Dilmurodov Sherzod Dilmurodovichning

dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Lalmikor maydonlar uchun tabiatning noqulay abiotik omillariga chidamli, hosildor, don sifati yuqori qattiq bug‘doy navlarini yaratish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Qx17.

Ilmiy rahbar: Amanov Amir Amanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Qashqadaryo filiali.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: qattiq bug‘doyning «Langar» navi (№NAR 00185, 18.01.2018 y.). 

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2018 yil 21 dekabrdagi 02-11/3287-son xulosasi.

II. Tadqiqotning maqsadi: jahon kolleksiyasi namunalaridan foydalangan holda lalmikor maydonlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos qattiq bug‘doyning issiqlikka, qurg‘oqchilikka bardoshli, hosildor, don sifati yuqori bo‘lgan yangi qattiq bug‘doy navini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

lalmikor maydonlar uchun qattiq bug‘doyning xalqaro IKARDA, SIMMIT tashkilotlaridan keltirilgan jahon kolleksiya namunalarining fenologik, biometrik va mahsuldorlik ko‘rsatkichlari aniqlangan.

issiqlik va qurg‘oqchilikka bardoshli, hosildor va don sifati yuqori bo‘lgan qattiq bug‘doyning «Langar» navi yaratilgan;

«Langar» navi barg oqsilining koagulyasiyalanish harorati yuqori bo‘lishi natijasida issiqlikka bardoshliligi aniqlangan;

«Langar» navi urug‘larining unuvchanligi, ildizlar soni, ildiz uzunligi va kleoptil uzunligi yuqori bo‘lishi isbotlangan;

«Langar» navi kuzgi qattiq bug‘doy navlari orasida issiqlikka va qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lib, hosildorligi andoza navga nisbatan yuqori bo‘lganligi aniqlangan;

«Langar» navi don sifat ko‘rsatkichlaridan oqsil va kleykovina miqdori yuqori bo‘lib, qattiq bug‘doy talablariga to‘la javob berishi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Kuzgi qattiq bug‘doyning kolleksiya namunalaridan yakka tanlash, seleksiya bosqichlari bo‘yicha qimmatli xususiyatlarini baholash orqali olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:

kuzgi qattiq bug‘doyning yangi yaratilgan «Langar» navi 2017 yil Davlat reestriga istiqbolli nav sifatida kiritilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 26 dekabrdagi 02/021-355-son ma’lumotnomasi). Natijada kuzgi qattiq bug‘doyning ushbu navidan lalmikor maydonlarda yuqori va sifatli don hosili olishga erishilgan;

kuzgi qattiq bug‘doyning yangi «Langar» navi Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi va Qamashi tumanlari fermer xo‘jaliklari lalmikor maydonlarida jami 71 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 26 dekabrdagi 02/021-355-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida kuzgi muddatda ekilganda ushbu navdan g‘allachilik fermer xo‘jaliklarida andoza navlariga nisbatan gektariga 1,8–3,8 sentner qo‘shimcha va sifatli don hosili olishga erishilgan va rentabellik darajasi 28,1–48,0 foizni tashkil etgan;

lalmikor maydonlar uchun kuzgi qattiq bug‘doyning issiqlikka va qurg‘oqchilikka chidamli, hosildorligi va don sifati yuqori bo‘lgan nav va namunalari boshlang‘ich manba sifatida tanlab olingan hamda seleksiya jarayonining keyingi bosqichlariga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 26.12.2018 y., 02/021-355-son ma’lumotnomasi). Natijada «Langar» navi doni texnologik sifat ko‘rsatkichlaridan 1000 ta don vazni 40,5 gramm, don naturasi 810 gramm/litr, oqsil miqdori 14,6 foiz, kleykovina miqdori 32,2 foiz va donning shishasimonligi 81,6 foizni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish