Davlatova Saodat Tilovberdievnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonning janubiy hududlari an’anaviy hunarmandchiligi tarixiy jarayonlar kontekstida (XIX asrning ikkinchi yarmi – XXI asr boshlari)”, 07.00.07–Etnografiya, etnologiya va antropologiya va 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: V.2017.2. DSc/Tar66.
Ilmiy maslahatchi: Alimova Dilorom Agzamovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.06.01.2018. Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Ulug‘bek Saydanovich, tarix fanlari doktori; Xakimov Akbar Abdullaevich, san’atshunoslik fanlari doktori, professor, akademik; Rasulov Baxtiyor Maxmudjonovich, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonning janubiy hududlari aholisi hunarmandchiligidagi transformatsion jarayonlar XIX asrning ikkinchi yarmi – XXI asr boshlari tarixiy davr kesimida tarixiy-etnografik materiallar asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari aholisi hunarmandchiligining jamiyat taraqqiyoti hamda mehnat taqsimoti jarayonida shakllangan uy hunarmandchiligi, buyurtma va bozor uchun mahsulot tayyorlash jihatlari hamda hunar turlarining bezaklar berish va yaratilish uslublari tarixiy-etnologik aspektda ochib berilgan;
O‘zbekistonning janubiy hududlarida hunarmandchilik turlari (qayiqsozlik, to‘qimachilik, kashtachilik, gilamchilik, kulolchilik, kandakorlik, metallga ishlov berish)ning rivojlanishi tabiiy-geografik muhit, xo‘jalik yuritish uslubi, vujudga kelishi, tashkiliy jihati va ijtimoiy tarkibiga ko‘ratavsiflangan, ularning lokal xususiyatlari rangi, ko‘rinishi, holati va alohida turlariga xosfarqlanishi dala etnografik ma’lumotlar asosida aniqlangan;
XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Buxoro amirligi bekliklarida hunarmandchilik aholining kundalik ehtiyojlari (iste’mol, talab, bozor)ni qondiruvchi asosiy ishlab chiqarish vazifasini bajarishda davom etganligi va hududlarga Rossiyadan sanoat mahsulotlarining kirib kelishi hamda an’anaviy hunar turlarining inqirozga uchrashi, yangi turlar (yo‘rmado‘zlik, oynasozlik, sun’iy bo‘yoqlar ishlab chiqish, rassomlik, rom va mebel` yasash va b.)ning paydo bo‘lishi, yangi ko‘rinish (moda)ning kirib kelishi kabi o‘zgarishlar tarixiylik aspektda dalillangan;
sovet davrida sanoatlashuvning yuzaga kelishi (industrializatsiya), hududlarda gilamchilik, do‘ppido‘zlik, mato ishlab chiqarish va kulolchilik buyumlarining mashina-stanoklarda tayyorlanishining an’anaviylikka ta’siri, xonaki ishlab chiqarishning sanoat bilan almashinuvi, artellar tashkil etish jarayoni, vohalarga xos hunar turlarining etnografik tavsifi strukturaviy, geografik determinizm nazariy uslublari asosida qiyosiy ko‘rsatib berilgan;
mustaqillik yillarida qadimgi hunar turlarini qayta tiklash, zamonaviy an’anaviy ko‘rinishlarini yaratishga oid davlat siyosati, bozor munosabatlariga o‘tishda hunarmandchilikda talab, iste’mol, buyurtma uchun ishlab chiqarish kasanachilik, kichik biznes va tadbirkorlik, bozor turizmi holatida yuzaga kelishi, mulkiy tenglik, hunarmandchilik modernizatsiyasida urbanizatsiyalashuvning kuchayishi, hunarmandlar uchun turar‑joy va ustaxona-do‘konlarning yaratib berilishi, qo‘lda mahsulot tayyorlash, texnika taraqqiyoti xususiyatlari ochib berilgan;
hunarmandchilik buyumlari element, bezak va naqshlarida ifodalangan ramzlarning semantik-semiotik tahlili, hunarmandchilikda usta va shogird an’analari, Qashqadaryo vohasiga xos arvohi-pir, sannonpazlik, paxta silar kabi urf-odat va marosimlar hamda hunarmandchilik an’analari aks etgan risolalar (Mirishkor tumani Sartaroshlar Nizomi, G‘uzor tumani «Kori zargaroni») mavjudligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonning janubiy hududlari aholisi an’anaviy hunarmandchiligini tarixiy jarayonlar kontekstida yoritish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
o‘zbek milliy hunarmandchiligi buyumlarining xorijiy ko‘rgazmalarda namoyishi, unutilib borayotgan hunar turlarining hududlarga oid sohalarini tiklash uchun Respublika «Hunarmand» uyushmasi tomonidan uyushtiralayotgan «Navqiron O‘zbekiston», «Yangi avlod», «Tashabbus» respublika ko‘rik-tanlov va tadbirlarini tashkillashtirishda tadqiqot natijalaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi «Hunarmand» uyushmasining 2018 yil 12 iyundagi ShR15/692-586-son ma’lumotnomasi). Bu o‘zbek xalqining tarixiy merosi, shuningdek hunarmandchilik bilan bog‘liq an’ana va urf‑odatlariini o‘rganishda muhim o‘rin tutgan;
unutilgan hunar maktab-markazlarini aniqlash, hunarmandchilik ishlab chiqarishida usta‑shogird an’analarini tatbiq etish va yoshlarga hunar o‘rgatishni tashkil etish hamda uyushma qoshida butun respublika hunarmandlari uchun «Usta-shogird» nizomini ishlab chiqishda tadqiqot natijalaridan foylalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi «Hunarmand» uyushmasining 2018 yil 12 iyundagi ShR15/692-son ma’lumotnomasi). Natijada yo‘qolib borayotgan hunar turlarini kelajak avlodlarga o‘rgatish va amaliy san’at asari sifatida ilmiy hamda amaliy ahamiyatini oshirishda katta ahamiyat kasb etgan;
hunar turlari, buyumlarining Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi va sovet davridagi ko‘rinishlari bo‘yicha O‘zR MDA hujjatlari, davriy matbuot materiallari asosida olingan ilmiy xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 9 oktyabrdagi «Zamonaviy talablarga javob beruvchi va mustaqillik g‘oyalari asoslariga mos keluvchi O‘zbekiston tarixi muzeyini rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori»ga ko‘ra «1914–1915 yillarda O‘rta Osiyo xonliklari davri» va «Hunarmandchilik» ekspozisiya bo‘limlarini qayta shakllantirishda foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2018 yil 12 apreldagi 3/1255-920-son ma’lumotnomasi). Natijada milliy hunarmandchilik tarixi va an’analarini dunyo jamoatchiligiga tanitish, targ‘ib qilish hamda hunarmandchilikni erkin rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishda samarali xizmat qilgan;
bugungi kungacha saqlanib qolgan amaliy san’at va milliy hunarmandchilik maktablari an’analarini asrash, xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga oid xulosalardan O‘zbekiston amaliy san’ati va xalq hunarmandchiligi muzeyining “O‘zbekistonning janubiy hududlari amaliy san’at namunalari” nomli ekspozisiyasini tashkil etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 10 apreldagi 01-11-08-2386-son ma’lumotnomasi). Bu natijalar Qashqadaryo va Surxondaryo hunarmandchiligi tarixi va hunarmandchilik buyumlarining muzey ekspozisiyalarida yoritishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.