-son ma’lumotnomasi). Natijada ta’lim jarayoni samaradorligi va talabalarning ilmiy tadqiqot ishlari sifatining oshishiga xizmat qilgan.