Xolova Shoxista Abduvositovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ko‘kalamzorlashtirish va fitodizaynda qo‘llaniladigan istiqbolli o‘simliklarning bioekologik xususiyatlari», 06.03.01–O‘rmon ekinlari. Seleksiya, urug‘chilik va shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish. O‘rmonlar agromelioratsiyasi va himoya o‘rmonlari barpo etish (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Qx194.

Ilmiy rahbar: Safarov Karimdjon, biologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

Rasmiy opponentlar: Karimov Farxod Isomiddinovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Jo‘raev Javlon Mirzatillaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).

Yetakchi tashkilot: O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: ko‘kalamzorlashtirishda Toshkent shahri tuproq va iqlimi sharoiti uchun yuqori moslashuvchan, istiqbolli, manzarali o‘simliklarni tanlash, bioekologik xususiyatlarini o‘rganish hamda ko‘paytirish usullarini takomillashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor ko‘kalamzorlashtirish va fitodizayn ishlarida istiqbolli ko‘p yillik gullovchi manzarali o‘tsimon o‘simliklarning 4 ta, butalarning 5 ta va daraxtlarning 4 ta turi tanlangan;

Campanula turkumi 3 ta turining gullash biologiyasi, urug‘idan va vegetativ usulda ko‘paytirishning maqbul muddatlari va sharoitlari aniqlangan;

er bag‘irlab o‘suvchi o‘simlik, buta va daraxtlarni vegetativ organlaridan ko‘paytirishning samarali yo‘llari aniqlangan;

tadqiqot ob’ektlari bo‘lgan manzarali o‘tsimon o‘simliklar, buta va daraxtlarni ko‘kalamzorlashtirishda qo‘llash maqsadida havo harorati hamda boshqa ekologik omillar ta’sirida bioekologik xususiyatlarini namoyon bo‘lishi aniqlangan;

ko‘kalamzorlashtirishda samarali qo‘llaniladigan 13 ta o‘simlik tur (8 oila)larining rivojlanish fenofazalari aniqlangan;

ko‘kalamzorlashtirish uchun fenologik kuzatuvlar asosida tadqiqot ob’ektlari buta va daraxtlarning manzaraviylik xususiyati baholangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Manzarali daraxt, buta va ko‘p yillik gullovchi o‘t o‘simliklarini o‘rganish ustida olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:

ko‘chatxonalarda manzarali o‘simliklarni samarali ko‘paytirishda «Yo‘l va yo‘laklarni ko‘kalamzorlashtirish uchun introduksiya qilingan manzarali daraxt va butalarni ko‘paytirish bo‘yicha» tavsiyanomasi tasdiqlangan va ko‘kalamzorlashtirish korxonalarining ishlab chiqarish jarayoniga joriy etilgan (Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining 2018 yil 10 avgustdagi 387-XM-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyanoma Avtomobil` yo‘llari davlat qo‘mitasiga qarashli ko‘chatxonalarda manzarali o‘simliklarni samarali ko‘paytirish va ko‘kalamzorlashtirishda foydalanish uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilgan.

kichik bargli bo‘rigul (Vinca minor L.) o‘simligini qalamchasidan ko‘paytirish texnologiyasi Toshkent viloyati Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi Sijjak bo‘limi ko‘chatzorining 0,01 gektar (36250 dona ko‘chat) er maydonida joriy etilgan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2018 yil 3 maydagi 03/18-1191-son ma’lumotnomasi). Natijada unuvchanlik 80 foizdan oshgan va 1 dona ko‘chatni o‘rtacha 1900 so‘mdan sotganda iqtisodiy samaradorlik o‘rtacha 30 mln. so‘mni tashkil etgan;

erta gullovchi veygela (Weigela praecox (Lemoine) L.H. Bailey) butasini mikroiqlim yaratuvchi maydonda ko‘chatlarini qalamchasidan ko‘paytirish texnologiyasi Toshkent Botanika bog‘ida barpo etilgan tajriba ko‘chatzorining 0,01 gektar (29453 dona ko‘chat) er maydonida joriy etilgan (Avtomobil` yo‘llari davlat qo‘mitasining 2018 yil 10 avgustdagi 387-XM-son ma’lumotnomasi). Natijada unuvchanlik 65 foizdan oshgan va 1 dona ko‘chatni o‘rtacha 3400 so‘mdan sotganda iqtisodiy samaradorlik o‘rtacha 34 mln. so‘mga teng bo‘lganligi aniqlangan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish