Djumaeva Gulnoza Primovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘rta tolali g‘o‘za navlari seleksiyasida murakkab duragaylashning samaradorligi», 06.01.05– Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/Qx277.

Ilmiy rahbar: Xolmurodova Go‘zal Ro‘zievna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc. 27.06.2017.Qx.13.01.

Rasmiy opponentlar: Ergashev Ibragim Tashkentovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Rizaeva Safiya Mamedovna, biologiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: qo‘sh va bekkross chatishtirish usullari orqali yaratilgan yuqori avlod duragaylarida xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning shakllanishini taqqoslab o‘rganish asosida qo‘llanilgan usullarning samaradorligini baholash hamda seleksiya jarayoni uchun boshlang‘ich ashyolar yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor o‘rta tolali g‘o‘za navlari seleksiyasida turli genotipga ega g‘o‘za navlari ishtirokida yangi oilalar yaratilgan;

oilalarda  qimmatli xo‘jalik belgilarning yaxshilanishi ota-ona genotipiga hamda  qo‘llanilgan usullarga bog‘liq ravishda shakllanish qonuniyatiga asoslangan;

qo‘sh duragaylash usulida yaratilgan oilalarga nisbatan bekkross duragaylash orqali yaratilgan oilalarning tezpisharligi, viltga bardoshliligi, tolasining sifat ko‘rsatkichlari nisbatan yuqori bo‘lganligi aniqlangan;

bir dona ko‘sakdagi paxta vazni va tola chiqimini oshirishda bekkross duragaylash usulining ustunligi, 1000 dona chigit vaznini oshirishda qo‘sh duragaylash usulining afzalligi aniqlangan;

murakkab g‘o‘za oilalarining xo‘jalik belgilarida namoyon bo‘ladigan ayrim salbiy korrelyativ bog‘liqliklarni bartaraf etish yo‘li bilan yuqori majmuaga ega  ashyolar ajratib olish imkoniyati o‘rganilgan;

murakkab duragaylash asosida qimmatli xo‘jalik belgilarining tola uzunligi yuqori, hosildor va vertisellyoz viltga bardoshli yangi SP-7304 navi yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘rta tolali g‘o‘za navlar seleksiyasida murakkab duragaylashning samaradorligi bo‘yicha tadqiqot natijalar asosida:

qo‘sh duragaylash usulida yangi, yuqori hosildor, tezpishar T-240-41/07 tizmasi yaratilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 2 oktyabrdagi 02/020-269-son ma’lumotnomasi). Natijada tizmalar andoza S-6524 naviga nisbatan gektaridan 4,0-4,5 sentner yuqori hosildorlikka va 1–3 kunga tezpisharlikka erishilgan;

bekkross duragaylash usulida vertisellyoz viltga (V.dahliae Kleb.) bardoshli, bir dona ko‘sakdagi paxta vazni, 1000 dona chigit vazni  va tola chiqimi yuqori T-391-92/07 va T-480-81/07 yangi tizmalari yaratilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 2 oktyabrdagi 02/020-269-son ma’lumotnomasi). Natijada qimmatli xo‘jalik belgilari majmuiga ega bo‘lgan yangi tizmalar seleksiya jarayonlarida foydalanish uchun boshlang‘ich ashyo sifatida  xizmat qilgan;

murakkab duragaylash asosida yuqori mahsuldor, tezpishar, vertisillyoz viltga chidamli, tola chiqimi yuqori va serhosil SP-7304 navi yaratilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 2 oktyabrdagi 02/020-269-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu nav Davlat nav sinash komissiyasining Toshkent viloyati Yuqori-Chirchiq nav sinash uchastkasiga navdorlgini baholash ( grunt nazorat) uchun qabul qilingan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish